1813-yilning 26-avgust kuni hozirgi Germaniya davlati hududida joylashgan Drezden shahrida Napoleon I Bonapart boshliq fransuz qo‘shini va Rossiya, Prussiya, Avstriya, Shvetsiya birlashgan kuchlari o‘rtasida jang bo‘lib o‘tadi. “Daryo” buyuk fransuz imperatorining so‘nggi yirik g‘alabasi haqida hikoya qiladi.

To‘qnashuvdan oldingi vaziyat qanday edi?

1812-yilgi muvaffaqiyatsiz Rus yurishidan so‘ng Napoleon Bonapartning buyuk armiyasi Buyuk chekinishni amalga oshiradi. Fransuzlarni ta’qib qilgan ruslar Prussiya qo‘shinlari bilan birlashib, Napoleon armiyasini Germaniya yerlarida ham bir necha kichik janglarda mag‘lub etadi. Ammo keyinroq Lyutsen va Bautsen janglarida birlashgan kuchlar fransuzlardan mag‘lub bo‘ladi. Tez orada Rossiya va Prussiya o‘rtasidagi Oltinchi koalitsiya ittifoqiga Avstriya va Shvetsiya ham qo‘shiladi. Bu Napoleonning harbiy-siyosiy ahvolini og‘irlashtiradi.

Yangi qo‘shini bilan Erfurtdan yo‘lga chiqqan Napoleon Germaniya janubi tomon yurib, Saksoniya poytaxti Drezden shahrini egallaydi. Ushbu shahar strategik muhim nuqta bo‘lib, fransuz imperatori shaharda ulkan zaxiralarni to‘playdi.

Ittifoqchilarning Traxenberg shahridagi yig‘ilishida umumiy kuchlarni uchga bo‘lishga qaror qilinadi hamda qo‘shin Bohemiya (asosiy armiya, ikki yuz mingdan ko‘proq qo‘shin), Sileziya (yuz minglik qo‘shin) va Shimoliy (bir yuz o‘ttiz minglik qo‘shin) armiyalariga bo‘linadi. Bu uch armiya Napoleon armiyasini uch tomondan: sharq, janub va shimoldan yarim doira shaklida siquvga olishi kerak edi.

Drezden jangi

Foto: Google Images

Dastlab Napoleon koalitsiyaning asosiy qo‘shini Sileziya armiyasi deb o‘ylaydi va Gebxard Leberext Blyuxer boshliq Sileziya qo‘shini tomon yurish boshlaydi. Ammo u keyinroq avstriyaliklar va ruslardan iborat Bohemiya armiyasi Drezden shahriga yurish boshlaganidan xabar topadi va uch kun ichida yuz milga (qariyb 161 kilometr) yaqin masofani bosib o‘tib, shaharga ittifoqchilar asosiy hujumni boshlamasdan yetib keladi.

Jangning boshlanishi

Jang 26-avgust kuni ertalab boshlanadi. Bohemiya armiyasi bosh qo‘mondoni hisoblanuvchi avstriyalik feldmarshal Shvartsenberg qo‘shinni shahar darvozasi oldida keng chiziq bo‘ylab joylashtiradi. Feldmarshal shaharni Napoleon va uning eski gvardiyasi yetib kelishidan oldinroq qo‘lga kiritmoqchi edi.

Drezdendagi fransuz garnizoniga marshal Guvion Sent-Sir boshchilik qilayotgandi. Napoleon boshliq kuchlar yetib kelgunga qadar mudofaani ushlash maqsadida Sent-Sir qal’adan tashqarida ham mudofaa chizig‘ini tashkil qiladi.

Erta tongdan hujumga o‘tgan avstriyaliklar muvaffaqiyatli harakat qilib, tashqi pozitsiyadagi fransuzlarni ortga chekinishga majbur qiladi. Tushga kelib ittifoqchilar shaharga kirish uchun qulay imkoniyatga ega bo‘ladi, biroq ular so‘nggi hujumga tayyorgarlik ko‘rish va hali yetib kelmagan artilleriya qurollarini kutish maqsadida hujumni to‘xtatadi. Ammo ittifoqchilar hujumning birinchi qismini tugatganidan keyin Drezdenga fransuz Katta armiyasining ilk bo‘linmalari kirib kelgani, birozdan so‘ng esa Napoleonning o‘zi ham shaharga yetib kelgani ma’lum bo‘ladi.

Kuchlar muvozanatining o‘zgarishi ortidan feldmarshal Shvartsenberg keyingi harakatlar haqida qaror qabul qilish uchun harbiy kengash chaqiradi. Kengashda Butunrossiya podshosi Aleksandr I, Prussiya qiroli Frederik Vilgelm III va Avstriya imperatori Fransis II qatnashadi. Monarxlar keyingi harakatlar borasida bahsga kirishadi. Ittifoqchilarning asosiy muammolaridan biri ham yagona qo‘mondonlikning yo‘qligi edi. Podsho Aleksandr I Napoleon kelgandan keyin ortiq hujumni davom ettirgandan ma’no yo‘qligini ta’kidlaydi. Harbiy bilimi bo‘lmagan imperator Fransis II hech qanday fikr bildirmaydi. Frederik III esa ittifoqchilar kuch jihatdan hali ham ustun ekani, hujumni davom ettirish kerakligini aytadi. Uch hukmdor nima qilish kerakligini aniqlab olishi uchun ancha vaqt ketadi va o‘sha kuni Bohemiya armiyasi shaharga hujumni davom ettirmaydi.

Ammo Napoleon nima qilishni xohlayotganini yaxshi bilardi. U o‘z qo‘shinlarini shahar atrofiga joylashtiradi va yalpi qarshi hujumga o‘tadi. Hujum, taxminan, soat 17:30 da boshlanadi va fransuzlarning boy berilgan tashqi pozitsiyalarni qaytarib olishi bilan yakunlanadi.

Drezden jangi xaritasi

Foto: Byroncillo

Tunda har ikkala tomon ham jangni davom ettirishga qaror qiladi. Koalitsiya kuchlari son jihatdan yaqqol ustunlik bilan hujum qilishni rejalashtirib, qo‘shinning asosiy qismini markazga joylashtiradi. Ittifoqchilar qanotlariga 25 mingdan askar joylashtiriladi, markazda esa 120 mingdan ko‘proq qo‘shin to‘planadi.

Napoleon ham dushmanning ustunligiga qaramasdan hujum qilish rejasini tuzadi. Biroq Napoleonning rejasi ittifoqchilar rejasiga qarama-qarshi bo‘lib, fransuz imperatori asosiy zarbani qanotlar orqali bermoqchi edi. Napoleon o‘ng qanotga Yoahim Myurat, chap qanotga esa Mishel Ney boshchiligida 35 mingdan qo‘shin qo‘yiladi. Markazga generallar Guvion Sent-Sir va Lui Viess de Marmon rahbarligida 50 ming askar joylashtiriladi.

Kechasi osmon bulut bilan qoplanib, yomg‘ir boshlanadi. Yomg‘ir kunbo‘yi davom etib Drezden atrofidagi daryolar sathini ko‘taradi va jang maydonini alohida qismlarga ajratadi. Mushketlar deyarli foydasiz qurolga aylanib qoladi, sababi porox va miltiqlar yomg‘irda nam tortib qolgandi.

Buyuk imperatorning so‘nggi yirik g‘alabasi

Har ikkala tomon hal qiluvchi hujumni 27-avgust kuni erta tongdan boshlaydi. Ittifoqchilar markazni harakatga keltiradi va son jihatdagi ustunlikdan foydalanib fransuzlarni markazdan yo‘l berishga majbur qilishmoqchi bo‘ladi. Biroq Guvion Sent-Sir boshchiligidagi fransuzlar yaxshi himoyalanib, koalitsiya qo‘shinining Drezden tomon harakatini sekinlashtiradi.

Fransuz qo‘shinining qanotlardan hujumi esa ancha muvaffaqiyatli kechadi. Chapda marshal Mishel Ney general Pyotr Vitgenshteyn boshliq ruslarni chekinishga majbur qiladi va ittifoqchilar markazi oldinga siljigan sari ularning qanotini orqaga suradi. Bu paytda o‘ng qanotda Yoahim Myurat boshliq yaxshi intizomga ega fransuz otliq askarlari hujumga o‘tadi.

Biroq loyli maydonda otliqlar bilan hujum qilish mumkin emasdi. Yoahim Myuratni muvaffaqiyatsizlikdan ittifoqchilarning nam tortgan mushketlari deyarli yaroqsiz holga kelgani qutqarib qoladi. Yomg‘ir natijasida sathi ko‘tarilgan daryo koalitsiya chap qanotining na madad kuchlari bilan kuchayishiga, na chekinishiga imkon beradi. Natijada 14 mingdan ortiq ittifoqchilar qo‘shini fransuzlarga taslim bo‘ladi.

Drezden jangi

Foto: Wikipedia

Hujumlar susaya boshlagach Shvartsenberg qarshi hujumga o‘tishni rejalashtiradi. Podsho Aleksandr I ham barcha zaxiralarni jangga tashlashni va qarshi hujumga o‘tishni qat’iy talab qiladi. Shvartsenberg Mishel Ney qo‘shinining oldinga siljib, markazdagi Guvion Sent-Sir kuchlaridan ajralishini kutadi. Ammo maydon o‘ta loyligi tufayli artilleriya qurollarini ko‘chirish juda qiyin edi.

Qolaversa, general Dominik Vandam boshchiligidagi fransuz korpusi ittifoqchilar armiyasini aylanib o‘tayotgani va ortdan hujum qilishi mumkinligi haqida xabar keladi. Shvartsenberg jang boy berilganini sezadi va general Dominik Vandam qochish yo‘lini kesib tashlamasdan oldin o‘z qo‘shinini tartibli ravishda jang maydonidan olib chiqishga qaror qiladi. Shu tariqa jang tugaydi.

Noqulay maydon va loy yerlarda harakat qilgan otlarning charchagani tufayli Napoleon koalitsiya qo‘shinini ta’qib qilmaydi. Yomon ob-havo uning sog‘ligiga ham ta’sir qiladi. Dushmanni quvish o‘rniga imperatorning o‘zi shaxsan ortga qaytadi va Shvartsenberg talafotlarsiz chekinadi.

Drezden jangidagi g‘alaba qanday ahamiyat kasb etdi?

Ittifoqchilarning Drezdendagi yo‘qotishlari, taxminan, 24 ming kishini tashkil etadi. Napoleon I Bonapart esa jangda 10 mingga yaqin odamini yo‘qotadi.

Tez orada Traxenbergdagi reja bo‘yicha Sileziya armiyasi hujumga o‘tadi va Napoleon asosiy kuchlari bilan yangi dushmanga qarshi yurishga majbur bo‘ladi. Natijada yakkalanib qolgan general Dominik Vandam korpusi Drezdendan 45 kilometr janubdagi Kulm shahri yaqinida qurshab olinadi va tor-mor qilinadi. Bu mag‘lubiyat marshallar Udino va Jak Makdonald mag‘lubiyatlari bilan birga Napoleonning Drezdendagi g‘alabasi ahamiyatiga soya soladi.

Drezdendagi g‘alaba Napoleon armiyasida g‘alabaga bo‘lgan ishonchni orttiradi. Biroq keyingi janglarda ittifoqchilar Napoleonni yengish uchun barcha imkoniyatlarni ishga soladi va unga qarshi ulkan armiya qo‘yishga muvaffaq bo‘ladi. Natijada Drezdendagi g‘alabadan so‘ng fransuz armiyasi ketma-ket mag‘lubiyatlarga uchraydi hamda Leypsigda to‘liq tor-mor etiladi.

Drezdendagi g‘alaba buyuk imperator Napoleon I Bonapartning harbiy faoliyatidagi so‘nggi yirik g‘alabasi bo‘lib qoladi (Napoleonning oxirgi g‘alabasi esa Linyi jangidagi zafar edi).

Muhammadqodir Sobirov tayyorladi