O‘zbekistonda elektromobillar avtotransport yig‘imidan ozod etildi, deb xabar bermoqda Spot. Bu 14-sentabr kuni Shavkat Mirziyoyev tomonidan imzolangan qonunda belgilandi.

“Faqat elektr dvigatel orqali harakatga keltiriladigan avtomototransport vositalarini sotib oluvchi va (yoki) ularni O‘zbekiston Respublikasi hududiga vaqtincha olib kirishni amalga oshiruvchi shaxslar”.
Ushbu yig‘imni bekor qilish Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 29-dekabrdagi qarorida ko‘zda tutilgandi. O‘sha yili elektr transport vositalari aksiz va bojxona to‘lovlaridan ham ozod qilindi.O‘zbekistonda elektromobillar tobora keng tarqalmoqda. Davlat statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, iyul oyining o‘zida mamlakatga 164 dona elektromobil keltirildi.
O‘zbekiston hukumatining 2020-yil 29-dekabrdagi qarorida “O‘zavtosanoat”ni faqat elektrodvigatelda harakatlanuvchi yengil avtomobillar va mototransport vositalari ishlab chiqarishga o‘tkazish maqsadi oshkor etilgan edi.
“O‘zavtosanoat” kompaniyasining Strategiya bo‘limi boshlig‘i Rustam Qodirov 2021-yilning mart oyida UzAuto Motors’ning Asaka shahrida tashkil etilgan matbuot anjumanida O‘zbekistonda hozirgi vaqtda elektromobillarni ishlab chiqarish uchun zarur infratuzilma yo‘qligini aytgandi.Mavzuga doir: O‘zbekistonda 2025-yilgacha elektromobillar ishlab chiqarilmaydi — “O‘zavtosanoat”








