Aktrisa hamda boshlovchi Nigora Karimboyeva Yashin TV YouTube kanaliga bergan intervyusida o‘ylamay gapirgan bir og‘iz gapi uchun “Oltin humo” taqdirlash marosimi boshlovchiligi unga nasib qilmagani haqida so‘zlab berdi.

Bir tomondan kulgim, bir tomondan yig‘lagim keladi. Chunki meni Matyoqub aka ‘Oltin humo’ga boshlovchi sifatida taklif qildilar. ‘Boshlovchi sifatida o‘zbek tilida emas, rus tilida olib borgin, Nigora, chunki boshqa davlatlardan mehmonlarimiz bor, ular rusiyzabon’, — dedilar.

Xo‘p, dedim. Ssenariy berishdi, men uni ruschaga tarjima qildim, tayyorlandim. Bir kun oldin repetitsiyaga chaqirishdi. Bordim, hech kim yo‘q. Rejissor o‘tiribdi, Matyoqub aka va boshqa xodimlar bor, boshlovchilar yo‘q. Men bilan Rixsitilla, Dilnoza Kubayeva chiqishi kerak. Keldim, matnimni o‘qib berdim. Ertasi kuni ertalab soat 10:00 ga chaqirishdi. Keldim, soat 10:00 da yana hech kim yo‘q. Jahlim chiqdi.

‘Nega bular bunaqa, soat 10 ga deyildi, kelmaydimi, mening ishlarim bor’, — dedim. Matyoqub aka ‘Matningni o‘qib, keyin ketaver’, dedilar. Soat 11 ham bo‘ldi, kelishdi bittadan, Rixsitilla keldi, Dilnoza keldi. Lola opam Eltoyeva hammadan birinchi keldilar.

‘Lola opa, tavba qildim, qachon shu narsadan qutulaman?’, — dedim. ‘Nima bo‘ldi, Nigora?’, — dedilar. ‘Nimaga men aytilgan vaqtga kelaman, bu kasallik. Mana o‘tiribman, hatto siz kech qoldingiz’, — dedim.

‘Ha, kech qoldim, teatrda ishim bor edi’, — dedilar. ‘Bu kasallik menga umuman yoqmaydi, keyingi safar hamma joyga kechikib kelaman’, —  dedim.

Shundoq og‘zimdan chiqdi va farishtalar shu gapimni olib ketishdi. O‘rtada syomkam bor edi, unga borib keldim. Keyin soat 16:00 da salonga qaytdim, o‘zimga qarab, sochlarimni to‘g‘rilatgani. Soat 18:00 da konsert. 17:30 da mashinamga o‘tirdim. Salonim Pedagogika instituti tarafda, ya’ni Panoramagacha 5 daqiqalik yo‘l. Mashinaga o‘tirdim, tirbandlik, harakat taqa-taq to‘xtadi. Telefon qilishyapti, ‘Nigora qayerdasiz’, deb. Siljib-siljib, mana Humo’ning oldiga keldim, Televideniye oldiga keldim, deb aytyapman. Soat 17:55. Nima qilishimni bilmayman. Qaltirab, matnim qo‘limda, ko‘ylaklarim tayyor, yo‘lda tufligimni kiydim, taqinchoqlarimni taqdim. Panoramaning oldiga kelganimda, soat 18:03 edi. Mashinamni duch kelgan joyga qo‘ydim-da, kirishim bilan qo‘ng‘iroq qilishdi: ‘Nigora, biz boshladik’, – deyishdi.

‘Men chiqib, qo‘shilib olay’, — dedim. ‘Panoramada sahnaning orqasidan chiqish yo‘q, faqat sahnadan chiqish mumkin ekan. Qo‘shilib keta olmaysiz’, — deyishdi.

Endi tasavvur qiling, mening shuncha mehnatim, tarjimalarim, tayyorlanib kelganim... Nima qilishni bilmadim, mashinamga o‘tirib yig‘ladim, uvullab yig‘ladim.

Nigora Karimboyeva, aktrisa va boshlovchi

Shuningdek, aktrisa intervyu davomida Zo‘r TV telekanalida uning dilini og‘ritishgani bois to‘rt oydan so‘ng u yerdan ketgani haqida ham gapirdi.

“Telekanal jamoasi haqida gapirishni istamayman. O‘sha telekanal oldidan o‘tsam yig‘lagim keladi. Bilmadim, nega unaqa bo‘ldi. Men bilan hech kim shunaqa qilmagan. Hattoki ketganimdan keyin o‘sha kanaldagi boshqa ko‘rsatuvlarga mehmon sifatida ham taklif qilishdi. Lekin o‘sha joyga borgim kelmadi. Gapirsam, chuqurlashib ketaman, shuning uchun gapirmayman”, — deydi Nigora Karimboyeva.