Daryo

Armaniston Boku bilan tinchlik o‘rnatish uchun Konstitutsiyani o‘zgartirmoqchi

Avvalroq Armaniston bosh vaziri mamlakat Ozarbayjon bilan tinchlik shartnomasini noyabrgacha imzolashga tayyorligini ma’lum qilgandi

1 daqiqa o‘qish8 316 ko‘rishlar0 izoh0

Armaniston Ozarbayjon bilan tinchlik shartnomasini tuzish uchun Konstitutsiyani o‘zgartirishga tayyor. Bu haqda Armaniston bosh vaziri Nikol Pashinyan Nyu-Yorkda bo‘lib o‘tgan BMT bosh assambleyasi yig‘ilishida ma’lum qildi.

Foto: DPA

Uning so‘zlariga ko‘ra, agar Armaniston va Ozarbayjon o‘rtasida tinchlik shartnomasi tuzilsa, bu hujjat mamlakat Asosiy qonuniga muvofiqligini tekshirish uchun Armaniston Konstitutsiyaviy sudiga (KS) yuboriladi.

“Agar Konstitutsiyaviy sudimiz kelishuv Armaniston Konstitutsiyasiga zid deb qaror qilsa, shunga qaramay, bu holatda biz tinchlik o‘rnatish uchun konstitutsiyaviy o‘zgarishlar zarur bo‘lgan aniq vaziyatga duch kelamiz. Agar Konstitutsiyaviy sud shartnomani Konstitutsiyaga muvofiq deb topsa, hujjatni ratifikatsiya qilishda hech qanday to‘siq bo‘lmaydi”, deb tushuntirdi Pashinyan.

Avvalroq Pashinyan 11-22-noyabr kunlari Bokuda bo‘lib o‘tishi rejalashtirilgan BMT iqlim konferensiyasigacha Armaniston Ozarbayjon bilan tinchlik shartnomasini imzolashga tayyorligini ma’lum qilgandi.

Tog‘li Qorabog‘ mojarosi

Ozarbayjon tinchlik rejasining bir qismi sifatida Armaniston Konstitutsiyaga o‘zgartirish kiritishni talab qilmoqda. Armaniston Asosiy qonunining 1-bandida mamlakat Oliy kengashi tomonidan 1990-yil 23-avgustda qabul qilingan Mustaqillik deklaratsiyasiga havola mavjud. Ushbu deklaratsiyaning boshida, o‘z navbatida, Armaniston SSR va Tog‘li Qorabog‘ning 1989-yildagi “Birlashtirish to‘g‘risida”gi qo‘shma qaroriga ishora qilingan.

“Ularning Konstitutsiyasidagi ushbu band bilan bu mumkin emas, chunki Konstitutsiya boshqa har qanday hujjatdan, shu jumladan xalqaro shartnomadan ham ustundir. Shunday ekan, bir kun kelib ular o‘z fikrini o‘zgartirib, sentyabrda qilgan ishimizni yana qilishimiz kerak bo‘ladigan vaziyatga tushib qolishni istamaymiz”, deya Ozarbayjon prezidenti Ilhom Aliyev o‘z davlatining pozitsiyasini tushuntirgan.

Bundan oldin Aliyev Yerevan o‘z konstitutsiyasiga o‘zgartirishlar kiritishi kerakligini bir necha bor ta’kidlagan edi.

Telegram kanal@daryo_worldObuna bo‘lish

Siz qanday fikrdasiz?

Avval fikringizni yozing. Yuborishda hisobingizni tasdiqlaysiz.

O‘xshash yangiliklar