Bugun,

  • USD 11095.31
  • RUB 173.84
  • EUR 10772.44

Birlashgan Millatlar Tashkilotining Nyu-Yorkdagi bosh qarorgohida 21-sentabr kuni BMT Bosh Assambleyasining 76-sessiyasi doirasidagi umumiy munozaralar boshlandi. Unda O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev videomurojaat bilan so‘zga chiqdi.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Foto: Prezident matbuot xizmati

76-sessiyaning raisi Abdulla Shahid boshchiligida o‘tkazilayotgan munozaralarning birinchi kunida BMT bosh kotibi Antoniu Guterrish, a’zo davlatlar yetakchilari — Amerika Qo‘shma Shtatlari prezidenti Jo Bayden, Xitoy raisi Si Szinpin, Braziliya prezidenti Jair Bolsonaru, Eron prezidenti Ibrohim Raisiy, Koreya prezidenti Mun Chje In, Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘on, Polsha prezidenti Anjey Duda, Misr prezidenti Abdulfattoh as-Sisi, Qatar amiri shayx Tamim bin Hamad Ol Soniy hamda Amerika, Yevropa, Osiyo va Afrikaning boshqa davlatlari rahbari ishtirok etdi.

BMTga a’zo davlatlar delegatsiyalari global va mintaqaviy xavfsizlik, COVID-19 pandemiyasi sharoitida barqaror taraqqiyot va uning ijtimoiy-iqtisodiy oqibatlarini yengib o‘tish, inson huquq va erkinliklarini himoya qilish va rag‘batlantirishning muhim masalalari yuzasidan fikr almashdi.

O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev o‘z nutqida yangi sharoitlarda BMT va uning ixtisoslashgan tuzilmalarining ahamiyati va o‘rni tobora ortib borayotganini qayd etdi.

“Tinchlik, xavfsizlik va barqaror taraqqiyotga transmilliy tahdidlar tobora kuchaymoqda, iqlim jadal o‘zgarmoqda, ommaviy migratsiya oqimlari ko‘paymoqda, an’anaviy qadriyatlar zavol topmoqda.

Jahon taqdiri bilan bog‘liq ushbu muhim jarayonlarda aynan Birlashgan Millatlar Tashkiloti o‘zining yetakchilik rolini yangi mazmun va sifat bilan davom ettirishi zarur. Biz bosh kotibning xalqaro munosabatlar tizimida hamjihatlik va birdamlikni mustahkamlash, tashkilot faoliyatining samaradorligini va shaffofligini oshirishga qaratilgan harakatlarini qo‘llab-quvvatlaymiz”, — dedi O‘zbekiston yetakchisi.

Prezident BMTning “hech kimni e’tiborsiz qoldirmaslik”, degan tamoyil asosida vaksinalardan teng va adolatli foydalanish imkoniyatini yaratishga doir sa’y-harakatlarini to‘liq qo‘llab-quvvatladi.

“Biz pandemiyalarga qarshi samarali kurashda vaksinatsiya natijalarini xalqaro miqyosda tan olish jarayonlarida Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining muvofiqlashtiruvchi rolini yanada kuchaytirish tarafdorimiz. O‘zbekiston Respublikasining tashabbusi bilan ishlab chiqilgan va Bosh Assambleyaning rasmiy hujjati sifatida tarqatilgan Pandemiyalar davrida davlatlarning ixtiyoriy majburiyatlari to‘g‘risidagi kodeks bizning bu boradagi amaliy hissamizdir”, — deya davom ettirdi Prezident.

Davlat rahbari so‘nggi yillarda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli va jadal demokratik islohotlar bugungi kunda ortga qaytmas tus olganini ta’kidladi.

“Inson huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini ta’minlash hamda himoya qilish demokratik islohotlarimizning asosini tashkil etmoqda. So‘z va ommaviy axborot vositalari, din va vijdon erkinligini, gender tenglikni, millatlararo totuvlikni ta’minlash borasida qat’iy qadamlar tashlanmoqda”, — dedi Prezident.

Ishtirokchilarning e’tibori bosh g‘oyasi fuqarolik jamiyati institutlari rolini kuchaytirish, inson huquqlarini himoya qilish, kambag‘allikni kamaytirish, har bir kishini kafolatli daromad manbai bilan ta’minlash hamda barqaror ekologik rivojlanishga erishishdan iborat Yangi O‘zbekiston strategiyasi ishlab chiqilganiga qaratildi.

“Asosiy maqsadimiz — 2030-yilga borib aholi jon boshiga to‘g‘ri keladigan daromadlar miqdori bo‘yicha ‘daromadi o‘rtachadan yuqori bo‘lgan davlatlar’ qatoriga kirishdir. Bu rejamiz Birlashgan Millatlar Tashkilotining 2030-yilgacha bo‘lgan barqaror rivojlanish maqsadlari ruhiga uyg‘un ekanini ta’kidlash lozim”, — dedi O‘zbekiston yetakchisi.

Shu ma’noda pandemiyadan keyingi davrda jahon iqtisodiyotini qayta tiklash muammolarini o‘rganish, kambag‘allikni qisqartirish bo‘yicha ilg‘or tajribalarni hayotga tatbiq etishga bag‘ishlangan xalqaro konferensiyani Toshkentda o‘tkazish taklif etildi.

Davlat rahbari global harakatlarga yoshlarni jalb etish bo‘yicha Butunjahon konferensiyasi mamlakatda muvaffaqiyatli o‘tkazilganini ta’kidladi hamda ushbu yo‘nalishdagi sa’y-harakatlarning davomi sifatida Samarqand shahrida muntazam o‘tkazilayotgan Inson huquqlari muloqotlari doirasida Global ta’lim forumini tashkil etish rejalashtirilganini ma’lum qildi.

Davlat rahbari O‘zbekiston tomonidan iqlim o‘zgarishlariga qarshi kurash, atrof-muhit va bioxilma-xillikni muhofaza qilish, tiklanadigan energiya manbalariga o‘tish masalalarida ko‘rilayotgan chora-tadbirlarga alohida to‘xtaldi.

“Bu nafaqat bugungi, balki kelajak avlodlar oldidagi ezgu insoniy burchimizdir”, — dedi Shavkat Mirziyoyev.

2021-yil may oyida BMT Bosh Assambleyasining Orolbo‘yi mintaqasini ekologik innovatsiyalar va texnologiyalar hududi, deb e’lon qilish to‘g‘risidagi maxsus rezolyutsiyasi qabul qilingani O‘zbekistonning bu boradagi sa’y-harakatlari samara berayotganini tasdiqlaydi.

Ekologiya borasidagi choralarning mantiqiy davomi sifatida 2022-yili Orolbo‘yi hududida, Nukus shahrida “yashil” energetika bo‘yicha BMT bilan hamkorlikda yuqori darajadagi xalqaro forum o‘tkazish tashabbusi ilgari surildi.

Shu bilan bir qatorda BMT shafeligida global ekologik siyosatning ustuvor yo‘nalishlarini batafsil muhokama qilish maqsadida 2023-yilda O‘zbekistonda atrof-muhit bo‘yicha BMTning yuqori darajadagi Oltinchi Assambleyasini o‘tkazish taklif etildi.

“Assambleya ishtirokchilari Orol dengizining qurishi natijasida yuzaga kelgan, ekologik ofat markazi bo‘lgan, Orolbo‘yi mintaqasidagi og‘ir vaziyat bilan bevosita tanishish va zarur xulosalar chiqarish imkoniyatiga ega bo‘ladilar. Bundan tashqari, atrof-muhit bo‘yicha Assambleyada Birlashgan Millatlar Tashkilotining yangi ekologik siyosati asoslarini tashkil etishga qaratilgan Butunjahon ekologiya xartiyasini ishlab chiqish tashabbusini ilgari surmoqchimiz”, — dedi O‘zbekiston yetakchisi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev so‘zining yakunida O‘zbekiston dunyoning barcha davlatlari va global tashkilotlar bilan o‘zaro manfaatli, uzoq muddatli va ko‘pqirrali sheriklikni rivojlantirishga doimo tayyor ekanini ta’kidladi. Mamlakat xavfsiz hamda barqaror o‘sish, farovon kelajakni barpo etishga qaratilgan yaqin hamkorlikni bundan keyin ham kuchaytirib boraverishi qayd etildi.

Izoh
Asosiy yangiliklar
Mahalliy
Huquq faoli Nukus voqealarida gumonlanayotganlar qiynoqqa solinmaganini aytmoqda
Dunyo
“Daryo” kundaligida 30-noyabrda sodir bo‘lgan eng muhim voqealar
Mahalliy
Kontrabanda sigaretalar ko‘proq qaysi viloyatlar chegaralaridan olib o‘tilmoqda? Bojxonachi javob berdi