“Milliy tiklanish” demokratik partiyasidan nomzod Alisher Qodirov 21-oktabr, payshanba kuni toshkentlik saylovchilar bilan uchrashuvda prezidentlik saylovida g‘olib bo‘lish imkoniyatini baholadi.

Foto: “Daryo” / Madina Nurman

“Men hozir taxmin qilmoqchi emasman. Saylovning natijalari e’lon qilingandan keyin ma’lum bo‘ladi. Lekin men bir narsani e’tirof etib ketishim kerak, tajriba yoki siyosiy nuqtayi nazardan bo‘ladimi, barcha masalalar bo‘yicha O‘zbekistonda bugun kelayotgan raqobat muhitida yaqqol fikrlar ajralib turibdi. Va bizning fikrlarimiz odamlarga yoqmayotgan bo‘lishi mumkin”, — degan u “Gazeta.uz”ning bu boradagi savoliga javoban.

Alisher Qodirov, shuningdek, migrantlardan soliq undirish borasidagi taklifiga ham to‘xtalib o‘tgan.

“Mana bitta aytgan taklifimizga shuncha negativ munosabat. Men shunaqa gapimni tushuntira olmayotgan paytimda ham shu millat, vatan haqida o‘ylayapman, lekin odamlar meni tushunmayotgan paytda g‘alabadan umidvor bo‘lishim mumkinmi? Afsus bilan aytish kerak, agar odamlar meni tushunmayotgan bo‘lsa, menga ovoz bermaydi”, — degan u.

Shunga qaramasdan, g‘oyalarni ilgari surishdan to‘xtamasligini qo‘shimcha qilgan.

“Lekin men gapdan to‘xtamoqchi emasman, davom ettiraveraman. Ehtimol, g‘alabadan umidvor emasdirman, lekin natijada odamlar, albatta, o‘zgaradi. Ishonchim komil, O‘zbekistonning jamiyati baribir o‘zgaradi”, — degan Alisher Qodirov.

Eslatib o‘tamiz, “Milliy tiklanish” demokratik partiyasidan prezidentlikka nomzod Alisher Qodirov 14-oktabr kuni Andijon viloyatidagi saylovchilar bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvda migrantlardan ham soliq undirish taklifini bildirgandi. Oradan ikki kun o‘tib Shavkat Mirziyoyev bunga munosabat bildirib, migrantlarni “fidoyi farzandlarim” deb atadi va agar rahbar bo‘lib ishlasa, ular hech qachon soliqqa tortilmasligini aytdi.

Davlat soliq qo‘mitasi matbuot kotibi Muzaffar Nazarov keltirilgan tashabbusni amalga oshirish bo‘yicha hozirda hech qanday takliflar yo‘qligini “Daryo”ga ma’lum qildi.