Ijtimoiy tarmoqlarda “Dahshatli voqea! 8 oylik homilasi bilan kelinni bo‘g‘izlab tashlagan” sarlavhali videoxabar tarqalgan. Voqea yuzasidan Bosh prokuratura matbuot xizmati ma’lumot berdi.

Aniqlanishicha, 2021-yil iyun oyida U.N. Yozyovon tumani, O‘zbekiston ko‘chasida joylashgan xonadonlar biriga g‘ayriqonuniy ravishda kirib, mol-mulklarni qo‘lga kiritmoqchi bo‘lgan vaqtida uyda bo‘lgan homilador M.Q. uni ko‘rib qolganligi sababli, uni pichoq bilan bir marotaba urib, tan jarohati yetkazgan. Oqibatda M.Q kasalxonada vafot etgan.

Mazkur holat yuzasidan 2021-yil 23-iyun kuni Yozyovon tuman prokuraturasi tomonidan Jinoyat kodeksining 97-moddasi (qasddan odam o‘ldirish) va 164-moddasi (bosqinchilik) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Jinoyat ishi bo‘yicha 1 nafar shaxsga ayb e’lon qilinib, unga nisbatan qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llanilgan.

Jinoyat ishi mazmunan ko‘rib chiqish uchun 2021-yil 16-sentabr kuni Farg‘ona viloyat sudiga yuborilgan.

Bundan avval Qo‘qonda televizorni qaysi kanalga olish ustida yuz bergan janjal oqibatida 17 yoshli yigit akasiga 9 marta pichoq urgani, Samarqandda er yarashish taklifini rad etgani uchun xotini va uning akasini pichoqlagani hamda Sirdaryoda xolasining uyini o‘marishga kelgan qimorboz jiyan uning joynamoz ustidagi o‘g‘lini pichoqlab o‘ldirgani haqida xabar berilgandi.