Bugun,

  • USD 11014.01
  • RUB 191.8
  • EUR 10674.78

O‘zbekiston prezidenti 2021-yil 30-dekabr kuni “Atrof-muhitni muhofaza qilish hamda ekologik nazorat sohasidagi davlat organlari faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorni imzoladi, deb xabar beradi O‘zA.

Foto: “Daryo” / Madina Nurman

Foto: “Daryo” / Madina Nurman

Hujjatga muvofiq 2022-yil 1-martdan boshlab davlat organlari, muassasalari va korxonalari, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari va ko‘p kvartirali uy-joylar mulkdorlariga ular egaligidagi bino va inshootlarga tutash (chegaradosh) bo‘lgan yer uchastkalari quyidagi shart va majburiyatlar bilan ularga doimiy foydalanish huquqi bilan ajratib beriladi:

  • yer uchastkalarini obod holda saqlash;
  • daraxtlar, butalar, boshqa o‘simliklar va nihollarni parvarish qilish va sug‘orish;
  • yig‘ishtirish-tozalash ishlarini amalga oshirish va chiqindi qutilarini o‘rnatish;
  • bolalar maydonchalari, o‘tirish joylari (skameykalar), tungi yoritish tizimini o‘rnatish, ta’mirlash va saqlash;
  • aholi uchun piyoda yo‘laklarini barpo etish, ta’mirlash va lozim darajada saqlash.
Shu bilan birga, doimiy foydalanish huquqi bilan ajratib beriladigan yer uchastkalarida bino, inshoot, ishlab chiqarish va noishlab chiqarish hamda yengil konstruksiyali obyektlarni o‘rnatish va qurish taqiqlanadi.

Yer uchastkalarini ajratib berish viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari zimmasiga yuklatilgan. Doimiy foydalanish huquqi bilan ajratib beriladigan yer uchastkalarida belgilangan shart va majburiyatlar bajarilishi ustidan nazorat ichki ishlar organlari jamoat xavfsizligi xizmati, Milliy gvardiyaning patrullikka jalb etilgan bo‘linmalari hamda ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish organlari tomonidan amalga oshiriladi.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklariga 2023-yil 1-yanvarga qadar shaharlar va boshqa aholi punktlarida joylashgan hamda bo‘sh turgan obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirishga mo‘ljallangan yer uchastkalari tegishli davlat organlari, muassasalari va korxonalari, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari va ko‘p kvartirali uy-joylar mulkdorlariga ajratilishi topshirilgan. Keyinchalik ular doimiy ravishda shaharsozlik faoliyati natijasida shakllangan yangi obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirishga mo‘ljallangan yer uchastkalari belgilangan tartibda ajratilib borilishini ta’minlaydi.

Eslatib o‘tamiz, 2021-yilning aprel oyida Prezident Shavkat Mirziyoyev Toshkent shahrining Yashnobod tumaniga tashrifi davomida hududdagi “Parvoz” MFYda ham bo‘lib, mahalla faollari va nuroniylar bilan muloqotda poytaxtdagi har bir mahallaga obodonlashtirish uchun o‘rtacha 2 milliard so‘mdan mablag‘ ajratilishini ta’kidlagan edi.

Iyun oyida “Gazeta.uz” aholi obodonlashtirish ishlari vaqtida nimalar bilan to‘qnash kelgani haqida yozgan edi: gulzorlarning buzib tashlanishi, hovlilarning avtoturargoh uchun maydon qilingani, avvallari yashil hudud bo‘lgan joylarni va bolalar maydonchalarining betonlashtirilishi, shuningdek, hamma joyda aksariyat holatlarda mantiqsiz ravishda baland qizil-kulrang bordyurlarning qo‘yilishi. Ko‘p hollarda obodonlashtirish ishlari aholi bilan maslahatlashuvlarsiz va mablag‘larni muhimroq ehtiyojlarga yo‘naltirish bo‘yicha ularning iltimoslarini inobatga olmagan holda amalga oshirilmoqda.

Sentabr oyida Shavkat Mirziyoyev obodonlashtirish dasturining amalga oshirilishi bo‘yicha munosabat bildirgan edi. “Katta qilib yarim metrli bordyur qo‘yyapti. Baraka topgur, mashinalar poyga o‘ynaydimi?”, — deya so‘ragan edi u.

2021-yilning noyabrida Toshkent hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayev “Yashil makon” umummilliy loyihasi va “Obod mahalla” dasturini amalga oshirilishda yo‘l qo‘ygan qator xato va kamchiliklarni “izohlashga so‘z yo‘q”ligini ta’kidlagandi. O‘shanda poytaxt hokimi Toshkent hokimligi qoshidagi Obodonlashtirish bosh boshqarmasi boshlig‘i Sanjar Umatovni mahallalarni obodonlashtirishdagi kamchiliklar uchun ishdan olgandi.

Izoh
Asosiy yangiliklar
Mahalliy
Shavkat Mirziyoyev rasmiy tashrif bilan Vengriyaga boradi
Mahalliy
Samarqandda bir guruh yigitlar IIB xodimlariga qarshilik ko‘rsatib, qochishga uringani aks etgan video bo‘yicha izoh berildi
Sport
Indoneziyadagi futbol uchrashuvi vaqtida yuzaga kelgan tartibsizliklar oqibatida 127 kishi halok bo‘ldi (video)