Xorazmda “Xalq so‘zi” gazetasi jurnalisti Said Mahsumov avtohalokatga uchrab, halok bo‘lgani haqida xabar berilgan edi. Xorazm viloyati IIB axborot xizmati tomonidan e’lon qilingan lahvada aytilishicha, avariya mashina haydovchisining uxlab qolishi sabab bo‘lgan.

Kadr: Telegram

Mazkur yo‘l transport hodisasi 19-sentabr kuni soat 23:35 larda Xorazm viloyati, Tuproqqal’a tumani, Sarimoy qishlog‘i hududidan o‘tgan A-380 G‘uzor—Buxoro—Nukus—Beyneu xalqaro ahamiyatga ega bo‘lgan avtomobil yo‘lining 493-kilometrida yuz bergan. Ma’lumotlarga ko‘ra, 25 yoshli fuqaro tegishli hujjatlar bilan Tacuma rusumli avtomobilni boshqarib borayotib, uxlab qolgan va yo‘ldan chap tomonga burilayotgan Isuzu yuk mashinasining orqa tomoniga kelib urilgan.

Oqibatda Tacuma haydovchisi A.M. hodisa joyida, ushbu avtomobil yo‘lovchilari S.M. shifoxonaga olib ketilayotganda, R.J. va A.Q. esa shifoxonada vafot etgan.

Qayd etilishicha, mazkur YTH yuzasidan Tuproqqal’a tumani IIB huzuridagi TB tomonidan Jinoyat kodeksining 266-moddasi 3-qismi “a” bandi (transport vositalari harakati yoki ulardan foydalanish xavfsizligi qoidalarini buzish odamlar o‘limiga sabab bo‘lishi) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, hozirda dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.