Armaniston bosh vaziri Nikol Pashinyan o‘zi bilan bahslashgan qorabog‘lik arman ayolga baqirdi. Shuningdek, u o‘zining siyosiy raqiblarini, jumladan, sobiq prezident Robert Kocharyan va “Kuchli Armaniston” partiyasi rahbari Samvel Karapetyanni yo‘q qilishga va’da berdi. Bu haqda “Ria Novosti” xabar berdi.
Voqea saylovchilar bilan uchrashuv chog‘ida sodir bo‘ldi. Bir ayol Pashinyanga yaqinlashib, uni vatanini o‘g‘irlashda, butun bir yosh avlodni yo‘q qilishda hamda farzandlari va ukasini tortib olishda aybladi.
“Siz bizni sindirmoqchi bo‘ldingiz, lekin biz singanimiz yo‘q”, dedi ayol.
Bunga javoban bosh vazir mojaro paytida “qochib ketgan” qorabog‘liklar haqida gapirdi va siyosiy raqiblarini “egib qo‘yish” bilan tahdid qildi.
“Robni ham, Samvelni ham yo‘q qilaman!”, deb baqirdi u.
Ma’lumot o‘rnida, Armanistonda parlament saylovlari 7-iyun kuniga belgilangan.
Tog‘li Qorabog‘ mojarosi haqida
Sovet Ittifoqi parchalanganidan va 1992–1994-yillardagi Ozarbayjon bilan qurolli to‘qnashuvdan keyin Tog‘li Qorabog‘ ko‘p yillar davomida armanlar yashaydigan tan olinmagan respublika sifatida mavjud bo‘lib keldi.
2020-yil sentyabr oyida Qorabog‘da jangovar harakatlar qayta avj oldi. Buning oqibatida arman tomoni Tog‘li Qorabog‘ atrofidagi barcha tumanlarni va sovet davrida muxtor viloyat tarkibiga kirgan ba’zi hududlarni boy berdi.
Ushbu voqealar fonida Yerevan va Boku kelajakdagi tinchlik shartnomasi bo‘yicha muzokaralar olib bordi. 2023-yil may oyi oxirida Pashinyan Yerevan Ozarbayjon suverenitetini uning sovet davridagi chegaralari doirasida, ya’ni Qorabog‘ bilan birga tan olishga tayyorligini e’lon qildi.
O‘sha yilning sentyabr oyida Baku Qorabog‘da bir kundan kam davom etgan harbiy operatsiya o‘tkazdi. Shundan so‘ng prezident Ilhom Aliyev Ozarbayjon o‘z hududiy yaxlitligini tiklaganini ma’lum qildi. Oktyabr oyi boshiga kelib 100 mingdan ortiq aholi Qorabog‘ni tark etdi.








