Bugun,

  • USD 11095.31
  • RUB 173.84
  • EUR 10772.44

Huquqshunos bloger Bahodir Ahmedov o‘zining Telegram’dagi kanalida “MIBning ming bir o‘yini” sarlavhali post  joylashtirgan edi. Majburiy ijro byurosi holat yuzasidan munosabat bildirdi.

Bloger, xususan, quyidalarni yozgan.

Siz sudda yutib chiqdik deganingizda ham buning ijrosi ancha yugur-yugur bilan, muddatlarni sun’iy cho‘zishlar bilan davom etishi mumkin. Cho‘zishlar ortida odatda “manfaat” turgan bo‘ladi. MIB — sudning ajralmas qismi. Sudning yuzi faqatgina sudyalar, sud xodimlari emas. Sud hujjatining o‘z vaqtida, kamchiliksiz, soat mexanizmidek aniq ishlashi ijro qilinishi ham sudning yuzi. Sud — davlatchilikning eng katta ustuni. Uning obro‘si bo‘lmasa, davlatning ham hurmati bo‘lmaydi. Davlat qurish suddan boshlanadi.

MIB kolossal o‘zgarishi kerak. Ruslanbek Davletovga o‘xshagan rahbar tayinlanib, prokuratura tizimidan chiqarilib, Sudyalar oliy kengashidek organ maqomi berilishi kerak, — deydi huquqshunos.

O‘z navbatida, byuro axborot xizmati ushbu xabar bo‘yicha o‘z munosabatini bildirib o‘tdi va ijro hujjatlarini qaytarishdan byuro organlari manfaatdor emasligini ta’kidladi.

O‘zbekiston Respublikasining “Sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini ijro etish to‘g‘risida”gi qonunning 8-moddasida ijro hujjatida ko‘rsatiladigan talablar aniq ko‘rsatilgan. Biroq amaliyotda ijro hujjati beradigan organlar tomonidan ushbu talablarga rioya etmaslik yoki davlat ijrochilari tomonidan asossiz ravishda qaytarish holatlari ko‘plab e’tirozlarga sabab bo‘lmoqda, bunga yo‘l qo‘ygan xodimlarning harakatlariga tegishli munosabat bildirilmoqda.

Shuni qayd etish joizki, toki ijro hujjatini shakllantirish raqamlashtirilmas ekan, bu kabi qonun buzilishi holatlarini oldini olish imkonsiz va bu holatdan byuro organlari manfaatdor emas. Shu bois byuro va Oliy sud o‘rtasida o‘rnatilgan elektron hamkorlik tizimini yanada takomillashtirish orqali davlat ijrochilarining ijro hujjatlarini qaytarish hollariga butkul barham beriladi.

Bu borada har ikki idora o‘rtasida 12-sentabr kuni hujjat imzolanib, hozirda amalga oshirish choralari ko‘rilmoqda.

Byuroning Chilonzor tumani bo‘limi ish yurituvidagi ATB “Mikrokreditbank”dan undiruvchi A.N. foydasiga jami 98 mln 265 ming so‘m undirish to‘g‘risidagi ijro hujjati bo‘yicha tanqidiy xabarlarga rasmiy munosabat bildirilgan. Jumladan, ijro ishi bo‘yicha qarzdorga tegishli 38 turdagi avtotransport vositalarini realizatsiya qilishni oldini olish maqsadida elektron tarzda taqiqlar o‘rnatilgan va Nexia-3 rusumli avtotransport vositasi xatlanib, jarima maydonchasiga joylashtirilgan. 23-noyabr kuni Toshkent tumanlararo ma’muriy sudi ajrimi bilan ijro harakatlari vaqtincha to‘xtatilgan. Byuro organlari o‘z faoliyatini amalga oshirishda qonuniylik, mustaqillik, markazlashganlik, birlik va oshkoralik prinsiplari asosida ish yuritadi.

Qonun hujjatlariga ko‘ra, byuro organlari sudlar tomonidan o‘z qarorlari asosida taqdim etilgan ijro hujjatlari yoki ijro harakatlarini to‘xtatish haqidagi ajrimlarini birdek muhokama etmagan holda ijrosini ta’minlaydi. Amaldagi qonun hujjatlariga muvofiq hokimliklar yoki budjet tashkilotlar moliyaviy majburiyatlarini undirishda Budjet kodeksi va qonunchilikda nazarda tutilgan xususiyatlarni hisobga olgan holda davlat ijrochisining qaroriga asosan undiruv tegishli g‘aznachilik bo‘linmalari tomonidan amalga oshirilishi ta’minlanadi. Joriy yil davomida byuro organlari tomonidan 946 ta holatda 315,4 mlrd so‘mlik kompensatsiya mablag‘lari undirilishi ta’minlandi.

Davlat ijrochilarida ish yuklamasi ko‘p. Biroq bu sud va boshqa organlar hujjatlarini ijro etilmasligiga bahona bo‘la olmaydi. Byuro organlarida ish hajmini asos qilib, xodimlar sonini ko‘paytirishga emas, ijro jarayonini raqamlashtirish orqali ijro samaradorligini oshirishga qaratilmoqda. Buning uchun ijro hujjatlar yurituvi, aylanmasi va ijro etish bosqichlari elektron tarzda 35 ta tashkilotlarning 63 ta yo‘nalishdagi axborot tizimlariga integratsiya qilingan “Mib Portal” dasturi orqali amalga oshirilmoqda.

Dastur orqali ijro hujjatlarini to‘g‘ridan to‘g‘ri sud va boshqa organlardan qabul qilish, mol-mulkni qidirish, taqiqlarni qo‘yish va yechish, tomonlarga xabarnomalar yuborish, pul mablag‘larini taqsimlash, inkasso qo‘yish, mol-mulkni auksionga chiqarish va baholashga yuborish kabi harakatlar faqat elektron tarzda amalga oshirilmoqda.

Sohada samaradorlikni yanada oshirish va suiiste’molchiklarni oldini olish maqsadida, joriy etilgan “Smart yordamchi” elektron platformasi orqali qarzdorning mol-mulkini aniqlash va ularga taqiq qo‘yish to‘liq avtomatlashtirilgan. Qarzdorlik bartaraf etilganidan so‘ng taqiqlarni avtomat yechish va bu haqda xabardor qilish tizimi joriy etildi.

Qarzdorlarni o‘z vaqtida xabardor qilinishi natijasida o‘tgan 10 oyda 820 mingdan ortiq ijro hujjatlari bo‘yicha qarzdorlik davlat ijrochisi tomonidan berilgan ihtiyoriy muddatda bartaraf etilgan. Shuningdek, dastur yordamida mol-mulki mavjud bo‘lmaganini vaji bilan ijro hujjatlarini assosiz ravishda tamomlash holatlariga to‘liq chek qo‘yildi.

Byuro organlari faoliyatiga sud va boshqa organ qarorlarini davlatning majburlov kuchini safarbar qilmasdan, ixtiyoriy ijro qilishga qaratilgan huquqiy mexanizmlar joriy etilmoqda. Jumladan, 1-iyun kunidan ishga tushirilgan soddalashtirilgan ijro etish instituti orqali majburiy ijro harakatlari amalga oshirilmasdan hamda fuqarolarning mol-mulklariga daxl qilmasdan 500 mingga yaqin hujjatlarning ijrosi amalda ta’minlanib, tuman (shahar) davlat ijrochilarining ish yuklamasini sezilarli kamaytirishga xizmat qilmoqda.

Qarzdorlardan undirilgan mablag‘larni elektron taqsimlash tizimi ham bosqichma-bosqich faoliyatga joriy etilib, joriy yil o‘tgan davrida 1,1 trln so‘m pul mablag‘lari davlat ijrochisining aralashuvisiz undiruvchilarga o‘tkazib berildi.

Ko‘plab e’tirozga sabab bo‘layotgan aliment undiruvi sohasini ham raqamlashtirishga e’tibor qaratildi, aliment majburiyatlarini ijro etish va nazorat qilishning yagona “E-Aliment” elektron axborot tizimi ishga tushirilib, o‘tgan davrda 1,2 trln so‘m aliment mablag‘lari undirilgan bo‘lib, shundan 898 mlrd so‘m mablag‘lar to‘g‘ridan to‘g‘ri undiruvchilar bank kartalariga yo‘naltirilgan. Qo‘llanilgan ma’muriy va jinoiy javobgarlikka qaramasdan aliment mablag‘lari to‘lanmagan 323 ta ijro ishi bo‘yicha 3,7 mlrd so‘m aliment jamg‘armasidan to‘lab berilgan.

Bugungi kunda axborot tizimi orqali aliment undiruvi bilan bog‘liq hujjatlarni “qizil”, “sariq”, “yashil” toifalarga ajratish rejalashtirilib, asosiy e’tibor to‘lovdan bo‘yin tovlayotgan qarzdorlar bilan ishlashga qaratiladi. Bugungi kunda mavjud muammolarni tahlil qilgan holda sohaga “Majburiyatlar reyestri” institutini joriy etish borasida takliflar tayyorlanmoqda, — deyiladi munosabatda.

Izoh
Asosiy yangiliklar
Dunyo
General Pyotr Pavel Chexiyaning yangi prezidenti etib saylandi
Dunyo
Amerikadagi rus mafiyasi boshlig‘iga aylanib, Rossiyada o‘lim topgan “qonundagi o‘g‘ri” — “Yaponchik”. Kun xronologiyasida 29-yanvar
Mahalliy
“O‘tgan yil davomida ichki ishlar xodimlari bilan bog‘liq 644 ta salbiy video tarqalgan” — Shohrux G‘iyosov