1938-yilning 4-oktabri — nafaqat o‘zbek adabiyoti yo madaniyati, balki butun O‘zbekiston tarixidagi eng mash’um sanalardan biri. Shu kuni Toshkentda millat daholari — Abdurauf Fitrat, Abdulla Qodiriy va Abdulhamid Cho‘lpon otib tashlangan edi. “Daryo” ushbu uch ulug‘ mutafakkir xotirasiga hurmat ramzi sifatida ularning yillar o‘tsa-da o‘z ahamiyatini yo‘qotmagan jurnalistik materiallarini butun oktabr oyi davomida har kuni qayta e’lon qilib boradi.
Yopishmagan gajjaklar
(O‘rtoq Boybo‘latovga ochiq xat)1
Do‘stim, oylar, yillar tirishib, bir asar chiqarg‘an muharrir2 do‘stlarning shu asar haqidag‘i muhokamalarini tinglashdan, asarning kamchiliklarini o‘rganishdan, albatta, mamnun bo‘ladi.Mening “O‘zbek adabiyoti namunalari” atalg‘an arzimas bir asarim3 haqinda fikringizni bildirmaslik uchun ancha urinib, 3-son gazetni to‘ldirganingizni ko‘rib mamnun bo‘ldim4, o‘qib ham chiqdim. Hamma gapdan burun Sizga tashakkurimni bildiraman. Lekin baxtga qarshi maqolangizni shunchalar kengaytirgansizkim, kengligi asl maqsadning yo‘qolishig‘a sabab bo‘lg‘an. Bizda bolalar orasida “Ko‘zim ko‘rmaydir” degan bir o‘yun bor: Bir bola ko‘zini qattiq bog‘lag‘andan keyin qo‘lig‘a uzun bir tayoq olib, o‘rtada turadi. Boshqalar uning oyog‘ini olmoq uchun atrofdan hujum qiladilar. Tayoqli bola tayog‘ini ko‘tarib “ko‘zim ko‘rmaydir” deb, tez-tez aylanaberadir, tayoq kimga to‘g‘ri kelsa, shunga tegadir. Maqolani yozg‘anda sizning qalamingiz ham shul ko‘zi ko‘rmas bolaning tayog‘iga o‘xshag‘an: aylang‘an, aylang‘an, kimga to‘g‘ri kelsa, shunga tekkan, orada mening kitobim unutilgan, juda oz o‘rin olg‘an.
Har holda maqolangiz ko‘brak mening shaxsimga qaratilg‘ani munosabati bilan javob tarzida emas, dardlashuv shaklida bir narsa yozaman. Mening asarimni boshlab tartibig‘a e’tiroz qilg‘aningiz ko‘riladir. Adabiyot tariximizni qoplovi5 “Feo‘dalizm”, “Savdo sarmoyasi” kabi davrlarg‘a ajratishimg‘a qarshi kabi ko‘rinasiz. Lekin o‘z fikringizni, ya’ni qanday taqsim qilish lozimligini yozmag‘ansiz. Adabiyot mutaxassisi yoki adabiyot tarixi bilan mashg‘ul bir odam bo‘lsa edingiz, shu bahona bilan sizga “yopishmoq” mumkin edi. Lekin men bilamankim, siz adabiyot tarixining odami emassiz, maqolangiz esa tasodifiy bir hodisadir. Shuning uchun bu to‘g‘rida ma’zur ko‘raman sizni. Lekin shuni aytib o‘tamankim, adabiyot tarixini taqsim qilishda marksizm usulining talab qilg‘ani yo‘l mening taqsimimdir. Bu taqsimni o‘zbek adabiyoti tarixig‘a tadbiq qilishning o‘zi katta ham yangi bir ish. Buning hududini tayin qilishda ba’zi yanglishlarning bo‘luvi mumkin. Lekin ularni ko‘rsatib, isbot qilib, so‘ngra til tekirish6 kerak edi. Siz maqolangizda bu tomong‘a yaqinlashg‘an davrlarni bir-biridan ajratg‘an xususiyatlarning yo‘qlig‘idan shikoyat qilg‘ansiz, lekin siz har davrning namunalarini o‘qidingizmi? Masalan: “Savdo sarmoyasi” davri bilan “Feo‘dalizm” davrining namunalari orasidag‘i Shaklda va mazmundag‘i ayirmalarni ko‘ra oldingizmi? Yoki ko‘rib, qanoatlanmadingizmi? Qanoatlanmagan bo‘lsangiz siz bu davrlarni bir-biridan ajratgan qanday xususiyatlar istaysiz (ki namunalari bo‘lmasin). Mas’alaning bu tomonlaridan (ya’ni eng muhim va foydaliq tomonlaridan) maqolangiz sukut qiladir. Holbuki, shu tomonlarni ochiq ko‘rsatganingizdagina mening kitobimning kamchiliklarini ko‘rsatgan va menga bir narsa o‘rgatgan bo‘lur edingiz. Buni ham sizning adabiyot tarixining odami bo‘lmasdan tasodifan maydong‘a chiqg‘aning‘izga bag‘ishlayman. Maqolangizda chig‘atoy adabiyoti va uning proletar adabiyotiga asos bo‘lishi to‘g‘rilarida ko‘brak turib, bor kuchingiz bilan hujum qilasiz. Fitrat so‘z boshida “Chig‘atoy adabiyoti proletariat adabiyotig‘a asos bo‘ladir degan” deb, qoravul qichqirasiz, hatto mening bosh so‘zimda o‘zingizga yordam qilgudek ko‘ringan bir-ikki jumla ham keltirasiz. Chig‘atoy adabiyotining proletar adabiyotig‘a asos bo‘lishini da’vo qilmoq nari tursin, bosh so‘zimda chig‘atoy adabiyotini mafkura yog‘idan yaramag‘anini so‘ylaganman. Mening “namunalar”im bosilmasa edi, sizdan boshqa hech kimning qo‘lida uning nusxalari bo‘lmasa edi, bosh so‘zimdan ko‘chirganingiz bir-ikki jumlaning balki sizga foydasi bo‘lur edi. Nima choraki, kitob O‘zbekistonda bosilib tarqalg‘an. Sizning maqolangizni o‘qug‘an har kim mening bosh so‘zumni ham o‘quy oladir. O‘qug‘ach, sizning menga tuhmat qilib turganingizni ham onglaydir. Men so‘z boshimdag‘i iboralarning masalag‘a daxldorliq qismini tamoman ko‘chiraman, yangidan o‘qishingizni va e’tirozingizni shunga tayandirib, yangidan maydong‘a chiqishingizni talab qilaman: “Biz o‘zbeklarning va, umuman, O‘rta Osiyo turklarining tarixiga oid arabiy, forsiy, turkiy tillarda bir ko‘b asarlar yozilg‘an. Biroq bu asarlar bizning siyosiy harakatlarimizni tor bir ramkada ko‘rsatmakdan boshqa ishga oz yaramakdadir. Xalqimizning, o‘lkamizning ijtimoiy-iqtisodiy hollarig‘a oid xabarlarni bu asarlardan istab topish juda qiyindir, ba’zan mumkin ham bo‘lmaydir, chunki yo‘qdir. Adabiy tariximizni tekshirish esa, mana shu kamchiliklarni to‘ldirishga katta yordam qiladir. Feo‘dallarning, umuman, hokim sinfning omma bilan munosibatlarini, ommag‘a qarashlarini, ziyolilarning, shoirlarning hokim sinfga munosibatlarini, hokim sinf foydasig‘a qarab ommani qanday ovutg‘anlarini, oldag‘anlarini, hokim sinfning kayf-safoni (Bobircha, “aysh va fisqi”) qaysi darajalarg‘a chiqarg‘anlarini yolg‘iz adabiyot tariximizda ko‘rishimiz mumkindir.
Bundan boshqa, tarixiy san’atkorlarimizni tekshirish, ularning tajribalaridan qo‘rmoq istaganimiz proletar adabiyoti uchun foydalanish ham keraksiz bir harakat bo‘lmaydir. Mana shu qisqag‘ina izohot bu kitobni qanday tilak bilan tartib qilg‘animizni bildirg‘an bo‘lsa kerak.
Mana shu so‘z boshimda mening tomonimdan aytilgan gaplar. Mana shu gaplarga e’tirozingiz bo‘lsa, aytishga haqlisiz. Yo‘qsa, mening so‘zlarimni bosh-oyog‘ini kesib tashlab, o‘z maqsadingizga yaroqliq bir holg‘a kirgizib, so‘ngra e’tiroz qilishingiz ilmiy bir harakat sanalmaydir.
Kitobimning 3-bo‘limig‘a “Savdo sarmoyasi” davri ismini berg‘animdan ham rozi bo‘lmaysiz, shu istilohotning oxirida kattakon bir ? (so‘roq) alomati qo‘yasiz. Biz temuriylar davrini “savdo burjuaziyasi” davri deymiz. Temuriylarning jahongirligi(ni) O‘rta Osiyo savdo sarmoyasining taraqqiysi bilan izoh qilmoqchi bo‘lamiz. Buning uchun qo‘limizda yetarlik materiallar bor. Siz shunga rozi emasligingizni chiroyli bir savol alomati bilan ifoda qilasiz, bu davrni nima deb atamoq to‘g‘risida fikringizni bildirmaysiz. Siz shuni unutasizki, savol alomati qancha chiroyli bo‘lsa bo‘lsin, ilm uchun bir narsa bermaydir. Bizning fikrimizga qarshi ekansiz, fikringizni bildiring. Ayting-chi, temuriylar davriga qanday ism berasiz?
Bundan so‘ng maqolangizda mening tarjimayi holimni tekshirishga kirishasiz. Mening bir vaqtlar mutasavvif, panislomist, panturkist bo‘lg‘animni turli dalillar bilan isbot qilmoqchi bo‘lasiz. Piloningiz yaxshi. Maqtanarliq pilon, agar siz mening “Namunalar”imni burungi panislomistligimning, panturkistligimning davomi ekanini, bu asarim bilan mazkur fikrlarning bittasini o‘zbek ommasiga taqdim qilg‘animni isbot qila olsa edingiz, ishingiz ko‘b muvaffaqiyatli chiqar edi. Lekin buni qila olmag‘ansiz. Bu kun bir ko‘b kishilarning moziylari haqida gapirish mumkin. Lekin, bu gapirishgina yetarli emas. Ularning moziylari bilan bugungi ishlari orasidagi munosibat va aloqani kashf etish kerak!
8—, 10— yillarda (ya’ni, 18—20 yil burun) yozilg‘an asarlarimdan shohidlar keltirasiz. Azizim, mening qo‘limg‘a qalam tutib, asar yozg‘animga yigirma yil to‘lg‘anini o‘zingiz ham e’tirof qilasiz. Bu yigirma yil orasida men o‘zbekcha, tojikcha yuz o‘n pechatniy listlik asar yozdim (maqolalar hisob emas). Bularning hammasini Sho‘ro hukumatig‘a, proletariat mafkurasiga yararliq asarlar ekanini hech da’vo qilmadim va qilmayman-da. Ishning bu tomonini onglamoq uchun tarjimayi holimni o‘zimdan tinglang.
Men Osiyoning eng qora diniy markazlaridan va qora bir usuli idorag‘a tobe’ bo‘lg‘an Buxoroda 1884-yilda tug‘ildim7. Birinchi tarbiyani eski usuldagi diniy bir maktabdan oldim. Maktabdan chiqg‘ach, diniy bir madrasaga kirib oldim, namoz o‘qidim, mutaassib bir musulmon edim. Hatto Buxoroda yangi boshlang‘an jadidlar harakatig‘a qarshiliq ham qildim. So‘ngralari jadidlar harakatig‘a oralashdim. U zamondag‘i zehniyaxning ta’siri eski jadidlarning tashviq va yordami bilan Turkiyaga tahsil uchun bordim. Mana shu vaqtlarda men diniy reforma tarafdori edim: dinni fan bilan kelishtirish, fang‘a to‘g‘ri kelmayturgan xurofot qismini dindan chiqarish, dinni tozalash xayollarig‘a ishong‘an edim. Voqean esa, panislomizm g‘oyasining churugan bir xayol ekanin kun sayin ocha bordim. Panislomizmning bo‘lmag‘ur xayol ekanini onglag‘ach, panturkizm xayolig‘a berildim. Bu vaqtlarda yozg‘anim asarlarda diniy reformistik fikrlar ko‘rilib turadir. Siz esa, mazkur asarlardan mening mutasavvif ekanimni chiqarasiz. Tasavvuf bilan ozg‘ina tanish bo‘lsa edingiz, u kitoblarda mazkur maslakning asarini ko‘ra olmag‘aningizni o‘zingiz onglar edingiz.
Men hech bir vaqt tasavvufga mansub bo‘lmadim. Lekin adabiyot tarixini tekshiruchi bir muallim bo‘lg‘anim sifati bilan tasavvufni juda ko‘b tekshirdim. Bu kun tasavvufning har tomonini, eng qorong‘u sirlarini bilaman. Hatto, shu kunlarda “O‘rta Osiyoda tasavvuf tarixi” ismli bir kitob8 vujudga keltirmak uchun tirishmakdaman. Tasavvufning qanday zaharli, qanday zararli bir maslak ekanini har kimdan ham yaxshi bilib olg‘anman. Lekin hech vaqt mutasavvif bo‘lmaganman.
So‘ngralari hayot meni panturkizmda qotib qolishda qo‘ymadi. Men o‘zbek millatchisiga aylandim. 17—18-yillarda O‘rta Osiyoda panturkizm harakati kengaymoqda edi, ayniqsa, Toshkentda panturkizm fikri bilan sug‘orilgan turli to‘dalar tashkil bo‘ldi.
Turk tillarini, turk adabiyotini birlashtirish shiori ostida “ish” ko‘rildi. Maktablarda usmonli adabiyoti ona tili darslari o‘rnida qabul qilindi. Mana shu harakatga qarshi o‘zbek tili, o‘zbek adabiyoti shiorlari ostida “Chig‘atoy gurungi” tashkil qilindi. “Chig‘atoy gurungi” o‘zbek millatchiligi: o‘zbek tili, o‘zbek adabiyoti shiorlari ostida panturkist to‘dalarga va shunga berilg‘an o‘ng jadidlarga qarshi kurashdi. Siz “Chig‘atoy gurungi” panturkist edi” deb qichqirasiz. Ayniqsa, shu kunlarda “Chig‘atoy gurungi”ni panturkist deyish mo‘da holig‘a kirib boradir. Holbuki, “Chig‘atoy gurungi” o‘z zamonida panturkizm, panislomizm harakatlarig‘a qarshi kurashmoqda edi. Sizga ikkita fakt ko‘rsatay: butun maktablarimizda “Umumiy turk tili, umumiy turk adabiyoti” shiorlari hukm surganda “Chig‘atoy gurungi” o‘zbek tili, o‘zbek adabiyotini o‘rgatish uchun Hadrada pulsiz dars berishni e’lon qildi. Muallimlikka men, Shokirjon Rahimiy, Qayum Ramazon tayin etildik. Darsga bir ko‘b muallimlar davom etmakchi bo‘lib keldilar. U vaqtlarda Toshkent maorif sho‘basida panturkistlarning to‘dachilik yordamchilari hukm surar edi. Mana shular bir darsdan keyin bizni quvdilar, talabalarni tarqatdilar.
Bir kecha “Chig‘atoy gurungi”ning majlisi bo‘lg‘an edi. Gurung a’zolari tomonidan yozilgan asarlarni o‘qib, muhokama qilmoqda edik. Toshkentning eng katta tashkilotining birida turg‘an bir o‘rtoq9 vintovka ko‘tarib kelib, majlisimizga birdan kirdi. “Chig‘atoy gurungi”ning maqsadini so‘radi. “Siz dinga qarshi fikr tarqatar ekansiz, Muhammad payg‘ambarning me’rojini inkor qilar ekansiz” deb taftishga kirishdi va bizni “mundoqa yo‘lsiz harakatlar”dan man qilib ketdi. Mana bularning hammasi panturkistlarning ig‘vosi bilan bo‘lar edi: “Men “Chig‘atoy gurungi” proletar mafkurasini tashir edi” demayman, buni da’vo qilish jinnilikdir. Tuzuk, “Chig‘atoy gurungi” bevosita siyosat bilan mashg‘ul bo‘lmoqni istamadi, yolg‘iz til, imlo, adabiyot bilan shug‘ullandi. Lekin uning ayrim a’zolari o‘sha vaqtda so‘l millatchi edilar. Shuning uchun ayta olamizkim “Chig‘atoy gurungi” jadidlarning so‘l qanoti bo‘lib, u jadidlardan til, imlo, adabiyot va dinga qarshi ham panturkizm va o‘zbek millatchiligi bilan ajralar edi. Mana bu tafsilot “chig‘atoy gurungi”ning ko‘rsatilgan ilmiy ishlarda panturkist, panislomistlarga nisbatan inqilobiy yo‘l tutganini ko‘rsatadi. Agar siz “Bu ilmiy to‘garakning a’zolari o‘zbek millatchilari edilar, shuning uchun bu to‘garak qarshi qurulg‘an bir tashkilot edi” desangiz, non orasidan kir izlamakdan boshqa bir ish qilmag‘an bo‘lursiz. “Chig‘atoy gurungi” 20-yillarg‘acha davom qildi. Bu vaqtg‘acha uning o‘z oldig‘a qo‘yg‘an ilmiy yumushlari bajarilgan edi. Yangi imlo sho‘ro maorif komissarligi tomonidan maktablarga kirgizilgan sho‘ro hukumati tomonidan “Har millatning maktab tili o‘z ona tilida bo‘lsin” deb e’lon etilgan asos bilan o‘zbek tili ta’min etilgan edi. Bir tarafdan, kommunistlar firqasining milliy mas’alani to‘g‘ri hal qilmoqda bo‘lg‘ani va mustamlakachilik asoslarini yemirishda keskin yo‘l tutgani kun sayin ochiq ko‘rina boshlag‘an, o‘zbek millatchisi bo‘lib turishda ham ma’qul bir sabab qolmag‘an edi. “Chig‘atoy gurungi” tarqaldi. Uning a’zolari bitta-bitta o‘z xatolarini e’tirof qila-qila firqa safiga o‘tdilar va bor kuchlari bilan bu kungacha xizmat qilmoqdalar.
Emdi o‘zimning din bilan munosibatim haqqinda so‘zlashaylik. Men yuqorida aytg‘anim kabi bir vaqtlar diniy reforma tarafdori edim. Dinni xurofotdan ajratish degan xayolga berilg‘an edim. Mana shu diniy reforma ketidan yurish, meni dinsizliqqa10 olib bordi. Din xurofotdan ajralsa, nari tomonda hech bir narsa qolmag‘anini ko‘rdim. Dinning fan bilan hech bir vaqt kelisha olmag‘aniga ishondim va shuning natijasida dindan qaytdim, dinga qarshi fikr tarqatdim. Mening dinsizligim o‘zbeklar va tojiklar orasida hammadan burun, hammadan ko‘brak mashhur bo‘lg‘an. Bu nuqtani inkor qilib bo‘lmaydi. Dinsiz, xudosiz bo‘lg‘an bir kishining mutasavvif bo‘la olmasligini onglamoq uchun juda oz bir muhokama kuchining sizda borlig‘ini, ruxsat bersangiz, qabul qilaylik.
Maqolangiz bir yerida meni Turkiya sultonig‘a maktub yozish bilan ayblaysiz. Men umrimda Turkiya sultonig‘a maktub yozmadim, bu menga tamoman tuhmat! 1908-yilda yozg‘anim bir asarimda Buxoro xonligida hukm surgan diniy taassubni va shunga tayangan idora usulini eslaysizmi? U vaqtda Buxoroda bir kalla 2 tiyin edi. Hibs qilish, o‘ldirish, sangsor11 qilish kundagi odatlardan edi. U zamonlarda kitob yozishning o‘zi “kofir”lik edi. Men shu vaqtlarda birinchi asarimni yozdim12. Buxoroning idora usulini, ta’lim-tarbiya usulini, bir ko‘b rasmiy idoralarni tanqid qildim. Bu kitob Buxoroda tarqalar edi.
Uning noshirlari bo‘lg‘an Buxoro jadidlarini tahlikaga tushirmaslik uchun amirg‘a qaratib bir so‘zboshi yozdim va shuning bilan, go‘yo, tanqidning unga emas, ma’murlarig‘a oid bo‘lg‘anini ko‘rsatdim. Bu zamondag‘i Buxoroning javobi edi. Shuning bilan meni Buxoro amirining tarafdori deyish ham mumkin emas, menim Buxoro amiriga qarshi har vaqt kurashganim va kurashgan tashkilotlarga rahbarlik qilg‘animni bilmagan yo‘q.
So‘ng to‘rt-besh yilda yozg‘anim “Arslon”, “Umar Xayyom” kabi asarlarimni, hatto tanqid qilg‘aningiz “Namunalar”dag‘i davrlar taqsimini shu yo‘l bilan olib borishga tirishdim. Mazkur ishlarimda yanglishlar bo‘luvi mumkin. Lekin bularni(ng) voqealarini tahlil qilganda bo‘lg‘an yanglishlardan hisob qilib, tanqid qilish, xato joylarni ko‘rsatish kerak. Har bir yanglish yangi yanglish deb o‘ylangan nuqtani, mening yigirma yil burung‘i panislomistligim bilan izoh qilish to‘g‘ri ilmiy bir harakat bo‘lmaydir. Azizim, O‘rta Osiyoning olamg‘a ma’lum bir madaniyati bo‘lg‘an, bu madaniyatning turkiy asarlari qolg‘an. Bu asarlarning hammasig‘a birdan “axlatlar” deyish, sizning muhokamangizning kirligidan chiqqan yangi bir istiloh bo‘lsa kerak.
Men o‘zimning yigirma yillik mutolaam, juda kuchsiz bo‘lmag‘an kutubxonam soyasida shu yo‘lda ishlamoqdaman. Albatta, ishlarimda yanglishlar bo‘luvi mumkin. Yanglishlarimni joy-joyi bilan ko‘rsatish kerak, ko‘zni yumib, og‘izni ochib so‘kishning ilmiy foydasi yo‘q.
Maqolangizda katta harflar bilan “Maorif va o‘qitg‘uchi” jurnali Fitratning noshiri afkori edi deyish mumkin” deb yozasiz. Bunisi emdi uyot! “Maorif va o‘qitg‘uchi” Ramzdan burun bor edi. Ramz zamonida ham davom qildi. U har vaqt maorif komissarligining noshiri afqori bo‘lib davom qildi. Jurnalning butun davom muddatida men yozg‘an maqolamning soni o‘nga bormaydir. U qanday qilib mening noshiri afkorim bo‘lsin?! Biroz o‘ylang, O‘zbekistonning markazida firqa va sho‘ro idoralarining ko‘zlari ostida chiqg‘an bir jurnal uch-to‘rt yil mening noshiri afkorim bo‘ladi-yu, shuni sizdan boshqa hech kim onglamaydimi? Siz bu demago‘gi bilan kimni tahrir qilg‘aningizni o‘yladingizmi?!
“Maorif va o‘qitg‘uchi” jurnalida Yassaviy haqida yozg‘anim maqoladan so‘z ochasiz13. Men u maqolamda Yassaviyni san’at yog‘idan, mafkura tomonida qattiq tanqid qildim, uning zararli ekanini, uning ta’siriga qarshi kurashmoq kerakligini so‘zladim. Yolg‘iz uning ba’zi she’rlarig‘a oldanib, uning yo‘qsullar tomonida turg‘anin qabul qilmoqchi bo‘ldim. So‘ngralari esa, fikrimning yanglish ekanini ongladim. Sizga yoqmag‘an “Namunalar”imning muqaddimasida Yassaviy haqinda boshqacha fikr yurgizdim. Siz “Namunalar” haqinda tanqid yozmag‘aningiz holda Yassaviy haqinda uning muqaddimasidag‘i so‘zlarimdan ko‘z yumib, “Maorif va o‘qitg‘uchi”dagi maqolamg‘a yopishasiz.
Bundan keyin Chig‘atoy adabiyotining “mundarijasi” va “shakli” haqinda fikr yurguzasiz. Boshlab Chig‘atoy shoiri deb Navoyi bilan Yassaviyni ko‘rsatasiz. Azizim, sizda chig‘atoy so‘ziga qarshi qiziq bir holat paydo bo‘lg‘an, o‘zingizga yoqmag‘an har kimni chig‘atoy deb so‘kmoqchi bo‘lasiz, ishning bu qadari chegarani oshishdir. Yassaviy Chig‘atoy shoiri emas. U Chig‘atoy adabiyotidan burun o‘tkan bir shoir. So‘ngra Navoyidan namunalar olg‘anda mening tartib qilg‘anim va sizning tanqid qilg‘aningiz kitobdan olmaysiz-da, Navoyining o‘z devonidan, diniy mavzudagi baytlarni olasiz. Sizning u namunalaringizni ko‘rgan kishi mening kitobimdan olg‘aningizni gumon qiladir-da, menga hujumlaringizni qisman haqli ko‘radir. Siz ham shuni istaysiz. Holbuki, Navoyining dinsiz bir shoir ekanini men da’vo qilmadim. Uning diniy parchalari bor ham ko‘bdir. Lekin mening “Namunalar”imdagi asarlari bu qatordag‘i asarlar emas.
Navoyidan olg‘an baytlarni tarjima qilishingiz bir oz “vadudona” bo‘lg‘an, ko‘bi to‘g‘ri emas. So‘ngra Navoyi bilan Yassaviydan berganingiz namunalarg‘a suyanib, “Chig‘atoy adabiyotining shaklidan ham foydalanish mumkin emas” deysiz. Lekin siz shakl bilan vaznni bir-biridan ajrata olmag‘ansiz. Shakl deb vazn bilan ayrim so‘zlarni olasiz. Holbuki, shaklga ifoda tarzi, majoz, istiora va she’rning butun (poetik) xususiyatlari kiradir.
Navoyining vaznidan foydalanish, albatta, mumkin. Mundan boshqa(si) Yassaviyning vaznidir. Yassaviy va Yassaviy maktabi shoirlarida barmoq vaznining chiroylik namunalari bor, foydalanish mumkin. Siz Yassaviyni chig‘atoy shoirlarining aruz vaznida yozg‘anlari o‘ylab, shu xatolarg‘a tushgansiz. Hatto ko‘chirganingiz Navoyi bilan Yassaviy she’rlari orasida bo‘lg‘an vazn ayirmasig‘a ham diqqat qilmag‘ansiz…14
Abdurauf Fitrat
1 “Jalil Boybo‘latovga ochiq xat” shaklida yozilgan ushbu maqola 1919-yil “Qizil O‘zbekiston” gazetasining 15—16-sentabr (215—216) sonlarida e’lon qilingan bo‘lib, J. Boybo‘latov qator chiqishlarida Fitratni “panturkizm” va “panislomizm”da ayblaydi. Ayniqsa, Fitrat tomonidan tuzilgan “O‘zbek adabiyoti namunalari, I jild” (1928) va so‘z boshi muallifi Otajon Hoshim keskin tanqid ostiga olingan edi.
2 muharrir — muallif ma’nosida.
3 Abdurauf Fitrat. O‘zbek adabiyoti namunalari. 1 kitob. Samarqand — Toshkent, 1928-yil.
4 Fitratning “O‘zbek adabiyoti namunalari” kitobi munosabati bilan “Qizil O‘zbekiston” ro‘znomasi sahifalarida J. Boybo‘latov chiqish qilib, faqatgina ushbu kitobni emas, umuman, Fitrat ijodini keskin tanqid qilgan edi.
5 qoplovi — qamrovi.
6 tekirish — tekizish.
7 Boshqa ko‘pgina manbalarda Fitratning tug‘ilgan yili deb 1886-yil sanasi ko‘rsatilgan. Xususan, S. Ayniy shunday ma’lumot beradi: “Abdurauf Fitrat Buxoriy — tug‘ilgan yili 1304 hijriy” (ya’ni milodiy 1886 ga to‘g‘ri keladi). Qarang: S. Ayniy. Namunai adabiyoti tojik. — M.: 1926, III qism. Shuningdek, Fitrat hayot paytida e’lon etilgan “Katta Sovet qomusi”da ham shu sana keltiriladi. Qarang: Fitrat Abdurauf. BSE, M., 1936, t.57. 6.656.
8 “O‘rta Osiyoda tasavvuf tarixi” nomli kitob yozayotgani haqida bir necha bor ma’lumot beradi, biroq bu ish oxirigacha yetmagan. Tugallanmagan qo‘lyozmaning taqdiri esa noma’lum. Fitrat tomonidan keltirilgan “zaharli”, “zararli” so‘zlari uning tasavvufga munosabatini belgilamaydi. Bu faqat davr taqozosi bilan yuzaga kelgan, nohaq tanqiddan o‘zini himoya qilishning bir yo‘li, xolos. Fitratning o‘zbek adabiyoti tarixi haqidagi qator ishlari bilan tanishishning o‘ziyoq bu fikrni tasdiqlaydi.
9 Yusuf Aliyev (1891 — 1946) nazarda tutilyapti. Turkiston Kompartiyasining arboblaridan bo‘lib, o‘sha paytda Turkiston Ichki ishlar xalq komissarining o‘rinbosari edi.
10 Bu o‘rinda dinsiz so‘zini ateist so‘zi bilan almashtirmaslik kerak. Chunki Fitrat tomonidan yozilgan asarlarni sinchiklab kuzatganda bu nozik ayirma ochiqroq ko‘rinadi.
11 sangsor — toshbo‘ron qilish.
12 Gap “Munozara” xususida ketyapti. “Munozara”ning Istanbul nusxasida o‘ziga xos “Muqaddima” va “Xotima” yozilgan bo‘lib (Hoji Mo‘yin tarjimasida bu tushib qolgan), unda Fitrat Buxoro amiriga murojaat etib, mamlakatning qoloq ahvolini bayon qilgan edi.
13 Tilga olingan maqola “Maorif va o‘qitg‘uchi”da bosilgan. Qarang: jurnalning 1927-yil, 6—8-sonlari.
14 Fikrning notugalligidan va Fitrat uslubidan (u deyarli har bir ilmiy ishining boshlanishida tilga olingan istilohga qaytadi va ko‘pincha, unga bo‘lgan munosabatini takroran ta’kidlash bilan asarini tugallaydi) seziladiki, “xat”ning davomi bo‘lgan. Buni Fitrat zamondoshlaridan L. Azizzoda va M. Rahim qizi tasdiqlagan. Maqolaning yakuni tahririyat tomonidan “qaychilang‘an” bo‘lishi mumkin. “Idoradan” nomi ostida berilgan redaktsion maqolachadan gazetaning o‘sha paytdagi adabiyotga nisbatan tutgan “pozitsiya”sini bilsa bo‘ladi:
“Idoradan” — Fitratning bu maqolasi Chig‘atoy adabiyoti masalasiga oid bir necha muhim paytlarini ochib beradi, biroq bu bilan chig‘atoyizm unsurlari va ularning qoldiqlari bilan kurash tamom bo‘lmaydi. Idora bu masala tevaragida ochgan muzokarani davom ettirishni lozim topadi.
Izoh (0)