HAMASning Isroilga zarbalari va buning ortidan G‘azoda ommaviy qirg‘in boshlanganiga salkam bir yil bo‘ldi. Arab va musulmon davlatlarining yahudiylarni zo‘ravonlikdan tiyilishga qaratilgan ojizona chaqiriqlari hech qanday ish bermagach, hamma nigohlar Eronga qaratildi. Chunki soni bo‘yicha ham, reytingi bo‘yicha ham Isroil armiyasidan yuqori turuvchi Eron qurolli kuchlari yahudiylarni to‘xtatishga qodir yagona najot manbayi sifatida ko‘rilayotgan edi. Ammo mamlakat prezidenti Mas’ud Pezeshkiyon BMT Bosh assambleyasida jurnalistlar bilan muloqot o‘tkazar ekan, “Yevropaliklar va amerikaliklar bilan muzokaralar stoliga o‘tirishga tayyormiz. Biz hech qachon Ukraina hududiga tajovuzni qo‘llab-quvvatlamaganmiz. Har bir davlatning chegaralari hurmat qilinishi lozim. Mojaro muzokara yo‘li bilan hal etilishiga ishonaman” deya fikr bildirdi. Bu qanday ma’noga ega? Eron Isroildan qo‘rqyaptimi? Mavzuni siyosatshunoslar Abduvali Soyibnazarov hamda Shuhrat Rasul bilan muhokama qilamiz.
G‘azodagi ommaviy qirg‘in oqibatlari o‘zingizga yaxshi ma’lum. Isroil tinch aholi ustiga bomba yog‘dirishni bir zum ham to‘xtatgani yo‘q. Qaytaga Eronning o‘ziga bir-ikki alamli tarsaki tushirdi. Shu yilning 1-aprel kuni Suriyadagi elchixonaga tutash binoga berilgan aviazarba oqibatida Eron generallarining halok bo‘lgani, 31-iyul kuni Tehronda yangi prezident inauguratsiyasi chog‘ida HAMAS yetakchisi Ismoil Haniyaning o‘ldirilgani...
Darvoqe, Eron haligacha ushbu qotillik uchun javob qaytarishga va’da bermoqda.
Siyosatshunos Abduvali Soyibnazarov:
— Eron prezidenti Mas’ud Pezeshkiyon Nyu Yorkda jurnalistlar bilan uchrashuv chog‘ida uning mamlakati hech qachon Ukrainadagi harbiy harakatlarni qo‘llab-quvvatlamaganini ta’kidlab o‘tdi va hatto Rossiyani “agressor davlat, Ukrainaga bostirib kirdi” degan bayonotni ham berdi. Bu esa Amerikaga yo‘llangan mujda, ya’ni “biz AQSH yoki G‘arb bilan Ukraina masalasida, shuningdek, Eronning yadroviy dasturlari bo‘yicha ham muloqot qilishga tayyormiz” deya murojaat yo‘llayapti. Bu bilan, “albatta, Isroil bilan ham muzokaraga tayyormiz” demoqda. Endi Eron Isroil bilan qarama-qarshilikka bormoqchi emas. Chunki Eron juda cho‘chib ketdi, Isroil Yaqin Sharqdagi barcha frontlarda katta muvaffaqiyatlarni qo‘lga kiritganini ko‘rib turibdi. Eron hatto bironta raketa otishga ham qurbi yetmay qoldi. Isroil esa Livanda “Hizbulloh” harakatiga aniq zarbalar yo‘llayotgani, undan oldin “peyjer” operatsiyasini amalga oshirgani forslarni butkul dovdiratib qo‘ydi. Endi u muloqotlar olib borishga majbur bo‘lyapti. Bundan boshqa yo‘l yo‘q. Isroil bilan konfrontatsion qarama-qarshilik yo‘li Eronni boshi berk ko‘chaga kiritib qo‘ymoqda. Hatto Eron Qo‘riqchilar korpusi ichida ham Isroil manfaatlariga xizmat qiladigan josuslar juda ko‘p ekanligini, Eron xavfsizlik xizmatlari uning oldini ololmayotganini hayotning o‘zi ko‘rsatmoqda. Shu sababdan Eron bugun “Biz har qanday muloqotlarga tayyormiz” deya xabar yo‘llashga majbur bo‘lmoqda. Chunki G‘arbning shu paytgacha olib borgan iqtisodiy sanksiyalar siyosati uning moliyaviy-iqtisodiy ahvolini chok-chokidan so‘kib yubordi.
— “Hizbulloh” HAMASga ko‘ra son jihatidan ham, qurol-yarog‘ jihatidan ham ustun. Ammo bu ustunlik AQSH tomonidan qo‘llab-quvvatlanayotgan yahudiy armiyasi uchun ortiqcha tashvish tug‘dirmasa kerak. Hozirning o‘zida “Hizbulloh” pozitsiyalari beto‘xtov bombardimon qilinishi natijasida qurbonlar soni 500 nafardan oshib ketdi. Shulardan 50 ga yaqini bolalar. Har kuni “Hizbulloh”ning qo‘mondonlari halok bo‘layotgani haqida xabarlar kelmoqda. Nahotki Livan ikkinchi G‘azoga aylansa?

Siyosatshunos Shuhrat Rasul:
— Katta ehtimol bilan Isroil armiyasi “Hizbulloh” jangarilarini Livanning janubidan tozalaydi. 2006-yilgi “Hizbulloh”—Isroil o‘rtasidagi urushda shunday amaliyot qo‘llanilgan edi. Isroil armiyasi Livanning ichkarisiga 20-25 kilometrga kirib borgan va bu zonani bufer zona deb e’lon qilgan. U yerdagi “Hizbulloh”ning barcha harbiy obyektlarini hamda infratuzilmasini buzib tashlagan edi. Bordi-yu bugungi konflikt 2006-yilgi 34 kunlik urushni takrorlaydigan bo‘lsa, o‘sha ssenariy yana takrorlanadi. Ya’ni, SAXAL – Isroil armiyasi Livan janubidagi 30-40 kilometrlik hududga bostirib kirib, “Hizbulloh”ning harbiy infratuzilmasini yakson qiladi, o‘zini haydab yuboradi. 40-50 kilometrlik bufer zona esa Isroilning shimoldagi qishloqlarni tashlab ketgan fuqarolarini yana o‘z uylariga qaytishini ta’minlaydi. Chunki “Hizbulloh” raketalarining aksar qismi 40-50 kilometrlik masofagacha zarba bera oladi. Menimcha, Isroil armiyasi va hukumati o‘z oldiga katta geosiyosiy maqsadlarni qo‘ymagan. Chunki bu tarixda bir necha marta takrorlangan – “Hizbulloh” bilan Isroil armiyasi o‘rtasidagi harbiy konfliktlar doim mana shunday natijalar bilan tugagan.

— Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyaxu “Livan xalqi! Isroil siz bilan emas, “Hizbulloh” bilan urush qilmoqda. Juda uzoq vaqt u sizdan tirik qalqon sifatida foydalandi. Yashash joylaringizga raketalarini joylashtirdi. Bu raketalar va snaryadlar to‘g‘ridan to‘g‘ri shaharlarimizga va fuqarolarimizga qaratilgan. Xalqimizni “Hizbulloh” hujumlaridan himoya qilish uchun biz bu qurollarni yo‘q qilishimiz kerak. Bu ogohlantirishimizni jiddiy qabul qilishingizni so‘rayman”, deya bayonot berdi. Uning bu mehribonligi ortida nima yotibdi? Nahotki uni tinch aholi o‘rtasidagi qurbonlar tashvishga solsa? Bu ehtimoldan uzoq. Ehtimolga yaqini shuki, Isroil G‘azoda bo‘lgani kabi ho‘l-u quruqni barobar yondiradi va ommaviy qirg‘in uchun oldindan o‘ziga zamin hozirlamoqda. Eron siyosatchilari buni tushunadi, albatta. Ayni paytda Isroil G‘azoda o‘zi o‘tkazgan mislsiz genotsiddan ruhlanib turibdi, unga na BMT, na Xalqaro Jinoiy sud biror chora ko‘ra oldi. Demak, hozirgi vaziyatda Netanyaxuni to‘xtatish oson ish emas, agar chorasini topib “Hizbulloh” saqlab qolinmasa, Eronning o‘z suvereniteti ham xavf ostida qolishi mumkin. Eng yaxshi yo‘l muzokara bo‘lib tuyulmoqda, ammo Isroil bunga rozi bo‘ladimi?
Siyosatshunos Abduvali Soyibnazarov:
— Albatta, Eron muzokara olib bormoqchi bo‘lsa, Isroil ko‘nadi, lekin bir qator shartlarni qo‘yadi. Forslar mazkur shartlarga ko‘nish-ko‘nmasligi esa noma’lum. Bular qanday shartlar bo‘lishi mumkin? Birinchi navbatda, Eron konstitutsiyasidan Isroilni yer yuzidan yo‘q qilishga qaratilgan moddalar olib tashlanishi, ikkinchidan, Eron Yaqin Sharqdagi o‘zining proksi-guruhlari, masalan, Livandagi “Hizbulloh”ni, Yamandagi husiylarni yoki Iroqdagi ekstremistik-terroristik deb tan olingan tashkilotlarni qo‘llab-quvvatlashni bas qilishi va hatto o‘zining yadroviy dasturlaridan voz kechishga qaratilgan talablar ilgari surilishi tabiiy. Eron bu shartlarga to‘la rozi bo‘la olmaydi. Isroilning xatti-harakatlari birinchi navbatda Eron rejimiga qarshi qaratilgan. Bu rejim hokimiyat tepasida turar ekan, Isroil u bilan muloqotlar olib bormaydi, balki uni ag‘darishga va yo‘q qilishga qaratilgan xatti-harakatlarini davom ettiraveradi. Bundan boshqa yo‘l yo‘q. Chunki hozirgi sharoitda Eron ham Isroil qo‘ygan talablarga ko‘na olmaydi, bu uning hokimiyati ag‘darilishiga olib keladi. Shundoq ham G‘arbning sanksiyalari Eronni esankiratib qo‘ygan. Masalan, o‘tgan yili Eronda boshlangan isyonlarni nafaqat inson huquqlarining buzilishiga, balki Eronning hozirgi moliyaviy-iqtisodiy ahvoliga qarshi qaratilgan namoyishlar deb baholash mumkin.

Binobarin, Eron juda og‘ir ahvolda, shu sababli G‘arbdan muloqot so‘rayapti va Isroil bilan ham muzokaralarga tayyorligini bildirmoqda.
— Eronning Rossiya agressiyasini oqlamasligi, AQSH bilan muzokaralar haqidagi so‘zlarini e’tiborsiz qoldirish mumkin emas. Isroil bundan qanday foydalanadi?
Siyosatshunos Shuhrat Rasul:
— Hozirgi urushning asosiy sababi — bir necha oy oldin Livandagi “Hizbulloh” jangchilarining Isroil shimolidagi qishloqlarni bombardimon qilgani hamda portlash natijasida stadionda futbol o‘ynayotgan 12 nafar yoshlarning halok bo‘lgani bilan bog‘liq. Halok bo‘lganlar — etnik arablar, lekin Isroil fuqarolari. Ular Isroil hukumatiga o‘zlarining xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha qattiq talab qo‘ydi. Isroil kabineti qasd olish maqsadida “Hizbulloh” yetakchilarini o‘ldirdi. Isroil shimolida joylashgan mahalliy aholi mamlakat markazi tomonga qochib ketgan. U qishloqlarda hozir aholi yashamayapti. Isroil hozirgi harbiy amaliyotdan aholini o‘z qishloqlariga qaytarishni va Livan janubini egallab olgan “Hizbulloh” jangchilarini chiqarib tashlashni maqsad qilgan.
Siyosatshunos Abduvali Soyibnazarov:
— Isroil bosqinchilik siyosatini bundan keyin ham davom ettiradi. Xususan, shu paytgacha Suriya va Livandagi ayrim hududlarni bosib olgan edi, endi Falastindagi G‘azo sektorini bosib olishga qaror qildi. Hozirgi kunda Falastin o‘zining mustaqil davlati tarkibiga kiritmoqchi bo‘lgan hududlarni ham qo‘shib olishga qaratilgan siyosatni davom ettiryapti. G‘azo sektoriga yahudiy kelgindilari o‘rnashib olib, manzilgohlar qurishga kirishdi. Iordan daryosining g‘arbiy qirg‘og‘ida ham manzilgohlar qurayotgan edi, bu siyosat davom etyapti. Quddus sharqida ham yahudiy manzilgohlari qurishga kirishildi. Demak, mustaqil Falanstin davlati va uning orzulari haqida gapirmasa ham bo‘ladi. “Hizbulloh” harakatiga qarshi harbiy harakatlar olib borilyapti. Isroil quruqlikda Livanga hujum qilib qopqonga tushib qolmasa, “Hizbulloh”ni yengishi mumkin. Keyingi navbat Eronga o‘tadi — uning yadroviy dasturlarini yo‘q qilish maqsadida Eronga qarshi harbiy havo operatsiyalari o‘tkazishni boshlaydi. Qolaversa, Iroqdan ham Isroilga raketalar uchirilmoqda. Yamanda Qizil dengizdan husiylar ham hujumlar amalga oshiryapti. Garchi hududiy bo‘lmasa-da, lekin Isroil harbiylari yoki maxsus xizmatlari “Hizbulloh”dan keyin Yaman va Iroqda harbiy operatsiyalarni davom ettirishi mumkin.

Darvoqe, rossiyalik siyosatchilar Eronning Ukraina haqidagi bayonotiga munosabat bildirishdi. Rossiya Davlat dumasining Mudofaa ishlari qo‘mitasi a’zosi Andrey Kolesnikning so‘zlariga ko‘ra, Eronning pozitsiyasini to‘g‘ri tushunish kerak. “Bu shunchaki siyosat. Eron hozir og‘ir ahvolda. Pezeshkiyon Rossiya bilan ham, BMT bilan ham muloqot olib boryapti va shu yo‘l bilan o‘z mamlakatini qutqarib qolmoqchi. Buni to‘g‘ri tushunish lozim”, dedi deputat.
Ha, siyosat – bu vaziyatdan chiqish san’ati. Hozir shu san’atni namoyish etishning ayni vaqti. Qurolli to‘qnashuv-ku, ertami-kechmi barham topar, ammo Yaqin Sharqdagi yangi tartiblar qanday ko‘rinish oladi, Isroil o‘ziga qanday imtiyozlar talab qiladi-yu, arablarga qanday yangi cheklovlar qo‘yiladi – ana shunisi muhim. Chunki Siyosiy o‘yinlar natijasida adolatsiz qoidalar o‘rnatilsa, oradan biroz vaqt o‘tib, yana urush boshlanishi ehtimolga juda yaqin. Sirasini aytganda, yahudiylar-u arablarning ortida turgan “katta og‘alarning” asl maqsadi ham shu, shekilli.








