“Sabah” klubi o‘z tarixida birinchi marta Ozarbayjon Premyer Ligasi g‘olibi bo‘ldi. Jamoa safida O‘zbekiston milliy terma jamoasi futbolchisi Umarali Rahmonaliyev faoliyat yuritadi.
“Boyqushlar” mamlakat chempionatining 21-turidan o‘rin olgan va qoldirilgan “Neftchi” — “Qorabog‘” uchrashuvidagi natija chempionlik taqdirini muddatidan oldin hal qildi. Unda “Neftchi” 2:1 hisobida g‘alaba qozondi. Baku jamoasining ochkolari soni 47 taga yetdi va turnir jadvalida 4-o‘ringa ko‘tarilib oldi.
Mag‘lubiyatga uchragan va ikkinchi o‘rinda borayotgan “Qorabog‘” 29 ta turdan so‘ng 59 ochko bilan ikkinchi pog‘onada qoldi. Shu tariqa turnir jadvalida 72 ochko bilan peshqadamlik qilayotgan “Sabah” jamoasi esa musobaqa yakunlanishiga 4 ta tur qolganda chempionlikni qo‘lga kiritdi.
Ayni paytda peshqadam va ikkinchi o‘rin o‘rtasidagi farq 13 ochkoni tashkil etmoqda. “Qorabog‘”da matematik jihatdan Premyer Liga g‘olibligi uchun imkoniyat qolmadi. Shu tariqa, “Sabah” o‘z tarixida ilk bor Ozarbayjon chempioni deb e’lon qilindi.
Ma’lumot uchun, Umarali Rahmonaliyev klubining asosiy futbolchilaridan biri sifatida chempionlik uchun munosib hissa qo‘shdi. Yarim himoyachi Ozarbayjon Premyer Ligasi doirasida 26 ta o‘yinda maydonga tushib, 3 ta gol va 2 ta golli uzatmani amalga oshirdi.
Eslatib o‘tamiz, “Sabah” 2025-yilda mamlakat Kubogi finalida “Qorabog‘”ni mag‘lub etib, bosh sovrinni qo‘lga kiritgan edi.
Rahmonaliyev va uning jamoasida oltin dubl qayd etish imkoniyati mavjud. Chunki “Sabah” 2026-yilda ham Ozarbayjon Kubogi finaliga yo‘l olgan bo‘lib, 13-may kuni “Zira” jamoasiga qarshi bosh sovrin uchun bahs olib boradi.
Ozarbayjon chempioni sifatida “Sabah” UEFA Chempionlar Ligasining 2026-2027-yilgi mavsum saralash bosqichida ishtirok etadi.








