Daryo

Gruziyada sobiq futbolchi prezidentlikka kirishdi

Inauguratsiyaga “joylar yetishmasligi” sababli xorijiy diplomatlar taklif qilinmadi

1 daqiqa o‘qish9 818 ko‘rishlar0 izoh0

Mixail Kavelashvili 29-dekabr kuni Gruziya prezidenti lavozimiga kirishdi. Tbilisida yangi davlat rahbarining inauguratsiya marosimi bo‘lib o‘tdi.

Foto: Reuters

14-dekabr kuni Kavelashvili 300 kishidan iborat saylov hay’ati tomonidan 224 ta ovoz to‘plab, ushbu lavozimga loyiq ko‘rilgandi. Inauguratsiya Gruziya parlamentida bo‘lib o‘tdi. Marosim vaqti xavfsizlik choralari kuchaytirildi, xususan, binoga kirish cheklandi va jurnalistlar uchun dastlabki akkreditatsiya tashkil etildi. Marosimda “Gruziya orzusi” asoschisi Bidzina Ivanishvili ishtirok etdi, biroq “joylar yetishmasligi” sababli xorijiy diplomatlar taklif qilinmadi.

Gruziya sobiq prezidenti Salome Zurabishvili yangi davlat rahbarining qonuniyligini tan olmasligini aytdi. U dastlab o‘z lavozimini tark etmoqchi emasligini bildirgan. Biroq inauguratsiyasidan so‘ng prezident saroyini tark etgan. U “xalq bilan qolishini” va yangi parlament saylovlari uchun kurashishini ma’lum qilgan.

Saroyda bo‘lamanmi yoki undan tashqaridami, mening sadoqatim hech qachon o‘zgarmaydi... men sizlar bilan, xalq bilan birga qolaman, degan Salome Zurabishvili.

Gruziyaning yangi prezidenti

Mixail Kavelashvili — sobiq futbolchi, Gruziya terma jamoasi hujumchisi, Tbilisining “Dinamo”, “Manchester Siti”, “Spartak-Alaniya” klublari futbolchisi; sportdagi faoliyatini 2006-yilda yakunlagan.
2022-yilda parlament deputati sifatida u “Gruziya orzusi”dan chiqqan, parlament guruhini shakllantirgan va parlamentdagi ko‘pchilikka aylangan “Xalq kuchi” asoschilaridan bo‘lgan. Ushbu guruh G‘arbga qarshi bayonot bilan chiqqan va 2023-yilda chet el agentlari to‘g‘risidagi rezonansli qonun loyihasini ilgari surgan.

O‘sha paytda jamoatchilik noroziligi tufayli u bekor qilingan. Ammo 2024-yilda noroziliklarga qaramay, baribir qabul qilingan, bu esa Gruziyaning Yevropa Ittifoqiga qabul qilinishini to‘xtatishga olib kelgan. 2024-yilda “Xalq kuchi” siyosiy partiyaga aylangan va Kavelashvili uning siyosiy kotibi lavozimini egallagan. 

Karimova Zulfiya Abduhakim qizi. 1999-yilda Toshkent shahrida tavallud topgan. Millati — o‘zbek. 2023-yilda O'zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universitetining xalqaro jurnalistika yo'nalishi bakalavr bosqichini tamomlagan.

Telegram kanal@daryo_worldObuna bo‘lish

Siz qanday fikrdasiz?

Avval fikringizni yozing. Yuborishda hisobingizni tasdiqlaysiz.

O‘xshash yangiliklar