Isroil va Falastinning “Islom jihodi” guruhi o‘zaro o‘t ochishni to‘xtatish haqida e’lon qildi, deb yozadi Meduza.
Sulh rejimi 7-avgust kuni 23:30 da (Toshkent vaqti bilan 8-avgust 1:30 da) kuchga kirdi.
Yarashuv kuchga kirganidan keyin sakkiz daqiqa o‘tib, G‘azo sektoridan Isroilning janubiy qismiga qarata yana raketalar uchirildi. Shundan keyin otishmalar to‘xtadi, tun ikkala tomondan ham hech qanday faol harakatlarsiz o‘tdi.
“Islom jihodi” bosh kotibi Ziyod al-Nahaliy ma’lum qilishicha, yarashuv sharti Isroil qamoqxonalaridan guruhning ikki a’zosi ozod etilishidan iborat bo‘lgan. Agar Isroil tez orada bitim bo‘yicha o‘z vazifalarini bajarmasa, otishmalar davom ettirilishini aytdi.
Isroil 5-avgustdan boshlab G‘azoda “Tong” operatsiyasini o‘tkazdi, uning maqsadi “Islom jihodi” yetakchilarini yo‘q qilishdan iborat edi.
Isroil G‘azo sektoriga bergan zarbalar oqibatida jami 41 kishi halok bo‘ldi, 300 dan ortiq odam yaralandi. Isroil hukumati ma’lumotlariga ko‘ra, qurbonlarning 15 nafari — terrorchilar, shu jumladan, yuqori mansabli jangarilar.
“Islom jihodi” jangarilari uch kun ichida Isroilga qarata mingga yaqin raketalar uchirdi. Ularning katta qismini “Temir gumbaz” tizimi tutib qoldi; Isroil fuqarolaridan hech kim halok bo‘lgani yo‘q.
Avvalroq misrlik vositachilar 7-avgust kuni kechqurundan boshlab G‘azo sektorida sulh e’lon qilishni taklif etgan edi.
Isroil Misr taklif qilgan shartlarga rozi bo‘lgan. Ammo “Islom jihodi” guruhi vakili Isroil tashkilotning talablarini qabul qilmagunicha o‘t ochishni to‘xtatish rejimi kuchga kirmasligini ma’lum qilgan.
Mavzuga doir: