Mamlakat kelajagi, inson hayotining barcha sohalarini rivojlantirish va amalga oshirilayotgan islohotlarning muvaffaqiyati bevosita ta’lim va ilm-fan sohasidagi siyosatning samaradorligiga bog‘liq. O‘zbekiston ta’lim va ilm-fan ustuvorligini e’tirof etgan holda, ta’limning sifati va erkinligini ta’minlash, bu sohada davlat boshqaruvining samarali tizimini yaratish bo‘yicha tizimli va keng doiradagi chora-tadbirlarni amalga oshirmoqda. So‘nggi besh yilda ta’lim sohasida O‘zbekiston Prezidentining 95 ta farmon va qarorlari hamda Vazirlar Mahkamasining 222 ta qarorlari qabul qilindi. Har yili davlat budjetining katta qismi ijtimoiy xarajatlar, jumladan, ta’lim va ilm-fan uchun ajratiladi. 2021-yilda bolalar bog‘chalari, maktab, kollej, texnikumlar va oliy o‘quv yurtlarini loyihalashtirish, qurish, qayta ta’mirlash va jihozlash bo‘yicha ishlarni moliyalashtirish uchun mamlakat byudjetidan 2,8 milliard so‘mdan ortiq mablag‘ ajratildi.

Mazkur maqolada ilmiy-akademik va ekspert-tahliliy doiralar, jamoatchilik tomonidan, jumladan, Internet va ijtimoiy tarmoqlarda bildirilayotgan fikrlar, shuningdek, Adliya vazirligi huzuridagi Huquqiy siyosat tadqiqot instituti tomonidan o‘tkazilgan tadqiqotlar natijalari tahlilini hisobga olgan holda siyosiy partiyalar va ularning nomzodlari tomonidan ta’lim va ilm-fan tizimini takomillashtirish bo‘yicha ilgari surilgan tashabbus va takliflarni ko‘rib chiqishga harakat qilamiz. Chunki, partiyalarning o‘z saylov platformalarida hamma uchun birdek aloqador bo‘lgan masalalarga qanday yondashuvi hamda saylov kampaniyasi davrida nomzodlarning bu yo‘nalishda ilgari surgan g‘oyalari saylovchilarning tanloviga sezilarli ta’sir ko‘rsatishi aniq.

Eng muhim masalalardan biri ta’lim sifati va ta’lim olish imkoniyati, ta’lim jarayonining ijtimoiy jihatlari hisoblanadi.

Maktabgacha ta’lim

O‘zbekistonning so‘nggi yillarda ta’lim sohasidagi eng muhim yutug‘i, shubhasiz, maktabgacha ta’limning sifat jihatidan yangi tizimini yaratishdir. 2019-yil 16-dekabrda “Maktabgacha ta’lim va tarbiya to‘g‘risida”gi alohida qonun qabul qilindi. Samarali davlat boshqaruvi tizimini yaratish, maktabgacha ta’lim muassasalari tarmog‘ini kengaytirish hamda moddiy-texnika bazasini mustahkamlash maqsadida vakolatli davlat organi – Maktabgacha ta’lim vazirligi tashkil etildi. Agar 2016-yilda respublikada 5211 ta bolalar bog‘chasi bo‘lgan bo‘lsa, hozirda ularning soni 19316 taga yetdi, maktabgacha ta’lim bilan qamrab olish 62 foizni, 6 yoshli bolalar o‘rtasida esa – 77 foizni tashkil etdi. O‘zbekistonda qamrov doirasi past bo‘lgan joylarda maktabgacha ta’lim tashkilotlari tarmog‘ini kengaytirish choralari ko‘rilmoqda. Xususan, 2021—2022-yillarda qamrov doirasi kam bo‘lgan hududlarda 68775 nafar bolalar sig‘imiga ega 2150 ta bolalar bog‘chalarini tashkil etish rejalashtirilgan.

Partiyalar maktabgacha ta’lim bilan bolalar qamrovini kengaytirishni taklif etishmoqda. Jumladan, “Adolat” sotsial-demokratik partiyasi va O‘zbekiston Ekologik partiyasi qamrovni 100 foizga oshirishni taklif etishmoqda, bunda “Adolat” partiyasi ikki yoshdan boshlab bolalarni maktabgacha ta’lim bilan qamrab olishni taklif etmoqda. O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasi 7 mingdan ortiq bolalar bog‘chalari tashkil etish orqali maktabgacha ta’lim bilan qamrovni 80 foizga oshirishga erishishni rejalashtirmoqda. O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi barcha aholi punktlarida maktabgacha ta’lim tashkilotlarini ochish, bolalarni sog‘lom ovqatlantirishni taklif etmoqda. Shuni ta’kidlash lozimki, bu takliflar barchasi ham moliyaviy jihatdan asoslanmagan, bundan tashqari, maqsadlarga erishishning aniq mexanizmlari ko‘rsatilmagan. Umuman olganda, barcha joylarda bolalar bog‘chalarining tashkil etilishi maktabgacha ta’lim bilan qamrovni anglatadimi? Keyingi besh yil ichida O‘zbekistonda maktabgacha ta’lim bilan to‘liq qamrab olish imkoniyati qanchalik haqiqatga yaqin? Taqqoslash uchun: 2017-yil uchun Education at a Glance ma’lumotlariga ko‘ra ko‘ra, Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkiloti (IHTT)ga a’zo mamlakatlarda maktabgacha ta’lim bilan qamrov o‘rtacha 83 foizni va o‘rta daromadli mamlakatlarda – 74 foizni tashkil etadi. 2019 natijalariga ko‘ra qo‘shni Qozog‘istonda bu ko‘rsatkich 78,3 foizni tashkil etadi. Bu borada O‘zLiDePning takliflari, “so‘l” partiyalar (XDP, “Adolat”, Ekologik partiya)dan farqli o‘laroq, bajarib bo‘ladigan va haqiqatga yaqin hisoblanadi.

Bundan tashqari, ikki yoshgacha bo‘lgan bolalarni maktabgacha ta’lim tashkilotlarida qamrab olish imkoniyati, sog‘lom ovqatlanishning tashkil etilishini ta’minlash huquqiy asosga ega. Xususan, “Maktabgacha ta’lim va tarbiya to‘g‘risida”gi qonun nodavlat maktabgacha ta’lim tashkilotlariga ilk bolalik yoshiga yetgan (bir yoshdan uch yoshgacha) bolalarni qabul qilish imkonini beradi. Sog‘lom ovqatlanish kafolatlari qonunda mustahkamlandi, jumladan oziq-ovqat sifati ustidan davlat nazorati tizimi yo‘lga quyildi. Sog‘lom ovqatlanishni ta’minlash tartibi hukumat qarori darajasida hal etildi — Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 25-iyuldagi 626-son “Davlat maktabgacha ta’lim muassasalarida sog‘lom ovqatlantirish tizimini yanada takomillashtirish to‘g‘risida”gi qarori bilan oziq-ovqat sifatini yaxshilash maqsadida autsorsing usuli joriy etilib, ovqatlantirish me’yorlari va nomzodlarni saralab olish mexanizmi belgilandi. Qonunda bolalarni umumiy o‘rta ta’limga majburiy bir yillik tayyorgarlikdan o‘tishi mustahkamlangan. Bolalarning umumiy o‘rta ta’limga bir yillik majburiy tayyorgarlik ko‘rishi uchun javobgarlik ularning qonuniy vakillari zimmasiga yuklatilib, mazkur masala Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 47-moddasida aniqlashtirilgan.

XDP, O‘zLiDeP va “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi olti yoshdagi bolalarni boshlang‘ich ta’limga majburiy tayyorgarlik ko‘rishini ta’minlash orqali maktabgacha va maktab ta’limining o‘zaro aloqadorligiga e’tibor qaratishgan. Bunda XDP va “Milliy tiklanish” mazkur tizimning bepullini ko‘rsatishgan bo‘lsa, O‘zLiDeP esa davlat-xususiy sheriklikni faol qo‘llash tarafdori ekanligini bildirgan. Shuningdek O‘zLiDeP o‘z tashabbusini amalga oshirish muddatini aniqlashtirgan (2024-yil yakuni). XDP va O‘zLiDePlardan farqli o‘laroq “Milliy tiklanish” amaldagi xususiy bog‘chalar tizimi bilan bir qatorda bog‘chalarni davlat tomonidan moliyalashtirishni ustuvor yo‘nalish sifatida belgilagan. “Adolat” partiyasi ham davlat maktabgacha ta’lim tizimini bepul qilishni taklif qilgan. Fikrimizcha, XDP, “Adolat” va “Milliy tiklanish” O‘zbekistonning real ijtimoiy-iqtisodiy imkoniyatlarini inobatga olishlari zarur. “O‘zbekiston Respublikasi uchun rivojlanishning moliyalashtirilishini baholash” (2021-yil) nomli tahliliy hisobotga muvofiq ta’limni, shu jumladan maktabgacha ta’limni moliyalashtirish uchun harajatlar daromad darajasi O‘zbekistonga yaqin bo‘lgan mamlakatlar, hududiy hamkor davlatlar va IHTT mamlakatlaridan ko‘ra yuqoriroq sanaladi. To‘liq bepul tizimni joriy etish Davlat byudjeti harajatlarining ortishiga olib kelishi mumkin, bu esa soliq siyosatiga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin (soliq stavkalarining oshishi). YuNISEFning “Maktabgacha ta’limda davlat-xususiy sheriklik: xalqaro tajriba va O‘zbekiston uchun darslar” nomli tavsiyalariga ko‘ra davlat-xususiy sherikchiligi (DXSh) tizimning moslashuvchanligi va raqobatni ta’minlaydi, AQSh, Buyuk Britaniya, Kanada, Lotin Amerikasi mamlakatlari tajribasi ham shundan dalolat bermoqda. Binobarin bolalar bog‘chalarini to‘liq moliyalashtirish davlat byudjetidan katta harajatlarga olib keladi. Bundan tashqari, maktabgacha ta’lim tashkilotlarining tarmog‘larini kengaytirishga qaratilgan DXSh mexanizmlarini joriy etish va rivojlantirish maktabgacha ta’lim va tarbiya sohasidagi davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri sanaladi, bu esa byudjet daromadlari va harajatlari muvozanatini saqlashga xizmat qiladi.

Umumiy o‘rta ta’lim

O‘zbekistonda 9942 umumta’lim maktablari faoliyat yuritib, ularda 611940 o‘quvchi tahsil olmoqda. O‘zbekistonda yangi turdagi va yangi sifat bosqichidagi ta’lim maskanlari, xususan, Prezident maktablari, ijod maktablari, ixtisoslashgan maktablar faoliyat yuritmoqda. Hozirgi kunga kelib, matematika yo‘nalishida 112 ta, fizika yo‘nalishida 14 ta, kimyo-biologiya bo‘yicha 87 ta, informatika va axborot-kommunikatsiya texnologiyalari bo‘yicha 99 ta, xorijiy tillar bo‘yicha 207 ta ixtisoslashgan maktablar faoliyat olib borayotganini alohida ta’kidlab o‘tish lozim. O‘zbekiston Xalq ta’limi tizimini 2030-yilgacha rivojlantirish konsepsiyasi amalga oshirilmoqda. Bugun O‘zbekistonda ta’lim sifatini oshirish va ta’lim olish imkoniyatini kengaytirish bo‘yicha islohotlar bosqichma-bosqich amalga oshirilmoqda. Jumladan, “Zamonaviy maktab” loyihasi doirasida 2020—2022-yillarda butun respublika bo‘yicha, xususan uzoqda joylashgan tuman va qishloqlarda 48 ta yangi maktablar qurilishi, 748 ta maktablarda rekonstruksiya va kapital ta’mir ishlari amalga oshiriladi. Bu maqsadlarda 4 trillion so‘mdan ortiq pul mablag‘larini ajratish rejalashtirilgan. Umuman, xalq ta’limi islohotlari o‘sib kelayotgan yosh avlodning ma’naviy-axloqiy va aqliy rivojlanishini sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarishga qaratilgan.

Bu yo‘nalishdagi aksariyat nomzodlarning takliflari partiyalarning ustuvor yo‘nalishlari bilan bog‘liq. XDP nogironligi bo‘lgan bolalarni ta’limiga, olis qishloqlardagi bolalar uchun mo‘ljallangan madaniyat muassasalari, sport inshootlari, “Barkamol avlod” markazlari, musiqa va san’at maktablarining faoliyatini yanada rivojlantirishga e’tibor qaratgan. Partiyaning nogironlar uchun ma’naviy-ma’rifiy sohada imkoniyatlarni kengaytirish borasidagi takliflari alohida e’tiborga molik. Takliflarning muayyan qismi (nogironligi bo‘lgan bolalarni qo‘llab-quvvatlashni yanada kengaytirish, inklyuziv ta’limni rivojlantirish) Prezident farmoni bilan tasdiqlangan Nogironligi bo‘lgan shaxslarni qo‘llab-quvvatlash tizimini yanada takomillashtirish hamda ularning huquq va erkinliklarini himoya qilish kafolatlarini kuchaytirish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar dasturi doirasida amalga oshirilmoqda. Bizning fikrimizcha, XDP “xalq” partiyasi maqomiga ega bo‘lgan holda hamda aholining barcha qatlamlari uchun sifatli ta’limdan teng foydalanish imkoniyatlarini ta’minlash tarafdori bo‘lib, o‘z tashabbuslari doirasida xalq ta’limini har tomonlama takomillashtirishga e’tibor qaratishi, mavjud muammolarni hal etishga tizimli yondashishi lozim. Xususan, umumiy o‘rta ta’limni rivojlantirish dasturini ishlab chiqish orqali partiya tomonidan bildirilgan takliflarni amalga oshirish samaradorligi ortishi mumkin. Shu o‘rinda O‘zLiDePdan nomzodning yangi maktablar qurish va xususiy maktablar sonini ko‘paytirish, 1,2 million o‘quvchi o‘rni yaratishni nazarda tutuvchi Maktablarni rivojlantirish davlat dasturini joriy etish to‘g‘risidagi taklifini misol qilib keltirish mumkin.

“Adolat” partiyasi va O‘zLiDePning yangi avlod darsliklari va o‘quv adabiyotlarini tayyorlash orqali ta’lim sifatini oshirishga oid intilishlari e’tiborga loyiq. “Adolat” partiyasi “Darsliklar bo‘yicha ilmiy-tadqiqot instituti”ni tashkil etishni taklif etmoqda. Bugun mazkur vazifani Xalq ta’limi vazirligi huzuridagi Respublika ta’lim markazi amalga oshirib kelmoqda. Bunday institutni tashkil etish barcha fanlar bo‘yicha mutaxassislarni bir ilmiy tuzilma doirasida birlashtirishni nazarda tutadi, bu esa tegishli soha olim va mutaxassislarining jamoasini yaratishni taqozo etadi. Funksiyalarni bitta institutga yuklash manfaatlar to‘qnashuvining vujudga kelishi xavfini oshiradi, sog‘lom raqobatni to‘liq ta’minlashga imkon bermaydi. Bu borada mualliflarni tanlov asosida saralab olishni nazarda tutuvchi amaldagi tizimni saqlab qolish haqida o‘ylab ko‘rish lozim. O‘zLiDeP 2026-yilga qadar o‘quv dasturlari va darsliklarni ilg‘or xorijiy tajriba asosida to‘la qayta ishlab, amalda joriy etishni taklif etgan. Partiyalarning qayd etilgan takliflarini amalga oshirilayotgan O‘zbekiston Xalq ta’limi tizimini 2030-yilgacha rivojlantirish konsepsiyasi doirasida hayotga tatbiq etish maqsadga muvofiq. Sifatli o‘quv adabiyotlarini tayyorlash masalasiga ketma-ketlik bilan yondashish lozim, buning uchun avval Milliy o‘quv dasturini tezroq qabul qilish lozim.

“Yashil” partiya sifatida Ekologik partiya uzluksiz ta’limning barcha bosqichlarida ekologik ta’lim-tarbiya tamoyillarini keng joriy etish, yoshlarning ekologik bilimlarini oshirishni taklif etmoqda. Ekologik madaniyat va ta’limni shakllantirish – uzluksiz ekologik ta’limi kompleks tizimini tashkil etish masalalari 2030-yilgacha bo‘lgan davrda O‘zbekistonning Atrof muhitni muhofaza qilish konsepsiyasida aks etgan. 2019-yilda Hukumat qarori bilan O‘zbekistonda Ekologik ta’limni rivojlantirish konsepsiyasi tasdiqlangan. Ekologik partiyaning takliflari mazkur konsepsiyalarda belgilangan vazifalarni amalga oshirishga qaratilgan. Yevropa va Shimoliy Amerika mamlakatlarida “yashillar” partiyasi ta’lim tizimiga kompleks tarzda yondashib, unga jamiyatni yangilash va modernizatsiya qilish kaliti sifatida qarashadi. Shu sababali, Ekologik partiya yoshlarning ekologik bilimlarini oshirishda yo‘l quyilayotgan kamchiliklarni va to‘siqlarni kengroq tahlil qilishi zarur, bu esa, o‘z navbatida, bildirilgan tashabbusni aniq va ravshan ifoda qilishga imkon berar edi.

“Milliy tiklanish” tomonidan taklif etilayotgan bola tug‘ilganidan maktabni tugallagunigacha bo‘lgan davrni o‘z ichiga olgan tarbiya va ta’lim dasturi ishlab chiqilishi uchun taklif etilayotgan yagona “Oila — bog‘cha — maktab” tizimi bir necha savollar to‘g‘ilishiga sabab bo‘lmoqda. Mazkur tizim biron-bir chora-tadbirlar, qoidalar majmuasini yoki bog‘chalar va maktablarni yagona muassasaga birlashtirishni nazarda tutishini aniqlash mushkuldir. Ta’limning uzluksizligi “Ta’lim to‘g‘risida”gi qonun bilan ta’minlangan va kafolatlangan bo‘lib, unda ta’lim tizimi yagona va uzluksizligi ko‘rsatilgan. Shuning uchun partiya va uning nomzodi tomonidan taklif etilayotgan tizimning mazmun va mohiyatini to‘liq anglab yetish uchun o‘z takliflariga aniqlik kiritilishi, saylov kampaniyasi doirasida aholi o‘rtasida tushuntirish ishlarini olib borishi maqsadga muvofiq bo‘lar edi.

Oliy ta’lim

Oliy ta’lim sohasida jiddiy islohotlar amalga oshirilmoqda. So‘nggi besh yilda nufuzli xorijiy oliy ta’lim muassasalari bilan hamkorlikda 67 ta yangi universitet va institutlar hamda filiallar barpo etilib, ularning umumiy soni 144 taga yetkazildi, qamrov darajasi 3 karra ortib, 9 foizdan 28 foizga yetdi. 2021/2022 o‘quv yilidan Yangi O‘zbekiston universiteti o‘z faoliyatini boshladi.

XDP va “Adolat” partiyasi tomonidan ilgari surilgan takliflarning asosiy qismi to‘g‘ridan-to‘g‘ri davlatning qo‘llab-quvvatlashi bilan bog‘liq. Ular bepul oliy ta’lim berish tizimini tartibga solishning zamonaviy mexanizmlarini qonuniy jihatdan mustahkamlash va amaliyotga joriy etish, kam ta’minlangan oilalarning iqtidorli farzandlarini ta’lim olishini qo‘llab-quvvatlashni taklif etishmoqda.

O‘zbekistonda oliy ta’lim sohasidagi islohotlar bepul oliy ta’lim olish uchun keng imkoniyatlar yaratdi. Ayrim turdagi shaxslar (harbiy xizmatchilarning farzandlari, xotin-qizlar, sport musobaqalari g‘oliblari, turli tanlovlar g‘oliblari, kam ta’minlangan oilalar farzandlari) uchun oliy ta’lim muassasalari (OTM)ga davlat granti asosida o‘qishga kirish uchun kvotalar ajratilgan. Bugun 12 toifadagi shaxslar uchun imtihonlarsiz davlat grantlari asosida o‘qishga kirish uchun imtiyozlar, 9 toifadagi shaxslar uchun o‘qishga kirish uchun alohida kvotalar ajratilgan. 2021/2022 o‘quv yilidan boshlab kirish imtihonlarida eng yuqori ball to‘plagan 200 nafar abituriyentlar uchun Prezident granti joriy etildi. Bularning barchasi bepul oliy ta’lim olish imkoniyati mavjudligini ko‘rsatmoqda. Huddi shuningdek iqtidorli talabalar uchun kafolatlarni ham misol keltirish mumkin. Faqatgina shu yilning o‘tgan davrida davlat va nomli stipendiya uchun kvotalarni ko‘paytirish, talabalarni turar-joy bilan ta’minlash darajasini oshirish bo‘yicha amaliy chora-tadbirlarni nazarda tutuvchi 3 ta Prezident hujjatlari va 3 Hukumat qarorlari qabul qilindi.

“Adolat”ning oliy ta’lim kvotalarini butunlay yo‘q qilishga oid keskin taklifi ko‘plab munozaralarga sabab bo‘lmoqda. Oliy ta’lim kvotalarini yo‘q qilish, e’tiborni jalb qilsa-da, mazmun va mohiyati bo‘yicha OTMlar orasidagi musobaqa va sog‘lom raqobat muhitiga ta’sir ko‘rsatishi, o‘qishga kirish uchun tanlov o‘tkazishda muammolar vujudga kelishiga olib kelishi mumkin. Bundan tashqari, qabul kvotalari OTMlarning talabalarga sifatli ta’lim berishi bilan bevosita bog‘liq. Binobarin, kvotalarni keskin yo‘q qilish salbiy oqibatlarga olib kelishi mumkin. Shu bilan birga O‘zbekistonda oliy ta’lim qamrovini kengaytirish yuzasidan rejali asosda ishlar amalga oshirilmoqda. O‘tgan besh yil davomida kvotalar uch baravarga, ya’ni 57907 ta (2016/2017 o‘quv yili)dan 157755 ta (2021/2022 o‘quv yili)ga ko‘paytirildi. Xususan, davlat granti asosida o‘qish uchun kvotalar bir yarim baravarga oshirildi. Joriy o‘quv yilidan boshlab respublikadagi xorijiy oliy ta’lim tashkilotlari va ularning filiallari hamda nodavlat oliy ta’lim tashkilotlarida davlat granti asosida o‘qitish tizimi yo‘lga qo‘yildi. Shuning uchun oliy ta’lim kvotalarini yo‘q qilish maqsadga muvofiq emas, mazkur masalani oliy ta’lim qamrovini bosqichma-bosqich kengaytirish hisobiga muhokama qilish maqsadga muvofiq.

O‘zLiDeP va Ekologik partiyaning oliy ta’limga oid takliflari oliy ta’lim qamrovi bo‘yicha o‘zining aniqligi bilan ajralib turadi. O‘zLiDeP ta’lim sifatini oshirish bilan bir vaqtda yoshlarning qamrov darajasini 50 foizga, Ekologik partiya esa 40 foizga yetkazishga e’tibor qaratgan.

Keyingi besh yilda O‘zLiDeP xususiy oliy ta’lim tashkilotlari sonini kamida 50 taga yetkazish maqsadini qo‘ygan. Mazkur tashabbus ulkan istiqbollarga ega. Garvard, Stenford, Priston universitetlari kabi nufuzli OTMlari xususiy sanaladi. Buyuk Britaniyada mashhur sudyalarning 74 foiz, muvafaqqiyatli faoliyat yuritayotgan jurnalistlarning 51 foiz, shuhrat qozongan va yuqori maosh oladigan fan doktorlarining 61 foiz ta’limni xususiy universitetlarda olishgan. Xususiy universitetlarga davlat OTMlariga quyilgan talablardan kam bo‘lmagan talablar qo‘yiladi. Bu esa oliy ta’lim sohasida nodavlat sektori samaradorligini ko‘rsatadi. Partiya davlat OTMlari tomonidan bosqichma-bosqich mehnatga haq to‘lash, xodimlar soni, to‘lov-kontrakt miqdori va ta’lim shaklini mustaqil belgilash amaliyoti yo‘lga qo‘yilishini nazarda tutgan. Bunda, fikrimizcha, takliflarni ro‘yobga chiqarish mamlakat OTMlarini xalqaro e’tirof etilgan tashkilotlar reytingiga kiritish, ularning akademik mustaqilligini ta’minlash kabi masalalar joy olgan O‘zbekiston Oliy ta’lim tizimini 2030-yilgacha rivojlantirish konsepsiyasi doirasida amalga oshirilishi lozim.

Ekologik partiyaning tabiat muhofazasi va ekologiya sohasidagi takliflari umumiy tusga egaligi takidlanmoqda. Partiyadan nomzod ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish yo‘nalishlari bo‘yicha malakali kadrlar tayyorlashni kengaytirishni ilgari surgan. Bugun bu sohadagi oliy ma’lumotli kadrlarni tayyorlash 27 OTMlarining bakalavriat bosqichida amalga oshiriladi, magistrlar 12 OTMlarda tayyorlanadi. Xususan, bakalavriat kvotalari soni 950 o‘rinni tashkil etadi, bunda ularning barchasi bir yo‘nalish – “Ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish” doirasida nazarda tutilgan. Bunday bir tomonlama yondashuv jiddiy muammolardan biri bo‘lib, unga Ekologik partiya o‘z e’tiborini qaratgan. AOKAdagi brifingda Bosh prokuratura vakili tomonidan mutaxassislar yetishmasligi daraxtlar kesish uchun noqonuniy xulosalar berilishiga sabab bo‘lganligi aytib o‘tildi. Keltirilgan statistikaga ko‘ra Davlat ekologiya qo‘mitasining 2000 nafar xodimi orasida 10 foizga yaqini ekologiya sohasidagi mutaxassislar bo‘lib, “arborist”, “fitopatolog”, “dendrolog” va “entomolog” kabi mutaxassislar yo‘q. Nazarimizda, bu masalalar Ekologik partiya tashabusslarida o‘z aksini topishi lozim edi. Shu jihatdan nomzodga saylovoldi dasturi doirasida yashil iqtisodiyot va atrof muhitni muhofaza qilish bo‘yicha takliflarni yoritishda qo‘llagan yondashuvidan foydalanishi o‘rinlidir.

Uzluksiz ta’lim sifatini mustaqil baholash tizimini shakllantirish va qo‘shimcha pedagogik ta’lim xizmatlari bozorida raqobatni rivojlantirish – partiyaning “yashil” yondashuv bo‘lmagan ayrim takliflaridan biri. Bunda partiya tomonidan taklif etilayotgan mustaqil tizim nodavlat sektori rivojlanishini anglatadimi yoki jamoatchilik nazoratini kuchaytiradimi degan savol orqali o‘z taklifi mohiyatini ochib berishi maqsadga muvofiq. Hozirda bu tizim davlat nazorati ostida amalga oshirilmoqda. Xususan, 2017-yildan boshlab Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi o‘z faoliyatini boshlagan bo‘lib, ta’lim tizimida o‘quv-tarbiya jarayonlari, professor-o‘qituvchilar tarkibi, kadrlar tayyorlash va ularning malakasini oshirish sifatini nazorat qilish, pedagog kadrlarga malaka toifalarini berish bo‘yicha davlat siyosatini amalga oshiradi.

Ta’lim jarayonining ijtimoiy jihatlari

Ijtimoiy masalalarga XDP, “Adolat” va “Milliy tiklanish” partiyalari alohida urg‘u berishgan. XDP ta’lim jarayoni ishtirokchilarining moddiy-maishiy sharoitlarini yaxshilash, olis va chekka hududlarda “Qishloq o‘qituvchisi” dasturini amalga oshirish, ularni moddiy va ma’naviy rag‘batlantirish tizimini qonunchilikda mustahkamlashga, “Adolat” esa – “O‘qituvchining maqomi to‘g‘risida”gi Qonuni qabul qilishga e’tibor qaratgan. Qayd etilgan takliflar muayyan darajada amaliyotda joriy etilmoqda. Prezidentning “Olis hududlardagi byudjet tashkilotlariga malakali mutaxassislarni jalb qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori bilan boshqa hududlarda faoliyat olib borayotgan o‘qituvchilarga bazaviy hisoblash miqdorining 50 baravari miqdorida bir martalik boshlang‘ich yordam puli va uy-joylarni ijaraga olganlik (ijarada turganlik) uchun bazaviy hisoblash miqdorining 2 baravari miqdorida har oylik pul kompensatsiyasining berilishi belgilangan. “O‘qituvchilarning maqomi to‘g‘risida”gi qonun Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini muhokama qilish portalida 2019-yilning yanvarida muhokamadan o‘tkazilgan (qonun loyihasi Xalq ta’limi vazirligi tomonidan ishlab chiqilgan), keyinchalik qayta ishlanganidan so‘ng, 2020-yilning noyabr-dekabr oylarida “Pedagogik xodimning maqomi to‘g‘risida”gi qonuni (qonun loyihasi Adliya vazirligi tomonidan ishlab chiqilgan) muhokamaga quyilgan. “Adolat” partiyasi mazkur loyihalar yuzasidan bildirilgan fikr-mulohazalarni inobatga olgan holda takliflarni tahlil qilishi va ishlab chiqishi maqsadga muvofiq.

Ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash masalalari O‘zLiDeP va XDP ta’lim jarayoni ishtirokchilariga moddiy yordam ko‘rsatish doirasidagi takliflari o‘xshashligini ko‘rsatadi. Gap talabalar uchun yotoqxonalar qurish, ta’limning barcha bosqichidagi muassasalar va ularning xodimlari, ilmiy-ijodiy ziyolilarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash haqida ketmoqda. “Milliy tiklanish” oliy ta’lim imkoniyatlarini maktabgacha va umumiy o‘rta ta’limni yaxshilashash bilan bog‘lagan. Bu maqsadlarda partiya davlat sohada bosh buyurtmachi sifatida pedagoglar tayyorlash tizimini to‘la moliyalashtirishni taklif etgan. Bunda ko‘rsatib o‘tilgan takliflardagi vazifalarni amalga oshirish mexanizmi va ularga erishish yo‘llari davlat-xususiy sherikchiligining samarali choralari qo‘llangan holda iqtisodiy asoslantirilgan bo‘lishi lozim.

“Milliy tiklanish” partiyasi va uning nomzodi bildirgan ayrim takliflar (ish haqini oshirish, pensiya yoshini kamaytirish, o‘qituvchilar uchun reyting tizimi) asoslanmagan bir shiorga o‘xshaydi. Xususan 18 yoshgacha farzandlari bo‘lgan ota-onalarni qo‘llab-quvvatlash nazarda tutilgan. Biroq bu masala yuzasidan ko‘p o‘ylarga tortadigan savollar to‘g‘ilmoqda. Qanday turdagi yordam ko‘rsatiladi? Qaysi mezonlar asosida? Qanday shaklda qo‘llab-quvvatlanadi? Ayniqsa bu – mazkur tashabbus kim tomonidan moliyalashtirilishi haqidagi savolga taaluqli. Tarbiyachilarning yillik sertifikatsiyasi joriy etilishi maqsadga muvofiqligiga ham javob topishning imkoni yo‘q, vaholanki qonunchilikda ularning faoliyati ustidan lozim darajada nazorat o‘rnatilgan. Amaldagi qonunchilikka muvofiq pedagogik xodimlar, tarbiyachilarning attestatsiyadan o‘tkazish besh yilda kamida bir marta Davlat inspeksiyasi tomonidan amalga oshiriladi. Bundan tashqari, tarbiyachilarning kasbiy darajasini ta’minlovchi Maktabgacha ta’lim tashkilotlari direktor va mutaxassislarini qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish instituti faoliyat yuritadi. Yillik sertifikatsiya korrupsiyaviy xavflar vujudga kelishiga olib kelishi mumkin hamda ilg‘or xorijiy tajribaga mos emas (YeH, Rossiya Federatsiyasi, Qozog‘istonda bu muddat 3-5 yilni tashkil etadi).

“Milliy tiklanish”ning tarbiyachilar ish haqini oshirish, 10 yil va undan ortiq o‘qituvchilik faoliyati bilan shug‘ullangan pedagogga oylik maoshining 50 foizini ustama sifatida qo‘shib berish, davlat mablag‘lari hisobiga maktabgacha ta’lim muassasalari, umumta’lim maktablari o‘qituvchilarini o‘qitishga oid takliflari moliyaviy-iqtisodiy asoslantirishni talab etadi. Ish haqini oshirish izchil va chuqur o‘ylangan holda amalga oshirilishi lozim. Ortiqcha byudjet harajatlari boshqa sohalardagi harajatlarni kamaytirishni yoki soliq yukini oshirishni taqozo etadi. Shuning uchun ko‘rib chiqilayotgan masala yuzasidan chuqur iqtisodiy tadqiqotlar o‘tkazish zarur.

O‘qituvchilarga 50 yoshdan nafaqaga chiqish huquqi berilishi erta pensiyaga chiqishi munosabati bilan o‘qituvchilarning moddiy ahvoli sezilarli ravishda og‘irlashishiga olib kelishi mumkin. Shuningdek O‘zbekiston xalqida asrlar davomida tarixan shakllangan, avlodlar uzviyligini ta’minlashga qaratilgan “Ustoz-shogird” tizimi yo‘q bo‘lishi xavfi mavjud. Mazkur masalani hal etishda har tomonlama tahlil qilish va O‘zbekistonda bugun o‘rtacha umr davomiyligi 74,6 yosh ekanligini hisobga olish kerak. Ko‘plab mamlakatlar (Avstriya, Belgiya, Buyuk Britaniya, Germaniya, Xitoy, Yaponiya)da pensiya yoshini qariyb 70 yoshgacha oshirish tendensiyasini kuzatish mumkin. Mazkur tashabbusni Rossiyada 2021-yil avgust oyida Rossiya Federatsiyasining kommunistik partiyasi tomonidan ilgari surilgan taklifga o‘xshatish mumkin, bu takliflar ayrim ekspertlar tomonidan saylovdan oldingi populizm sifatida baholangan.

O‘qituvchilarga ish haqi video kuzatuvlari asosida hisoblanadigan reyting ballariga muvofiq belgilash haqida “Milliy tiklanish”ning takliflari ham keskin hisoblanadi. Bunda eng yaxshi dars bergan o‘qituvchi yuqori, sifatsiz dars bergan o‘qituvchi kam maosh olishi taklif etilmoqda. Nazoratning mazkur turi ijobiy jihatlari bilan birga reytingni aniqlashda rahbariyat tomonidan suiiste’molchilik xavfini yuzaga keltirishi mumkin. Bunday holat, albatta, jamoada, o‘qituvchi va o‘quvchilar orasida ishonchsizlik muhitini keltirib chiqaradi. Doimiy va to‘liq ravishda darslarni kuzatish ma’muriy, inson va moddiy resurslarni talab etadi. Shu bilan birga, tegishli soha vakili bo‘lgan mutaxassis tomonidan amalga oshiriladigan holis nazoratni ta’minlash bo‘yicha muammolar vujudga keladi.

Talabalar reytingi amaliyotini kiritishda o‘xshash yondashuv “Adolat”da ham bo‘lib, bu yil yakunlari bo‘yicha eng yuqori reytingga ega bo‘lgan talabalarni grant asosida, reytingi past bo‘la turib grantda o‘qiydigan talabalarni kontrakt asosida o‘qish uchun ro‘yxatlarni qayta ko‘rib chiqish tartibida namoyon bo‘ladi. Mazkur amaliyot baho xususida o‘qituvchi va talaba o‘rtasida nosog‘lom muhit paydo bo‘lishiga, talabaning maqomi yildan yilga asossiz o‘zgarishiga olib kelishi mumkin. Fikrimizcha, ta’lim shakli (grant yoki kontrakt)ni talabaning keyingi reyting baholariga bog‘lash samarali emas. “Ta’lim to‘g‘risida”gi qonunda ta’lim va tarbiyaning insonparvarlik, demokratik xususiyati asosiy tamoyillardan biriligini inobatga olib, taklif etilayotgan reyting tizimi o‘rniga iqtidorli talabalarga moddiy yordam ko‘rsatish tizimini kengaytirish maqsadga muvofiq.

Partiyalarning ta’limni boshqarish tizimi sohasida institutsional islohotlarni amalga oshirishga oid takliflari ham qiziqish uyg‘otmoqda.

XDP, O‘zLiDeP va Ekologik partiya ta’limni boshqarish tizimi sohasida institutsional islohotlarni amalga oshirishdan o‘zlarini tiygan bo‘lsa, qolgan ikki partiyaning platformasida vakolatli organlarning maqomini o‘zgartirish yoki ularni qayta tashkil etish bo‘yicha takliflarni ko‘rish mumkin. Xususan, “Adolat” maktabgacha ta’lim, Xalq ta’limi, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirliklarini yagona – Ta’lim vazirligiga aylantirishni, “Milliy tiklanish” esa Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi tugatilib, Prezident huzurida Rektorlar kengashini tashkil etishni, Ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasini Vazirlar Mahkamasidan Oliy Majlis huzuriga o‘tkazishni taklif etgan.

Barcha ta’lim idoralarini yagona organ sifatida birlashtirish, albatta, juda ham qiziq taklif bo‘lib, ayniqsa, davlat organlarini maqbullashtirishni nazarda tutuvchi O‘zbekistondagi ma’muriy islohotlarni amalga oshirishda qiziqish uyg‘otadi. Biroq mavjud bo‘lgan har bir uchta idora faoliyatida aks etuvchi o‘ziga hos jihatlarga ega. Huquqiy siyosat tadqiqot instituti tomonidan o‘tkazilgan tadqiqotlar natijalariga muvofiq bunday yondashuv yanada manzilli davlat siyosatini ta’minlashga va samarali davlat boshqaruvini amalga oshirishga qaratilgan. Nima bo‘lganda ham davlat organlarini tugatish yoki qayta tashkil etish amaldagi tizimni “buzmasdan”, bosqichma-bosqich va chuqur o‘ylangan holda amalga oshirilishi lozim.

Inspeksiyani qayta tashkil etish bo‘yicha fikrini asoslagan holda, “Milliy tiklanish”dan nomzod inspeksiya tarbiya va ta’lim jarayonlari monitoringini olib borishini, Oliy Majlisga tizimli tarzda hisob berib borishini bildirgan. Aytib o‘tish lozimki, ijro hokimiyati organi sifatida Inspeksiya ta’lim sifatini nazorat qilish bo‘yicha idoralararo to‘laqonli hamkorlik qilish va bu boradagi vazifalarni amaliy jihatdan hal etish imkoniyatlariga ega. Shuningdek Inspeksiya litsenziyalovchi organ sanaladi, bunday maqomga, qoida tariqasida, ijro hokimiyati organi ega bo‘ladi. Oliy Majlis qonun chiqaruvchi hokimiyat organi sifatida Hukumat, jumladan Inspeksiya ustidan parlament nazoratini olib borish vakolatiga ega, bu esa hisobdorlik mavjud ekanligining isbotidir. Bunday imkoniyatlardan monitoring orqali foydalanish mushkul hisoblanadi.

“Milliy tiklanish”ning Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligini tugatish va Rektorlar kengashini tuzish taklifi ham bahslidir. Amaliyot ko‘rsatadiki, oliy ta’limni boshqarish organi mavjudligi OTMlar faoliyatini muvofiqlashtirishga, yagona standartlarni o‘rnatish va ta’minlashga yordam beradi. Boshqaruv vertikali yo‘qligi oliy ta’lim tizimida yondashuvlarning tarqoqligiga olib kelishi mumkin. OTMlarning o‘zini-o‘zi boshqarish tizimiga bosqichma-bosqich o‘tish jarayonida Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi ko‘rinishidagi davlat organining o‘rni yuqori hisoblanadi.

Ilm-fanni rivojlantirish

O‘zbekistonda ilm-fan rivojiga alohida e’tibor qaratilmoqda. So‘nggi to‘rt yilda 28 ta ilmiy tashkilot va 4 ta innovatsion texnopark tashkil etildi. Ilm-fan vakillarining ish haqi uch baravar oshirildi. Ilmiy tashkilotlarning moddiy-texnik bazasini yangilash uchun katta mablag‘lar yo‘naltirildi. Ilm-fanni moliyalashtirish va innovatsiyalarni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi tomonidan 2020 yilda 163,1 milliard so‘m, 2021-yilning birinchi yarim yilligida – 80,8 milliard so‘m ajratildi.

Siyosiy partiyalarning ilm-fan rivoji sohasiga oid takliflari manzilli ekanligi va cheklanganligi bilan farqlanadi. “Adolat” ilmiy sohani yaxshilash bo‘yicha qator ijtimoiy takliflarni ilgari surgan – ta’lim va ilm-fan vakillarini bepul uy-joy bilan ta’minlash, olim va ixtirochilarni qo‘llab-quvvatlash, oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash. Shuningdek, partiya ilm-fanni moliyalashtirishga sarflanadigan mablag‘ 2030-yilda yalpi ichki mahsulotning 2 foiziga qadar oshirilishiga urg‘u bergan, buni amalga oshirish esa juda ham murakkab hisoblanadi. IHTT va YuNESKOning ma’lumotlariga ko‘ra so‘nggi yillarda ilm-fanni rivojlantirish Buyuk Britaniya, Italiya, Ispaniya, Kanada, Avstraliya, Rossiya Federatsiyasi kabi mamlakatlarda ham qayd etilgan ko‘rsatkichga yetmagan. Partiya fan – ta’lim – ishlab chiqarish tizimlarining uzviy aloqadorligini ta’minlash bo‘yicha takliflarni amalga oshirish mexanizmini ham yoritmagan. Bu vaziyatda partiya takliflar asoslanmagandek ko‘rinadi.

O‘zLiDeP saylovoldi dasturida ilm-fan natijalarini iqtisodiyot, qishloq xo‘jaligi va madaniy-ma’naviy sohada qo‘llash nazarda tutilgan. XDP va “Milliy tiklanish” ilm-fanni rivojlantirish yuzasidan alohida takliflarni ilgari surmagan bo‘lib, bu mazkur partiyalarning ilm-fan kelajagi haqidagi tushunchalari, Hukumatning amaldagi kursiga munosabati to‘g‘risida aniq tasavvurga ega bo‘lishga imkon bermaydi.

Qoida tariqasida, rivojlangan mamlakatlarda “yashil” partiyalar mazkur yo‘nalishda o‘z faolligini ko‘rsatib, osoyishtalikni “yashil” iqtisodiyot bilan bog‘laydilar. Lekin Ekologik partiyaning mazkur sohadagi takliflari umumiy tusga ega. Jumladan, partiyaning asosiy g‘oyalaridan biri “yashil” taraqqiyot tamoyillarini ta’lim va fanga integratsiya qilish sanaladi. Partiya ekologik tadqiqot va innovatsion faoliyat ko‘lamini kengaytirish, biznes-inkubator va texnoparklar, jumladan ekotexnoparklarni tashkil etgan holda innovatsion infratuzilmani rivojlantirishni taklif etmoqda. Ilmiy ishlanmalarni tijoratlashtirish qismida partiya ekologik toza, chiqindisiz va resurslarni tejamkor texnologiyalarni ishlab chiqishni rivojlantirish, ilmiy mahsulotlar hajmini oshirish va innovatsion usullarni keng joriy etish maqsadini ilgari surgan. Atrof-muhitni muhofaza qilish sohasidagi ilmiy tashkilotlarning ilmiy-innovatsion faoliyatini iqtisodiyot tarmoqlari, ijtimoiy soha ehtiyojlariga to‘liq moslashtirish, shuningdek yuqori samarador ilmiy ishlanmalar va texnologiyalarni joriy etishga alohida e’tibor berilgan. Darhaqiqat, mazkur takliflar katta iqtisodiy samara berishi mumkin. Yashil iqtisodiyotga tizimli o‘tish maqsadida partiya tomonidan aniq chora-tadbirlar, amalga oshirish shakli va chora-tadbirlarni moliyalashtirish manbalari ko‘rsatilgan yagona kompleks hujjatni qabul qilish tashabbusini ilgari surish yaxshi samara beradi. Yashil iqtisodiyot masalalari O‘zLiDeP nomzodi e’tiboridan ham chetda qolgani yo‘q, partiya tomonidan sanoat tarmoqlariga eng zamonaviy texnologiyalarni joriy etish, qishloq xo‘jaligini intensiv rivojlantirish, agroxizmatlar ko‘rsatish tizimini takomillashtirish masalalari ko‘tarilgan. Bu sohada partiyalar o‘z sa’y-harakatlarini birlashtirishlari maqsadga muvofiq.

Xulosa qilganda, partiya va nomzodlarning amaldagi platformalarining tahlili bu hujjatlarda ilm-fan va ta’lim ijtimoiy osoyishtalik va jamiyat taraqqiyotining muhim jihati sifatida belgilanganidan dalolat bermoqda. Barcha partiyalar ta’limning barcha bo‘g‘inlari, ilm-fanning mamlakat iqtisodiyotidagi o‘rni muhimligini ta’kidlashmoqda. Yuqorida o‘tkazilgan tadqiqot tashabbuslarni iqtisodiy asoslantirish lozimligini, amaliy natijalar va ularning yangiligi muhim ekanligini, izchil chora-tadbirlar samaradorligini ko‘rsatdi.

Qayd etilganlarga asosan ta’lim va ilm-fan tizimini isloh qilishda partiyalar e’tibor qaratishi lozim bo‘lgan quyidagi tavsiyalarni shakllantirish imkonini beradi:

  • professional ta’lim sifatini oshirish, professional ta’limga ega kadrlarga bo‘lgan ehtiyojni tahlil qilish;
  • professional yoki oliy ta’limga ega kadrlarni tayyorlash mutaxassisliklarini shakllantirishda moslashuvchanlikni ta’minlash, yangi va ehtiyoj yuqori bo‘lgan, shu jumladan tor doiradagi mutaxassisliklarni ochish;
  • ilmiy tadqiqotlar uchun qulay innovatsion muhitni yaratish, amaldagi tizimni tanqidiy ko‘rib chiqish asosida ilmiy loyihalarni tanlov asosida moliyalashtirish ko‘lamini kengaytirish;
  • ilmiy-innovatsion sohani yanada raqamlashtirish.

Muxtasar qilib aytganda, saylov natijalaridan qat’iy nazar, saylovda g‘alaba qozongan partiya va uning nomzodi boshqa partiyalar bildirgan tashabbuslarning afzalliklarini inobatga olishi, O‘zbekiston ravnaqi yo‘lida ilmiy va iqtisodiy asoslangan takliflarni ro‘yobga chiqarishi lozim.

Abdulaziz Rasulov, Adliya vazirligi huzuridagi Huquqiy siyosat tadqiqot instituti direktorining o‘rinbosari, yuridik fanlar doktori, professor

Shohjahon Xo‘jayev, Toshkent davlat yuridik universiteti kafedra mudiri, yuridik fanlar bo‘yicha falsafa doktori