Qashqadaryo viloyati Kitob tumanida 28-yanvar kuni esgan kuchli shamol ko‘p qavatli uylarga ham zarar bergan, deb xabar bermoqda “Daryo” muxbiri.

Qayd etilishicha, kuchli shamoldan Kitob tumanining “Guliston” mahalla fuqarolari yig‘ini hududida joylashgan ko‘p qavatli uylar ham zarar ko‘rgan.

“Bugungi shamoldan ko‘p qavatli uylarga ham ziyon yetgan. ‘Dom’ning tomi uchib ketdi”, — deydi bu haqda “Daryo”ga xabar qilgan A’zam Ahmadov.

Kitob tumani hokimligi axborot xizmati rahbari Qahramon Oqilov videodagi holatni tasdiqlar ekan, muammo shaxsan hokim nazoratiga olinganini qo‘shimcha qildi.

“Haqiqatan ham bugungi kuchli shamol oqibatida ‘Guliston’ mahallasi Guliston ko‘chasidagi to‘rt qavatli 40 xonadonli uy tomining jami 900 kvadrat metr qismi zararlangan bo‘lib, asosan 2 ta xonadonning tom qismidagi qurilish materiallari uchgan. Ammo tuman uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish bo‘limi mas’ullari uyning ochiq qolgan tomiga sellofon yotqizib, yomg‘irdan saqlash ishlarini amalga oshirdi”, — deydi Qahramon Oqilov.

Tuman hokimligi axborot xizmati rahbarining qo‘shimcha qilishicha, 29-yanvar kuni tuman hokimi Alisher Zokirov boshchiligidagi mas’ullar “Guliston” mahallasida bo‘lib, tomi uchgan ko‘p qavatli uyni ko‘zdan kechiradi.

“Hokim boshchiligidagi mas’ullar muammoni joyiga borib o‘rganib, aholiga yordam ko‘rsatishni maqsad qilishgan”, — deydi hokimlikning mas’ul xodimi.