“Tolibon” Afg‘onistonda g‘alaba qozondi, shu sababli Yevropa Ittifoqi u bilan muloqot olib borishiga to‘g‘ri keladi. Bu haqda Yevroittifoqning tashqi ishlar va xavfsizlik siyosati bo‘yicha oliy vakili Jozep Borrel aytib o‘tdi.

Foto: AP Photo

“Biz ular kim bo‘lishidan qat’i nazar Kobuldagi rasmiylar bilan muloqotni yo‘lga qo‘yishimiz kerak. ‘Tolibon’ urushda g‘alaba qozondi, biz ular bilan muloqot qilishimizga to‘g‘ri keladi ”, — dedi u Yevroittifoq tashqi ishlar vazirlarining favqulodda yig‘ilishidan keyingi matbuot anjumanida. Shu bilan birga, uning alohida ta’kidlashicha, gap “Tolibon” Afg‘onistonning qonuniy hukumati sifatida rasman tan olinishi haqida ketmayapti.

Borrelning aytishicha, vaziyat o‘nglanmaguncha, Yevropa Ittifoqi Afg‘onistonga iqtisodiy yordam berishni to‘xtatadi, lekin gumanitar yordam ko‘rsatishda davom etadi.

Xususan, Yevroittifoq “Tolibon” bilan 2001-yilgi harbiy kampaniya davomida G‘arb davlatlariga yordam bergan afg‘onlar va Yevropa fuqarolarini mamlakatdan olib chiqish bilan bog‘liq muammolarni muhokama qilishi kerak. “Men amaliy masalalarni hal qilish bo‘yicha ‘Tolibon’ bilan muzokara olib borish uchun Afg‘onistonga delegatsiya yuboraman”, — dedi Borrel.

Borrel Afg‘onistonda G‘arb harbiy kampaniyasi boshlanganidan buyon “Tolibon” o‘zgarganmi, degan savolga javoban, hozircha bu bo‘yicha yakuniy xulosa chiqara olmasligini aytdi. “Ularning ko‘rinishi avvalgidek, lekin ingliz tilida yaxshiroq gapiradigan bo‘lgan”, — deya hazillashdi diplomat.

Borrel “Tolibon” bilan aloqa o‘rnatishdan tashqari, Yevropa Ittifoqining Afg‘onistondagi yana ikkita vazifasini sanab o‘tdi. Ulardan birinchisi — o‘z fuqarolarini va agar o‘zlari xohlasa, G‘arbga yordam bergan afg‘onlarni mamlakatdan olib chiqish.

“Bizning birinchi vazifamiz — Afg‘onistonda bo‘lib turgan Yevropa fuqarolari hamda biz bilan 20 yil ishlagan va mamlakatni tark etmoqchi bo‘lgan Afg‘oniston fuqarolarini evakuatsiya qilish va ular uchun xavfsiz muhit yaratish”, — dedi Yevropa diplomatiyasi rahbari. Yana bir vazifa Afg‘onistondagi vaziyat tufayli yangi migratsion inqiroz paydo bo‘lishining oldini olish, deya qo‘shimcha qildi diplomat.

Borrel afg‘on hukumatining mag‘lubiyatidan olingan saboqlar haqida gapirar ekan, davlatchilikni tashqaridan yaratib bo‘lmasligini, uni faqat ma’lum bir mamlakat fuqarolarining o‘zlari qurishi mumkinligini tan oldi. Diplomatga ko‘ra, G‘arb Afg‘onistonda “Al-Qoida”ni mag‘lub etishga muvaffaq bo‘lgan bo‘lsa-da, AQSh va Yevropa Ittifoqi mamlakatlari Afg‘onistonda zamonaviy davlat qurishga erisha olmadi.

Borrelning ta’kidlashicha, u “Tolibon”ning kuchlarini mustahkamlash uchun ko‘p vaqt va mablag‘ sarflagan afg‘on armiyasi ustidan osonlikcha ustunlikka erishganidan hayratda. “Afg‘oniston sobiq hukumatiga yordam berish uchun misli ko‘rilmagan resurslar ishlatilganiga qaramay, bularning barchasi Afg‘oniston davlatchiligini yaratish va mamlakatda harbiy kuchlarni mustahkamlashda minimal natijalarga olib keldi, — deya tan oldi diplomat. —Biz xatolarimizni tan olishimiz kerak”.

Avvalroq HAMAS harakati “Tolibon”ni Afg‘onistondagi g‘alaba bilan tabriklagan edi.

15-avgust kuni “Tolibon” jangarilari Kobulga kirdi va Afg‘onistonning butun hududini nazorat ostiga olganini e’lon qildi. Shu kuniyoq mamlakat prezidenti Ashraf G‘ani iste’foga chiqib, mamlakatni tark etdi. Afg‘oniston maxsus kuchlari tarqatib yuborildi, aholidan qurol-yarog‘lar musodara qilinmoqda.