Daryo

Janubiy Koreya prezidentiga qarshi tergov boshlandi — AFP

Davlat rahbari nimada ayblanayotgani ma’lum bo‘ldi

2 daqiqa o‘qish22 649 ko‘rishlar0 izoh0

Janubiy Koreya prezidenti Yun Sok Yol favqulodda harbiy holat e’lon qilgani ortidan, politsiya uni isyonda gumon qilib, tergov boshladi. Bu haqda AFP xabar berdi.

Foto: Reuters

Huquq-tartibot idoralari vakili agentlik bilan suhbatda amaldagi davlat rahbariga nisbatan tergov boshlanganini tasdiqladi.

Janubiy Koreya prezidenti Yun Sok Yol 3-dekabr kuni kechqurun mamlakatda favqulodda harbiy holat e’lon qildi. U 45 yil ichida mamlakatda harbiy holat e’lon qilgan birinchi davlat rahbari bo‘ldi. Parlament va siyosiy partiyalarning faoliyati taqiqlandi. Davlat rahbari bu qarorni “konstitutsiyaviy tartibni himoya qilish va mamlakat ichidagi Shimoliy Koreya tarafdorlarini yo‘q qilish” zarurati bilan izohladi.

Hukumat harakatlaridan norozi bo‘lib, parlament binosi oldida namoyishchilar to‘plandi. Politsiya parlamentga kirishni to‘sib qo‘ydi va shahar ko‘chalarida harbiy texnika paydo bo‘ldi.

Foto: Reuters

Bir necha soatdan so‘ng 300 deputatdan 190 nafari parlamentga kirishga muvaffaq bo‘ldi va harbiy holatni bekor qilish uchun ovoz berdi. Muxolifat yetakchisi Li Je Men prezident qarorini “konstitutsiyaga zid” deb atadi va uni “xalqqa qarshi” qadam sifatida qoraladi. Kechroq Janubiy Koreya prezidenti mamlakatda joriy etilgan harbiy holatni bekor qilishga rozi bo‘ldi.

Mudofaa vaziri iste’foga chiqdi

4-dekabr kuni mudofa vaziri Kim Yong Hyun harbiy holat joriy etilishi munosabati bilan iste’foga chiqishga tayyorligini ma’lum qildi. U yuzaga kelgan barcha tartibsizliklar uchun javobgarlikni o‘z zimmasiga olib, iste’foga chiqdi. Bunga muxolifatdagi yetakchi “Toburo” demokratik partiyasi mudofaa vaziriga impichment e’lon qilgani turtki bo‘ldi.

Foto: Yonhap

Prezidentga qarshi impichment

Janubiy Koreya muxolifati prezidentga qarshi impichment loyihasini ham parlamentga taqdim etdi. Ovoz berish loyiha majlisda ko‘rib chiqilganidan keyin 24-72 soat ichida o‘tkazilishi kerak. Impichment loyihasini kiritishni oltita muxolifat partiyasidan 191 nafar deputat qo‘llab-quvvatladi. Parlamentda jami 300 nafar qonun chiqaruvchi bor, 108 o‘rinni prezidentning “Fuqarolik kuchi” partiyasi egallab turibdi. Impichment e’lon qilish uchun 200 ovoz kerak.

Karimova Zulfiya Abduhakim qizi. 1999-yilda Toshkent shahrida tavallud topgan. Millati — o‘zbek. 2023-yilda O'zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universitetining xalqaro jurnalistika yo'nalishi bakalavr bosqichini tamomlagan.

Telegram kanal@daryo_worldObuna bo‘lish

Siz qanday fikrdasiz?

Avval fikringizni yozing. Yuborishda hisobingizni tasdiqlaysiz.

O‘xshash yangiliklar