Daryo

“Eron mushkul jumboq ustida bosh qotirmoqda” — Tehron Vashington bilan kelishadimi? 

Suriyada Bashar Asad rejimining qulashi Eronning tashqi siyosatdagi “Shia hiloli” loyihasiga qattiq zarba bo‘ldi. Boz ustiga, AQSHdagi prezidentlik saylovida Donald Trampning g‘alaba qozonishi rasmiy Tehronni murakkab vaziyatga solib qo‘ydi. Xo‘sh, Eron bu vaziyatda qanday siyosat yuritadi? AQSH bilan sulh evaziga o‘zining mintaqadagi geosiyosiy manfaatlaridan voz kechadimi? Maqolada shu haqda so‘z boradi.

7 daqiqa o‘qish18 524 ko‘rishlar0 izoh1

Suriyada Bashar Asad rejimining qulashi Eronning tashqi siyosatdagi “Shia hiloli” loyihasiga qattiq zarba bo‘ldi. Boz ustiga, AQSHdagi prezidentlik saylovida Donald Trampning g‘alaba qozonishi rasmiy Tehronni murakkab vaziyatga solib qo‘ydi. Xo‘sh, Eron bu vaziyatda qanday siyosat yuritadi? AQSH bilan sulh evaziga o‘zining mintaqadagi geosiyosiy manfaatlaridan voz kechadimi? Maqolada shu haqda so‘z boradi.

“Status-kvo”ning o‘zgarishi

O‘tgan yili oktyabr oyida Isroilning Falastinga bosqini zanjir reaksiyaga kirishib, qo‘shni mamlakatlar — Livan va Suriya hududiga yoyildi. Isroil tomonidan “Hizbulloh” va HAMAS yetakchilarining ovlanishi hamda Livan, Suriya va Iroq hududlariga uyushtirgan tinimsiz havo zarbalari oxir-oqibat Eron tomonidan mintaqada AQSH va uning ittifoqchilariga qarshi kurashish maqsadida tashkil etilgan “qarshilik o‘qi”ni sindirdi. Shu bilan birga, Suriyada Bashar Asad hukumatining qulashi Yaqin Sharqdagi “status-kvo” (muayyan paytdagi holat — tahr.)ni mutlaqo o‘zgartirib yubordi.

8-dekabr kuni muxolif kuchlar Suriya poytaxti Damashq shahrini egallab olgach, Eron elchixonasiga hujum uyushtirdi. Avvalroq The New York Times gazetasi Eron diplomatlari va harbiy maslahatchilarini Suriyadan olib chiqayotgani haqida yozgandi. Elchixonaga bostirib kirgan isyonchilar Eron oliy rahbari Oyatulloh Ali Xomanaiyning portretini oyoq osti qilishdi.

Bundan tashqi, elchixona tashqarisiga ilib qo‘yilgan “Hizbulloh” yetakchisi marhum Hasan Nasrulloh (vafoti — 2024-yil 28-sentyabr) va Islom qo‘riqchilari korpusi generali Qosim Sulaymoniy (vafoti — 2020-yil 3-yanvar)ning surati yirtib tashlandi. Bu esa majoziy ma’noda Eronning Suriyadagi hukmronligiga nuqta qo‘yilganini anglatadi.

Damashqdagi Eron elchixonasi. Illyustratsiya 
Foto: yahoo.com

Sobiq diplomat, siyosatshunos olim Shoislom Akmalov “Daryo” bilan suhbatda Eronning Suriyada hech qanday imkoniyati qolmagani, Bashar Asad rejimining qulashi Eron bilan bog‘liq emasligini va bu yerda qo‘shni mamlakatlar o‘zaro kelishgan holda mavjud imkoniyatdan foydalanganini aytib o‘tdi.

Suriyada Eronning hech qanday imkoniyati qolgani yo‘q. To‘g‘ri, Bashar Asad Rossiya va Eron yordamidan foydalangan holda o‘z hokimiyatini ushlab turdi. Lekin Asad hokimiyatining qulashini Eronning zaifligi bilan bog‘lash biroz noto‘g‘ri. Chunki 2009-yilda Qatar o‘z gazini Suriya hududi orqali Yevropaga sotish harakati bilan chiqqan edi. Biroq bu loyihaga Bashar Asad “yo‘q” deb javob qaytargandi. Men “15 yil o‘tganidan keyin Suriya atrofidagi davlatlar o‘zaro kelishib, imkoniyatdan foydalanishdi” deb o‘ylayman.

Nega birdaniga Eronning taʼsir kuchi zaiflashdi? Tehronning zaifligi — harbiy-siyosiy tomondan shunday qaror qabul qilishiga undadi. Bu yerda Eronning ichki hayotini ham inobatga olishimiz kerak. Hozir yosh avlod Eron hukumatining ishlaridan biroz norozi. Har qanday davlat o‘zining ichki turmush-tarzidan kelib chiqib tashqi siyosat olib boradi.

Agar ichki omillar inobatga olinmasdan harakat qilinsa, mamlakat ichida bundan katta muammolar kelib chiqishi mumkin. Men o‘ylashimcha, Eron hukumati bu masalaga ham eʼtibor qaratgan, deydi u.

Eron elchixonasining talon-toroj qilinishi

Eron “qarshilik o‘qi”ni qayta tiklaydimi?

Eronning Yaqin Sharq mintaqasidagi “qarshilik o‘qi” strategiyasi (“Resistance Axis”) — bu Eronning 2000-yillardan boshlab, asosan, Yaqin Sharqdagi baʼzi davlatlar va guruhlar bilan rivojlantirgan ittifoqi va strategiyasi bo‘lib, undan asosiy maqsad — Eronning geosiyosiy taʼsirini kuchaytirish, Isroil va AQSHga qarshilik harakatini tashkil etishdir.

Eronning bu strategiyasi 1980-yillarda, Eron-Iroq urushi davri (1980–1988-yillar)da shakllana boshlagan. Ammo uni aniq bir “qarshilik o‘qi” strategiyasiga aylantirish 2000-yillarga borib taqaladi. Ayrim maʼlumotlarga ko‘ra, bu strategiyani yaratish g‘oyasi Eron Islom Respublikasidagi nufuzli generallardan biri, jangovar “al-Quds” bo‘linmasi qo‘mondoni Qosim Sulaymoniy tomonidan o‘ylab topilgan. Shu bilan birga, general Sulaymoniy “qarshilik o‘qi” strategiyasining amaliyoti va rivojlanishida muhim rol o‘ynagan.

“Qarshilik o‘qi” strategiyasi doirasida bir necha davlatlar va tashkilotlar ta’siri yuqori. Ular quyidagilar:

Eronning “qarshilik o‘qi” strategiyasi
Foto: stalose.com

Eron: Asosiy qo‘mondon va strategik markaz.

“Hizbulloh” (Livan va qisman Suriya): Bu guruh — Livandagi shia musulmonlari tomonidan tashkil etilgan, asosan, Isroilga qarshi faoliyat yurituvchi qurolli tashkilot va siyosiy partiya hisoblanadi. “Hizbulloh” Eron tomonidan qurol-yarog‘lar, moliyaviy yordam va siyosiy qo‘llov oladi. Shuningdek, asosiy ittifoqchisi sifatida Suriya hududida ham faoliyat yuritar edi.

Yaman (husiylar): Yamandagi husiylar bu — Yamanning shimolida joylashgan, asosan, shia musulmonlari tashkil etgan qurolli harakat va siyosiy kuchdir. Ushbu guruh Eronning qo‘llab-quvvatlashi ostida, Islom inqilobi tamoyillariga tayanadi, Yaman davlati ichida katta siyosiy va harbiy taʼsirga ega.

Iroq (“Hashd al-Shaabi” yoki “Xalq moviylari”): Eronning taʼsiri ostidagi baʼzi shia qurolli guruhlari, ular asosan Isroil va AQSHga qarshi kurashadi.

Eron Islom respublikasi Oliy rahbarining xalqaro masalalar bo‘yicha maslahatchisi Ali Akbar Viloyatiyning so‘zlariga ko‘ra, 2012-yildan beri Suriyadagi “Hizbulloh” va boshqa guruhlarga yillik moliyaviy yordam miqdori 8 million dollarni tashkil etgan. 2020-yilda AQSH davlat departamenti Eron “Hizbulloh”ga yiliga 700 million dollar berganini aniqlagan.

Picture background
“Hizbulloh” jangarilari
Foto: en.topwar.ru

Asad hukumati ag‘darilganidan keyin Eron oliy rahbari Ali Xomanaiy o‘z nutqida “Eron kuchli va qudratli, bundan keyin ham kuchliroq bo‘ladi”, degan. Lekin rasmiy Tehron bo‘layotgan voqeliklarga javob tariqasida shaxmat donasini surganicha yo‘q.

Vaqt o‘tishi bilan Eron parchalangan “qarshilik o‘qi”ni qayta tiklashga harakat qilishi mumkinmi, degan savolga Shoislom Akmalov javob berar ekan, bu birinchi o‘rinda Eron manfaatlariga xizmat qiluvchi kuch topilishiga bog‘liq ekanini ta’kidladi.

Isroil tomonidan zarba berilgan kuchlarni qayta tiklash uchun juda katta xarajat zarur. Bundan tashqari, ularning ichida Eronga sodiq qolganlar bormi? Chunki bu atrofdagi boshqa guruhlarga katta saboq bo‘ldi.

Eronga tobe kuchlar “kelajakda Eron yana bizni yolg‘iz tashlab qo‘ymaydimi”, degan savolni o‘z oldiga qo‘yishi aniq. Ayni damda faqat Yamandagi husiylar o‘z kuchini saqlab qola oldi.

Agar Eron manfaatlari uchun ishlashga ongli ravishda tayyor kuchlar bo‘lsagina, Eron yo‘q qilingan “qarshilik o‘qi”ni qayta tiklashi mumkin. Lekin Eron bu ishni ayni zamonda amalga oshirishi juda mushkul. Boisi bu strategiya g‘oyaviy tomondan darz ketdi, deydi sobiq diplomat.

AQSH bilan ehtimoliy kelishuv

AQSHda bo‘lib o‘tgan prezidentlik saylovida Donald Trampning g‘alaba qozonishi Eron oldidagi vaziyatni yanada chigallashtirdi. Trampning birinchi prezidentlik davri (2017-2021)da AQSH va Eron o‘rtasidagi munosabat keskinlashib, deyarli tomonlar urush holatiga kelib qolgan edi.

The Wall Street Journal yozishicha, yaqinda Donald Tramp Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyaxu bilan telefon orqali muloqot qilib, Eronning yadro sohasidagi yutuqlaridan tashvishda ekanligini bildirgan.

Tramp jamoasi allaqachon Eronni jilovlash bo‘yicha strategiya ishlab chiqqan. AQSH ushbu reja amalga oshishi uchun Eron yadro obyektlarini ishdan chiqara oladigan zamonaviy qurollarni Isroilga yetkazib berishi kerak bo‘ladi.

Picture background
Donald Tramp
Foto: bloomberg.com

Murakkab vaziyatga tushib qolgan Eron AQSH bilan kelishuv evaziga mintaqaviy kuch sifatida Yaqin Sharqdagi o‘zining geosiyosiy manfaatlaridan voz kechadimi? Shoislom Akmalovning fikricha, Trampning saylovda g‘alaba qozonishi Eron uchun kutilmagan holat, ayni damda rasmiy Tehron javobini topish o‘ta mushkul bo‘lgan jumboq ustida bosh qotirmoqda.

Donald Trampning saylovda g‘alaba qozonishi Eron uchun kutilmagan holat bo‘ldi. Chunki Trampning birinchi prezidentlik davridagi tashqi siyosatida Eron tomonga intilish bo‘lmadi. Vaholanki, bungacha 5 ta eng yirik davlat bosh qo‘shgan holda Eronning yadro dasturi bo‘yicha bitim tuzilgan edi.

Unga ko‘ra, Eron o‘zining yadro dasturini qisqartirishi evaziga, unga nisbatan qo‘llangan iqtisodiy sanksiyalar olib tashlanishi va Yevropa banklarida muzlatib qo‘yilgan Eron mablag‘lari qaytarilishi kerak edi. Lekin Donald Tramp hokimiyatga kelgach, AQSH bu kelishuvdan chiqib ketgandi.

Nazarimda, Eron yana AQSH bilan muzokaralarga qaytsa kerak. Qo‘shma Shtatlar Tehron oldiga bir qancha qatʼiy shartlarni qo‘yib, agar Eron shu shartlarga ko‘nsa va Amerika tomoni Eronga nisbatan qattiq siyosat olib bormasligini, Isroilni ham yon bosishga ko‘ndirish mumkinligini bildirsa, bir gap bo‘ladi.

Sobiq diplomat, siyosatshunos olim Shoislom Akmalov
Foto: “Daryo”

Agar Eron Yaqin Sharqdagi geosiyosiy manfaatlaridan voz kechmasa, u qiyin ahvolga tushib qoladi. Tramp Isroil Eronning yadro obyektlariga zarba berishini ochiq-oshkora qo‘llab-quvvatlamoqda. Agar shunday voqelik sodir bo‘lsa, ehtimol, Eron va Isroil o‘rtasida harbiy to‘qnashuv kelib chiqishi mumkin. Boz ustiga, Yaqin Sharqdagi Eronning “ko‘ngillilar” armiyasi yo‘q qilingan.

Shuningdek, ichki muhit ham yaxshi emas. 2022-yilda kurd qizining o‘limi ortidan Eronda qator ichki namoyishlar bo‘lib o‘tgan edi. Mana bu omillarni ham hisobga olish zarur. Eron javobini topish o‘ta mushkul jumboq ustida bosh qotirmoqda. Eron rahbariyati agar chuqur o‘ylab bir qarorga kelsa, bu yomon qaror bo‘lmaydi, deydi sobiq diplomat.

MAGATE maxfiy hisobotida

aytilishicha, Eronning umumiy boyitilgan uran zaxirasi 2023-yil 28-oktyabr holatiga ko‘ra 4 486,8 kg (9 891,7 funt)ga baholangan. Donald Tramp 12-dekabr kuni Eronning “bir necha hafta ichida bomba yaratish” imkoniyatlari harbiy to‘qnashuvga olib kelishini inkor etmadi.

Ayni vaqtda Isroil Eron hududidagi yadroviy obyektlarga ehtimoliy zarba berishga tayyorlanmoqda. Netanyaxu Eron aholisiga murojaat qilib, Isroil “o‘zi bilan chinakam tinchlik istovchi barcha davlatlar bilan tinchlik o‘rnatishni xohlayotganini” aytdi. Rasmiy Tehron esa bu “signal”dan keyin sukut saqlamoqda. Balki sukut — rizo alomati, deganlari shudir!?

Toshkent tumanida tug‘ilganman. Chirchiq davlat pedagogika universitetida ta'lim olganman. 2024-yil oktyabr oyidan buyon “Daryo”da muxbir lavozimida ishlayman. Asosan tahliliy maqolalar tayyorlash va intervyular bilan shug‘ullanaman. Sevimli filmlarim: “Forrest Gamp”, “Uzuklar hukmdori”, “Anna”, “Shoushenkdan qochish” Sevimli kitoblarim: “O‘tkan kunlar”, “Anna Karenina”, “Tirilish”, “Buyuk shaxmat taxtasi”, “Graf Monta Kristo”.

Telegram kanal@daryo_worldObuna bo‘lish

Siz qanday fikrdasiz?

Avval fikringizni yozing. Yuborishda hisobingizni tasdiqlaysiz.

O‘xshash yangiliklar