Daryo

“Sudlar faoliyatiga aralashuv bo‘yicha 2 ta jinoyat ishi qo‘zgatilgan” — Sudyalar oliy kengashi mas’uli 

“Sud ishlariga aralashuvlar bo‘yicha 2023-yilda kengash raisi tomonidan Bosh prokuraturaga kiritilgan 6 ta taqdimnoma natijasida 3 ta holat bo‘yicha ma’muriy, 2 ta holat bo‘yicha jinoiy ish qo‘zg‘atilgan. Bitta holat o‘rganilmoqda”, — deydi Tursunali Akbarov

2 daqiqa o‘qish16 249 ko‘rishlar0 izoh0

Sudyalar oliy kengashi axborot xizmati rahbari Tursunali Akbarov 2023-yilda mustaqil sudlar faoliyatiga aralashganlarga nisbatan Sudyalar oliy kengashi raisining prokuratura organlariga kiritgan taqdimnomasi natijasida 2 ta jinoyat ishi qo‘zg‘atilganini ma’lum qildi. Bu haqda bugun, 18-yanvar kuni Sudyalar oliy maktabida tashkil etilgan davra suhbatida so‘z bordi, deya xabar berdi “Daryo” jurnalisti. 

Muloqotda Toshkent shahar sudi raisi Erkin Xo‘jaqulov va Ma’muriy sud raisi Ulug‘bek Almamedovlar jurnalist hamda blogerlarni qiziqtirgan savollarga javob berdi. 

Erkin Xo‘jaqulov va Ulug‘bek Almamedov.
Foto: “Daryo”

“Daryo” jurnalisti suhbat davomida mas’ullarga yuzlanib, sudyalarning Xalq deputatlari mahalliy kengashiga hisobot berish amaliyoti (endilikda sudlar brifing shaklida jamoatchilikka axborot berishi taklif qilinmoqda — tahririyat izohi) sudlar faoliyatiga aralashuvlar bo‘lgan yoki bo‘lmagani bilan qiziqib, “Jamoatchilik orasida sudlar faoliyatiga aralashishlar ko‘pligi, kuch ishlatar tizim xodimlarining sudya ishiga aralashuvi mavjudligi xususida gap yuradi. Aytingchi, bu qanchalik rost?” — deya savol berdi. 

Foto: “Daryo”

Mazkur savolga javob bergan Toshkent shahar Ma’muriy sudi raisi Ulug‘bek Almamedov sud raislari mahalliy kengashga hisobot emas, axborot berishini aytib, “Bizda mahalliy hokimliklar tomonidan yoki huquqni muhofaza qiluvchi idoralar tomonidan biror-bir ta’sir yoki holat uchramagan”, deb javob qaytardi. Sudyalar oliy kengashi axborot xizmati rahbari Tursunali Akbarov esa bu javobdan farqli ma’lumot berdi. 

Tursunali Akbarov. (Chap tomonda)
Foto: “Daryo”
Sud ishlariga aralashuvlar bo‘yicha 2023-yilda kengash raisi tomonidan Bosh prokuraturaga kiritilgan 6 ta taqdimnoma natijasida 3 ta holat bo‘yicha ma’muriy huquqbuzarlikka oid ish qo‘zg‘atilgan bo‘lsa, 2 ta holat bo‘yicha jinoiy ish qo‘zg‘atilgan. Bitta holat o‘rganilmoqda, — deydi sudyalar faoliyatiga aralashuvlar bo‘lganini inkor etmagan Tursunali Akbarov.

Sudyalar oliy kengashi axborot xizmati rahbarining bildirishicha, sud raislarining mahalliy kengashlarga axborot berishi mahalliy kengashlar tomonidan qaror qabul qilinib, sudlarga yoki sud raislariga muayyan vazifalar yuklash holatlariga olib kelgan. Shuningdek, sudyalarga “Prokurorning sangsiya berish haqidagi iltimosnomasini nima uchun rad qilgansiz?” degan mazmundagi savollar berilishiga yo‘l qo‘yib bergan. 

Foto: “Daryo”
Sud raisi mahalliy kengashlarga axborot beradi. Axborot berganidan keyin deputatlar yig‘ilishida sud raisiga aniq ishlar bo‘yicha savollar ko‘paygan. “Bu ish bo‘yicha nima uchun bunday hukm chiqargansiz?”, “Nega bunday qaror chiqargansiz?”, “Prokurorning sangsiya berish haqidagi iltimosnomasini nima uchun rad qilgansiz?”, degan savollar ko‘payib ketdi. Holbuki, yangi tahrirdagi konstitutsiyada sudya muayyan ishlar bo‘yicha hisobdor emasligi alohida qayd etib qo‘yilgan. Yangi konstitutsiyaviy normadan kelib chiqib ham sud raislarining mahalliy kengash deputatlariga axborot berish amaliyoti bekor qilinyapti, — deydi u. 

Mas’ulning qo‘shimcha qilishicha, 2022-yilda Sudyalar oliy kengashi raisi taqdimnomasiga asosan mahalliy kengashlarning sudlarga, sud raislariga turli vazifalar yuklash haqidagi 14 ta, 2023-yilda esa 11 ta qarori bekor qilingan.

Qashqadaryodanman. 2012-yil O‘zMUning jurnalistika fakultetini tamomlaganman. “Daryo”da 2018-yildan beri ishlayman. Yoqtirgan kino va filmlarim ko‘p, ammo ular orasida “Jigar” bo‘lakcha. Kitoblardan esa Abdulla Qodiriyning “O‘tkan kunlar asari yoqadi.

Telegram kanal@daryoObuna bo‘lish

Siz qanday fikrdasiz?

Avval fikringizni yozing. Yuborishda hisobingizni tasdiqlaysiz.

O‘xshash yangiliklar