Toshkent viloyati Piskent tumanida ijaraga berilgan yerni sotayotgan fermer xo‘jaligi rahbari ushlandi. Bu haqda viloyat Ichki ishlar bosh boshqarmasi xabar qildi.
Qayd etilishicha, Toshkent viloyati IIBB Korrupsiyaga va iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish bo‘limi, yer resurslarini talon-toroj qilinishiga qarshi kurash bo‘linmasi hamda Uyushgan jinoyatchilikka qarshi kurashish bo‘limi xodimlari tomonidan Nurafshon shahrida navbatdagi nazorat-reyd tadbiri o‘tkazilgan. Tadbir davomida fuqaro E.Q. (fermer xo‘jaligi rahbari) Piskent tumani hokimligi tomonidan ijaraga berilgan “O‘zbekiston” massividagi 6 gektar yer maydonini hujjatlashtirib berishni 53 ming dollariga kelishgani aniqlangan. U arizachidan boshlang‘ich badal sifatida talab qilgan 5 ming 300 dollarning 5 ming dollarini olayotgan vaqtida qo‘lga olingan.
Ma’lum bo‘lishicha, tuman “O‘zbekiston” massividagi 24 gektar yer maydoni fuqaroga fermer xo‘jaligi bilan shug‘ullanish uchun 50 yilga ijaraga berilgan bo‘lgan.
Holat yuzasidan fuqaro E.Q.ga nisbatan Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) va 28-211-moddalari (pora berish) bilan jinoyat ishini qo‘zg‘atilgan.