Yevropa maydonlarida mavsumning eng nufuzli musobaqasi hisoblangan Chempionlar Ligasining final bosqichi start oladi. Yevropaning saralangan 32 jamoasi “shalpangquloq” uchun bahs olib boradi.

Guruh bosqichi va qur’a haqida

Guruh bosqichiga deyarli barcha top-klublar yetib keldi. APL va A Seriya grandlari to‘liq tarkibda. Ukrainaning ikki grand klubi hal qiluvchi bosqichga chiqqan bo‘lsa, UEFA koeffitsiyent jadvalida jadallik bilan pastga sho‘ng‘iyotgan Rossiyadan faqat “Zenit” guruh bosqichida ishtirok etadi. Kutilmagan “mehmon” sifatida “Sherif”ni e’tirof etish mumkin. Moldavan klubi YChLda debyut qiladi, bu haqida quyida hali yana so‘z yuritamiz.

Foto: LiveScore

Savatchalar tarkibi shunday bo‘ldiki, qur’a natijasida guruh bosqichidayoq istalgan finalni bezaydigan qarama-qarshiliklar vujudga keldi. Ulardan ayrimlari:

  • “Manchester Siti” — “PSJ”
  • “Atletiko M” — “Liverpul”
  • “Real Madrid” — “Inter”
  • “Bavariya” — “Barselona”
  • “Chelsi” — “Yuventus”

Foto: “Daryo”

Ha, bu o‘yinlarga guruh bosqichida duch kelamiz va bir emas, ikki martadan.

Favoritlar

Chempionlar Ligasi shunday musobaqaki, oldindan bir yoki ikki jamoani favorit sifatida e’tirof etish mushkul. Tarkibdagi yulduz futbolchilar nuqtayi nazaridan qaralganda “PSJ”, “Chelsi” va “Manchester Yunayted”ni ko‘rsatish mumkin. “Manchester Siti” va “Bavariya”da barqarorlik bo‘lsa, “Real”, “Yuventus” va “Atletiko”da ushbu musobaqadagi tajriba yuqori darajada.

Foto: Getty Images

Shuningdek, Yevropa Ligasi g‘olibi “Vilyarreal”, Fransiya chempioni “Lill”, tanaffusdan keyin turnirga qaytgan “Milan” va to‘xtash nimaligini bilmay kelayotgan Holandi bor “Borussiya D” ham qolganlarga “bosh og‘riq” bo‘lishi mumkin. G‘olib bo‘lish uchun mavsum davomida barqarorlikni ushlab turish va biroz omad kerak bo‘ladi.

Intrigalar

Guruh bosqichida ko‘plab prinsipial to‘qnashuvlarni uchratish mumkin. Ulardan ayrimlari haqida qisqacha to‘xtalib o‘tamiz.

“PSJ” — “Manchester Siti”. Parijliklar 2020/21-yilgi mavsum yarim finalida “shaharliklar”ga imkoniyati boy berib (1:2, 0:2), musobaqa finalidan quruq qolgandi. O‘tgan yozda parijliklar tarkibi qay daraja kuchaygani haqida batafsil to‘xtalib o‘tirish shart emas, albatta.

“Real”, “Inter” va “Shaxtyor” yana bir guruhda. Xuddi o‘tgan mavsumdagi singari bu jamoalar yana bir guruhdan joy oldi. Birgina o‘zgarish: o‘tgan gal “chaqilmas yong‘oq” vazifasini o‘tagan “Borussiya M” o‘rnini yaqqol autsayder “Sherif” egallagan. Madridliklar guruh bosqichida “Shaxtyor”ga ikki bor mag‘lub bo‘lgan va so‘nggi turdagi g‘alaba evaziga keyingi bosqich masalasini hal qilgandi. Antonio Kontening “Inter”i esa oxirgi o‘rinda qolib ketgandi.

“Barselona” — “Bavariya”. Katalon klubidagi muammolarning butun dunyoga oshkor bo‘lishiga sabablardan biri sifatida ko‘rsatiladigan o‘yinga u qadar ko‘p vaqt bo‘lmadi. Koronavirus sabab YChL 2019/20-yilgi mavsumi pley-off bosqichi markazlashgan tizimda o‘tkazilgan va unda “Bavariya” “ko‘k-anorranglilar”ni 8:2 hisobida tor-mor keltirgandi. “Barselona” esa o‘sha o‘yindagi “nokdaun” holatidan hali ham chiqa olmagandek. O‘sha uchrashuvdan keyin ko‘p narsa o‘zgardi, ayniqsa, Barselona jamoasi — jamoaning hujum triosidan (Messi, Grizmann, Suares) asar ham qolmadi. Biroq “Barsa”da o‘sha o‘yindan qolgan alam hamon saqlanib turgani aniq.

Foto: Getty Images

“Manchester Yunayted” — “Vilyarreal”. Yevropa Ligasi 2020/21-yilgi mavsumi finali qatnashchilari bu safar YChLning guruh bosqichidayoq o‘zaro ro‘baro‘ keladi. Endi “Manchester” o‘tgan yilgi “Manchester” emas. Ular safida Chempionlar Ligasi timsoliga aylana yozgan Krishtianu Ronaldu bor, “Real” bilan to‘rt bor musobaqada g‘olib chiqqan Rafael Varan bor.

YChLda o‘zbek futbolchisi. Chempionlar Ligasi ilk bor yo‘llanmani qo‘lga kiritgan “Sherif” jamoasi yozgi transfer oynasida o‘z safiga “Legiya” forvardi Jasur Yaxshiboyevni qo‘shib oldi va uni YChL uchun ro‘yxatdan o‘tkazdi. Endi o‘zbekistonlik futbolchi “Real”, “Inter” va “Shaxtyor” kabi jamoalar darvozasiga yo‘l topishga harakat qiladi. Jasur o‘tgan hafta moldavanlar safidagi debyut o‘yinida gol va golli uzatma amalga oshirib, bahs taqdirini hal qildi. Shunday ekan o‘zbekistonlik futbol muxlislari orasida D guruhiga bo‘lgan qiziqish yanada ortdi, desak adashmagan bo‘lamiz.

Nomlar

Foto: Sport360

Nomlar haqida gap ketganda “PSJ”ga havas qilmay iloj yo‘q. Ajratib ko‘rsatish mumkin bo‘lgan futbolchilar o‘zi sanoqlik bo‘lsa-da, ularning uch nafari parijliklar safida — Messi, Neymar va Mbappe. Yevropa chempionatining eng yaxshi o‘yinchisi Janluiji Donnarummani ham inobatga olsak, “PSJ” turganda qolganlarga “non yo‘q”dek.

Yozda ushbu musobaqa uchun “investitsiya” kiritgan jamoa sifatida “Manchester Yunayted”ni ham aytish mumkin. Ronalduning qaytishi o‘z-o‘zidan “qizil iblislar”ni nafaqat APL, balki Chempionlar Ligasining asosiy favoritlari qatoriga qo‘shdi.

“Chelsi”da endi hal qiluvchi o‘yinlarda g‘alaba qozonishni biladigan Tomas Tuxeldan tashqari hujumlarni yakunlashda beshafqat bo‘lgan Romelu Lukaku bor. Bu esa amaldagi chempion uchun o‘z maqomini munosib himoya qilish yo‘lida juda muhim.

Mavsumlar oralig‘ida mashhur nomlarni yo‘qotganlar ham talaygina bo‘ldi. “Barselona” va “Yuventus” so‘nggi 15 yillikning eng yaxshi o‘yinchilarini qo‘yib yubordi. “Real” qatorasiga uchta YChL kubogini qo‘lga kiritgan Zidan bilan xayrlashdi. “Inter” esa Lukakuni Angliyaga kuzatib qo‘ydi.

Musobaqa bo‘yicha taxminlar

Yuqorida qayd etib o‘tganimizdek, bu musobaqada oldindan biror taxmin bildirish juda mushkul. Shunday bo‘lsa-da shaxsiy qarashlardan kelib chiqib, ayrim taxminlarni keltirib o‘tamiz.

  • Chempion — “Manchester Siti”;
  • To‘purar — Robert Levandovski;
  • Eng yaxshi o‘yinchi — Kevin de Bryuyne;
  • Ehtimoliy sensatsiya — “Barselona” musobaqani erta tark etadi;
  • Kutilmagan sensatsiya — “PSJ” pley-off bosqichiga yo‘l ololmaydi;
  • Musobaqa kashfiyoti (o‘yinchi) — Vinisius Junior;
  • Musobaqa kashfiyoti (klub) — “Sevilya”.

Muallif: Nodirxon Hamidxonov