Samarqand shahar, Narpay yo‘li ko‘chasida 18-dekabr kuni soat 07:30 larda avtobus haydovchisi yo‘lning belgilanmagan qismidan o‘tayotgan piyodani urib yubordi. Bu haqda Samarqand viloyati IIB axborot xizmati xabar berdi.
Maʼlum qilinishicha, piyoda olgan tan jarohatlari oqibatida voqea joyida vafot etgan.
Holat yuzasidan Samarqand shahri bo‘yicha IIO FMB huzuridagi Tergov bo‘limi tomonidan Jinoyat kodeksining 266-moddasi (transport vositalari harakati yoki ulardan foydalanish xavfsizligi qoidalarini buzish) 2-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.
Yo‘llarda bolalar o‘limi
Noyabr oyida Jizzax viloyatining Baxmal tumanida Cobalt katta tezlikda voyaga yetmagan ikki qizni urib yubordi. Shuningdek, Samarqandda avtobus maktab yaqinida yo‘lni kesib o‘tayotgan bolani urib yuborib, uning o‘limiga sabab bo‘lgandi. Surxondaryoda 1-sinf o‘quvchisi Nexia urib yuborishidan vafot etgandi.
Senat bergan ma’lumotga ko‘ra, 2024-yilning 5 oyi davomida jami 359 nafar o‘quvchi bilan bog‘liq yo‘l-transport hodisasi sodir etilgan va 65 nafar o‘quvchi halok bo‘lgan, 294 nafar o‘quvchi esa turli darajada tan jarohatlari olgan. 2023-yilda bolalar bilan bog‘liq 1 794 ta YTH yuz berib, ularda 1 568 nafar bola jarohatlangan, 263 nafari vafot etgan.
Sentyabrda Toshkentda BYD 9 yoshli maktab o‘quvchisini urib yuborib, uning o‘limiga sababchi bo‘lgandi. Xuddi shu kabi holat iyul oyida Navoiy viloyati Xatirchi tumanida sodir bo‘lgan. Katta tezlikda harakatlanayotgan BYD piyodalar o‘tish joyidan o‘tayotgan 9 yoshli qizaloqni bosib ketgan. O‘sha oyda Samarqandda 7 yashar bola avtomobil urib ketishi oqibatida vafot etdi. Aprelda Jizzaxda sodir bo‘lgan YTH oqibatida ikki nafar maktab o‘quvchisi halok bo‘ldi.
Bolalar ishtirokida ayanchli YTHlar ko‘paygach, jamoat faollari yo‘llarda bolalar o‘limi uchun siyosiy javobgarlik bo‘lishi kerakligini aytdi.








