Daryo

O‘zbekistondagi tibbiyot oliygohlari talabalariga shifokor bo‘lib ishlashga ruxsat beriladi

Shuningdek, 15 ta tor sohadagi mutaxassislik bo‘yicha magistraturaga davlat grantlari 4 baravarga oshiriladi

3 daqiqa o‘qish33 068 ko‘rishlar0 izoh0

Toshkentdagi “O‘zbekiston” xalqaro anjumanlar saroyida Shavkat Mirziyoyevning sog‘liqni saqlash sohasi vakillari bilan “O‘zbekiston tibbiyoti — inson qadri uchun” mavzusidagi ochiq muloqoti bo‘lib o‘tmoqda, deb xabar bermoqda “Daryo” muxbiri.

Foto: “Daryo” / Madina Nurman

Prezident tibbiyot muassasalarini malakali kadrlar bilan ta’minlash bo‘yicha, yangi tizim joriy etilishini ma’lum qilgan.

2022/2023-o‘quv yilidan:
  • tibbiyot oliygohlariga davlat grantlari asosida qabul kvotalari, hududlarda shifokorlarga bo‘lgan haqiqiy ehtiyojdan kelib chiqib, maqsadli oshirib boriladi;
  • ftiziatriya, gematologiya, nefrologiya, pulmonologiya, psixiatriya, shoshilinch tibbiy yordam, laboratoriya ishi, yuqumli kasalliklar kabi 15 ta tor sohadagi mutaxassislik bo‘yicha magistraturaga davlat grantlari 4 baravarga oshiriladi;
  • 11 ta tibbiyot oliygohida olti oylik ixtisoslashgan kurslar tashkil etilib, har yili 500 nafardan oilaviy shifokorni hududlardagi eng zarur tor soha mutaxassisligi bo‘yicha maqsadli o‘qitish dasturi amalga oshiriladi.
Davlat rahbari bakalavriat, magistratura va klinik ordinatura ta’lim tizimi takomillashtirilishini aytgan.

“Xususan, bitiruvchilarga qo‘yiladigan malaka talablari, ehtiyoj yuqori bo‘lgan muhim yo‘nalishlar bo‘yicha, qayta ko‘rib chiqiladi; o‘quv rejalari va dasturlar, talabalarning bilimini baholash tizimi xalqaro standartlarga moslashtiriladi; 11 ta tibbiyot oliygohida alohida o‘quv markazlari tashkil etilib, ular zamonaviy Simulyatorlar bilan jihozlanadi. Buning uchun, 250 milliard so‘m yo‘naltiriladi”, — deydi Shavkat Mirziyoyev.

Bundan tashqari, tibbiyot oliygohlarining magistratura bosqichida va bakalavriatning 5–6-kurslarida o‘qiyotgan talabalarga, yo‘llanma asosida, birlamchi va tez yordam tizimida shifokor bo‘lib ishlashga ruxsat berilishi ta’kidlangan.

“Bu orqali, har yili 7 mingga yaqin talaba munosib ish haqi olib, ta’limni amaliyot bilan birga olib borish imkoniga ega bo‘ladi. Amaliyot davrida yo‘nalishini o‘zgartirishga qaror qilgan talabalarga, o‘qishni boshqa turdosh mutaxassisliklar bo‘yicha davom ettirishga ruxsat beriladi. Shu bilan birga, soha uchun ilg‘or meditsinani chuqur tushunadigan, axborot texnologiyalari va chet tillarini yaxshi biladigan, boshqaruv qobiliyatiga ega bo‘lgan zamonaviy tibbiyot menejerlarini tayyorlashga alohida e’tibor qaratamiz”, — deydi davlat rahbari.

Shavkat Mirziyoyev, shuningdek, xorijdan nufuzli mutaxassislar jalb qilinib, tibbiyot sohasida malaka oshirish tizimi mutlaqo yangi yondashuvlar asosida to‘liq o‘zgarishini qayd etgan.

“Bunda, 11 ta tibbiyot oliygohida malaka oshirish va qayta tayyorlash fakultetlari, 23 ta ixtisoslashgan markazlarda maxsus o‘quv kurslari tashkil etiladi. Shuningdek, yirik va nufuzli xususiy shifoxonalarda tibbiyot oliygohlarining klinik bazalari tashkil etilib, ularga ham shifokor va hamshiralar malakasini oshirish hamda qayta tayyorlashga ruxsat beriladi. Shu munosabat bilan Respublika tibbiy xodimlar kasbiy malakasini rivojlantirish hamda O‘rta tibbiyot xodimlari malakasini oshirish markazlari faoliyati to‘liq qayta ko‘rib chiqiladi”, — deydi prezident.

Shavkat Mirziyoyevning ta’kidlashicha, “bu tashkilotlar endi faqat zamonaviy metodikalarni ishlab chiqish va joriy qilish bilan shug‘ullanadi”.

“Shu bilan birga, shifokorlarning malaka toifasini olish muddatlari qayta ko‘rib chiqiladi. Bunda, toifasiz xodimlarga talab etiladigan ish stajlari 5 yildan 3 yilga, birinchi toifaga – 7 yildan 5 yilga, oliy toifaga – 10 yildan 7 yilga qisqaradi. Mavzuga doir:  Eslatib o‘tamiz, Shavkat Mirziyoyev 4-mart kungi videoselektor yig‘ilishida barcha davlat tashkilotlari va muassasalarida talabalarning ishlashiga ruxsat berilishini ma’lum qilgandi. O‘shanda oliygohlar atrofidagi maktab va bog‘chalarda 13 ming vakant ish o‘rinlari mavjudligi, kamida 10 ming nafar talabani ular uchun joylashuvi qulay bo‘lgan maktab va bog‘chalarga ishga joylashtirish mumkinligi ko‘rsatib o‘tilgan edi.
Telegram kanal@daryoObuna bo‘lish

Siz qanday fikrdasiz?

Avval fikringizni yozing. Yuborishda hisobingizni tasdiqlaysiz.

O‘xshash yangiliklar