Daryo

Qarshidagi maktab o‘quvchilari darsdan qochib, mushtlashayotgani aks etgan video tarqaldi. Avvalroq shu maktabda o‘qiydigan prokurorning o‘g‘li sinfxonada hojatini chiqargandi

1-maktab direktori Zebiniso Tursunova darsdan qochgan o‘quvchilar maktabning 11-sinf o‘quvchilari ekanini, ular videoda ko‘ringanidek 15-20 nafar emas, 5-6 nafar bo‘lganini, holat bo‘rttirib ko‘rsatilganini aytdi

2 daqiqa o‘qish67 590 ko‘rishlar0 izoh0
Foto: Skrinshot

Qashqadaryo viloyatining Qarshi shahrida joylashgan 1-sonli ixtisoslashtirilgan umumta’lim maktabi o‘quvchilari maktab darvozasidan oshib tushib, darsdan qochgani, keyinchalik mushtlashgani xabar berildi. Bu haqda “Daryo”ga xabar bergan manbaning aytishicha, maktabning darsdan qochgan o‘quvchilari 20 nafardan ortiq bo‘lgan.

“O‘quvchilar dars paytida maktab hovlisining orqa tomonidagi darvozasidan oshib tushib, shu yaqin atrofda boshqa bolalar bilan mushtlashgan. Mushtlashuvga aynan nima sabab bo‘lgani noma’lum”, — deydi “Daryo” manbasi.

Tahririyatga taqdim etilgan videolardan anglashilishicha, maktab o‘quvchilarining mushtlashuvida 50-60 nafar o‘quvchi ishtirok etgan.
Foto: Skrinshot

Videotasvirlarni izohlagan maktab mas’ullaridan biri mushtlashuvda ko‘ringan barcha o‘quvchilar 1-maktab o‘quvchilari emasligini, notanish o‘quvchilar ham borligini ma’lum qilgan.

“Daryo” muxbiri bilan suhbatlashgan 1-maktab direktori Zebiniso Tursunova darsdan qochgan o‘quvchilar maktabning 11-sinf o‘quvchilari ekanini, ular videoda ko‘ringanidek 15-20 nafar emas, 5-6 nafar bo‘lganini, holat videoda bo‘rttirib ko‘rsatilganini aytdi.

“Maktab binosining chiqish qismi qattiq nazoratda bo‘lgani sabab o‘quvchilar orqa tomondagi darvozadan ko‘chaga chiqishgan. Ular videoda ko‘ringanidek 15-20 nafar emas, 5-6 nafar o‘quvchi bo‘lgan. Holat videoda bo‘rttirib ko‘rsatilgan”, — deydi maktab direktori.

Maktab mas’ulining qo‘shimcha qilishicha, 11-sinf o‘quvchilari Qarshi shahridagi 11-sonli maktabning yuqori sinf o‘quvchilari bilan mushtlashgan.

Foto: Skrinshot

“11-maktab o‘quvchilari bizning maktabga kelib, o‘quvchilarimizni chaqirishgan. Ular ham chiqib, bolalar o‘zaro mushtlashgan. Kecha va bugun shu holat muhokama qilindi. Ota-onalarga Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeks bilan ma’muriy bayonnoma tuzilib, to‘plangan hujjatlar Qarshi shahar IIBga taqdim etilgan”, — deydi maktab direktori.

Direktor aynan necha nafar ota-ona javobgarlikka tortilganini bilmasligini, bunga Qarshi shahar IIB aniqlik kiritishi mumkinligini bildirdi.

Viloyat IIB axborot xizmati mas’ullari esa “Daryo”ning bu haqdagi so‘rovini javobsiz qoldirdi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq ijtimoiy tarmoqlarda Qarshi shahridagi 1-maktab o‘quvchisining sinfxonada suv solingan chelakka hojatini chiqargani aks etgan video tarqalgandi. Mazkur videodagi holatni o‘rgangan viloyat IIB o‘quvchining ota-onasi jarimaga tortilganini bildirgandi. “Daryo” muxbiri keyinchalik huquqbuzarlik sodir etgan maktab o‘quvchisining otasi Qashqadaryo viloyat prokuraturasida mas’ul lavozimda faoliyat yuritishini, prokuror sifatida ishlagan mas’ul qancha miqdorda jarimaga tortilgani noma’lumligicha qolganini bildirgandi. Mavzuga doir: 

Qashqadaryodanman. 2012-yil O‘zMUning jurnalistika fakultetini tamomlaganman. “Daryo”da 2018-yildan beri ishlayman. Yoqtirgan kino va filmlarim ko‘p, ammo ular orasida “Jigar” bo‘lakcha. Kitoblardan esa Abdulla Qodiriyning “O‘tkan kunlar asari yoqadi.

Telegram kanal@daryoObuna bo‘lish

Siz qanday fikrdasiz?

Avval fikringizni yozing. Yuborishda hisobingizni tasdiqlaysiz.

O‘xshash yangiliklar