O‘zbekiston 2021-yilning o‘n oyi mobaynida quturish kasalligi bo‘yicha hayvonlardan olingan 500 ga yaqin namunaning birortasida qutirish kasalligi aniqlanmagan. Bu haqda Respublika hayvonlar kasalliklari tashxisi va oziq-ovqat mahsulotlari xavfsizligi davlat markazi direktori Baxriddin Tangyarikov “Daryo”ga ma’lum qildi.

Baxriddin Tangyarikovning ma’lum qilishicha, markaz laboratoriyasiga hayvon yoki parrandada kasalga gumon qilib olib kelingan namunaning test javobi 2 soat mobaynida chiqarib beriladi.

Foto: “Daryo”

“Bizda parranda grippi, hayvonlarning quturish kasalligi va barcha virus kasalliklarini tekshirish uchun ekspress test naborlarimiz bor. O‘tgan o‘n oy mobaynida respublika bo‘yicha quturish kasalligi bilan olingan 500 ga yaqin namunadan birortasida musbat natija chiqmagan. Laboratoriyamizga kelgan 20 dan ortiq namunada quturish kasalligi aniqlangani yo‘q. Bizda musbat natija qayd etilmadi”, — dedi markaz rahbari.

Ta’kidlanishicha, quturish kasalligi faqat hayvondan odamga yuqadi.

“Kasallik odamdan odamga yuqmaydi. Jarohat olingan joyga so‘lak tushadigan bo‘lsa, quturish kelib chiqadi. Yashirin davri — so‘lak tushgan yoki tishlangan joy oliy nerv sistemasiga qanchalik yaqinligiga bog‘liq. Agar jarohat oyoqda bo‘lsa, 2-3 oydan keyin quturish mumkin. Jarohat boshda bo‘ladigan bo‘lsa 20 kunda kelib chiqadi. Dastlabki bosqichda oyoqlar, nafas olish organlari — tomoq yoki pastki jag‘ qismi falajlanadi. Natijada kasal odam komaga tushib, vafot etishi mumkin”, — dedi Baxriddin Tangyarikov.

Mutaxassisning alohida ta’kidlashicha, Respublika hududida hayvonlarning o‘ta xavfli yuqumli: kuydirgi, quturish kabi kasalliklar bo‘yicha sog‘lom epizootik vaziyat saqlanmoqda. Xalqaro epizootik byuroning bu yilgi hisoboti bo‘yicha O‘zbekiston yashil hududga kiritilgan.

Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish davlat qo‘mitasi axborot xizmati ma’lumotlariga ko‘ra, joriy yilning o‘tgan davri mobaynida 2,5 milliondan ortiq it quturish kasalligiga qarshi emlangan.

Hukumat qaroriga ko‘ra, kuydirgi, o‘lat, qutirish, botulizm, parranda grippi va boshqa bir qancha kasalliklar bilan kasallangan yoki gumon qilingan hayvonlar go‘sht uchun so‘yish taqiqlanadi.