Daryo

“Blogerga pul to‘lab, sud ishlarini o‘z foydasiga hal qilishga urinish xato” — Oliy sud raisining matbuot kotibi

Bu haqda u Parkent tumanida Oliy sud, AOKA, Milliy mass-mediani qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi hamda USAID hamkorligida bo‘lib o‘tayotgan “Ommaviy axborot vositalarida sudlar faoliyatini yoritish: qonun talabi va masʼuliyatli yondashuv” mavzusidagi seminar-treningda gapirdi

2 daqiqa o‘qish21 276 ko‘rishlar0 izoh0

Oliy sud raisining matbuot kotibi Aziz Abidov fuqarolarning blogerga pul to‘lab, sud bilan bog‘liq jarayonlarda o‘z manfaatiga xizmat qiluvchi qaror chiqarishga urinishi xato ekanini aytmoqda. Bu haqda u Parkent tumanida Oliy sud, AOKA, Milliy mass-mediani qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi hamda USAID hamkorligida bo‘lib o‘tayotgan “Ommaviy axborot vositalarida sudlar faoliyatini yoritish: qonun talabi va masʼuliyatli yondashuv” mavzusidagi seminar-treningda gapirdi.

Menga qiziq tomoni odamlarimiz bloger bilan shartnoma asosida ularga pul to‘lab, bizning muammoyimizni ko‘tarsangiz, yechim topilsa, boshqa bir qaror chiqarilishiga yordam bering deyishadi. Blogerda bunday vakolat yo‘q. Uning qo‘lidan bu ish kelmaydi. U shunchaki holatni ko‘rsatadi. Sud qarorlari o‘zgarmasa, blogerga pul bergan odamlar bizning ishimizni hal qilib berolmading deya unga eʼtiroz bildirishi mumkin. Shunaqa holatlar ham bo‘ldi. Bu holatlar yuzasidan ayrim blogerlarga jinoyat ishi ham ochildi. Javobgar ham bo‘lishdi, deydi Oliy sud axborot xizmati rahbari Aziz Abidov.

Masʼulning aytishicha, ayni kunda OAV vakillari, aynan jurnalistlarda sud ishini yoritishda ixtisoslashuv paydo bo‘lgan va bu har ikki tomon uchun ham birdek manfaatli bo‘lmoqda.

Foto: Oliy sud

To‘g‘ri, avvalroq ayrim internet saytlari, televideniye xodimlarining sud jarayonlarini yoritishda qandaydir xatoliklari ham bo‘ldi. Sud hokimiyati bilan tushunmovchiliklar ham bo‘ldi. Lekin hozir ayrim xato-kamchiliklarni inobatga olmasa o‘z yo‘liga tushib oldi. Bugungi kunda ham sudga kirish yoki kirmaslik bilan bog‘liq muammolar ham bor, yo‘q emas. Ammo blogerlarning faoliyati xali-hamon biror bir qonun bilan tartibga solinmagani uchun ularda meʼyordan chiqib ketish holatlari bo‘lmoqda. Bu afsuslanarli holat,  deydi Aziz Abidov.

Foto: Oliy sud
Foto: Oliy sud

Oliy sud axborot xizmati rahbari blogerlarga pul to‘lab sud jarayonlarida yutishga urinayotgan fuqarolarga bu pullarni professional advokatlarga to‘lashni maslahat bermoqda.

Foto: Oliy sud
Haqiqat va adolatga sud zalida erishiladi. Lekin ayrim fuqarolar birinchi instansiya qaroridan norozi bo‘lib, keyingi instansiyaga murojaat ham qilmay, “bu sud adolatsiz, noqonuniy qaror qabul qildi deya”, sudga nisbatan jamoatchilikda ishonchsizlik paydo qilishga urinadi,  deydi Oliy sud masʼuli.

Qashqadaryodanman. 2012-yil O‘zMUning jurnalistika fakultetini tamomlaganman. “Daryo”da 2018-yildan beri ishlayman. Yoqtirgan kino va filmlarim ko‘p, ammo ular orasida “Jigar” bo‘lakcha. Kitoblardan esa Abdulla Qodiriyning “O‘tkan kunlar asari yoqadi.

Telegram kanal@daryoObuna bo‘lish

Siz qanday fikrdasiz?

Avval fikringizni yozing. Yuborishda hisobingizni tasdiqlaysiz.

O‘xshash yangiliklar