Bugun,

  • USD 11095.31
  • RUB 173.84
  • EUR 10772.44

Buxoro viloyati Vobkent tumanining ayrim hududlarida 20-iyul kuni kuchli shamol kuzatilib, daraxtlar singan, simyog‘ochlarga zarar yetib, elektr ta’minotida uzilishlar kuzatilgan. Tumanning “Niyozxo‘ja” mahallasi Qoryog‘di qishlog‘ida favqulodda holat kuzatilgan — 205 kishi yashaydigan qishloqdagi 65 ta xonadonning 56 tasida elektr hisoblagichlar yonib ketgan.

Portlab ketgan elektr hisoblagichlardan biri.

Portlab ketgan elektr hisoblagichlardan biri.
Foto: “Daryo”

Shamol oqibatlari

Qishloq aholisining so‘zlariga ko‘ra, 20-iyul kuni kuzatilgan kuchli shamoldan so‘ng elektr ta’minotida qisqa tutashuvlar ko‘payib, oxir-oqibat o‘nlab xonadonlardagi elektr hisoblagichlar yonib ketgan. Elektr hisoblagichlarning yonishi portlashi oqibatida bir qator uylarning tom qismi ham yongan (“Niyozxo‘ja” mahalla fuqarolar yig‘ini raisi o‘rinbosari Aziza No‘karovaning aniqlik kiritishicha, hodisa oqibatida beshta xonadon jiddiy zarar ko‘rgan).

Uy ustiga ag‘anayman deb turgan simyog‘och.

Uy ustiga ag‘anayman deb turgan simyog‘och.
Foto: “Daryo”

Aholi qisqa tutashuvlar va elektr hisoblagichlarning portlashi sabab televizorlari ishdan chiqib, xolodilnik va konditsionerlari kuyganini ma’lum qilgan. Xususan, fuqarolardan biri uning elektr hisoblagichi yonib ketmagan bo‘lsa-da, bo‘lib to‘lash sharti bilan sotib olgan maishiy texnikasi ishdan chiqqanini aytib shikoyat qilgan (biroq Qoryog‘dida bo‘lgan “Daryo” muxbiri “texnikam kuydi” degan fuqarolarning ko‘rsatilgan vositalari muammosiz ishlayotganiga guvoh bo‘lgan).

Shamol vaqti xonadonlarning birida tok urishi oqibatida sigir o‘lgan. “Shamoldan gangib qoldik. Shu vaqt molxonamizdagi sog‘in sigirimiz vahimali bo‘kirdi. Bilsak, elektr simlari uzilib, molxonamizdan o‘tgan gaz quvuriga kelib urilgan va keyin sigirimizning ustiga tushgan. Ota-onam pul yig‘ib, yaqinda 10 million so‘mga sotib olgan sigir edi, halollay olmadik”, — deydi sigiri o‘lgan xonadon vakili 17 yoshli Diyor.

Tok urishi oqibatida o‘lgan sigir; egalari uni halollashga uringan, ammo ulgurmagan.

Tok urishi oqibatida o‘lgan sigir; egalari uni halollashga uringan, ammo ulgurmagan.
Foto: “Daryo”

Bir kichik qishloqda bunday ko‘lamdagi favqulodda vaziyatning yuzaga kelishiga asosiy sabablardan biri — qishloq elektr o‘tkazuvchi simyog‘ochning noqonuniy o‘rnatilgani, kamiga joyidan pala-partish ko‘chirilganidir (e’tiborga molik yana bir jihat — shu qishloqda 18 yildan beri yashovchi Sanobar Hakimovaning ta’kidlashicha, u uning hovlisi o‘rtasida elektr simyog‘och bor). “Qishloq tok yetkazib beruvchi asosiy simyog‘och o‘zgartirilmas ekan, aholi jiddiy ziyon ko‘raveradi”, — deydi qoryog‘diliklar.

Rasmiylar e’tibori

Rasmiylar shamoldan zarar ko‘rgan qishloqqa tabiiy ofatning ertasiga yetib kelgan. “Qishloqda 40 ga yaqin simyog‘och bor, kuchli shamol ayrimlarining simlarini bir-biriga o‘ralashtirib tashlagan. O‘sha kuniyoq simlar ajratildi, 56 ta xonadondagi elektr hisoblagichlar ishlatishga yaroqli, ammo eski namunadagilariga vaqtincha almashtirildi. Yangisi kelishi bilan, yana almashtirib beriladi”, — dedi tuman elektr tarmoqlari korxonasi rahbari Jasur To‘rayev; darvoqe, uning ta’kidlashicha, o‘rtasida simyog‘ochi bor 18 yillik hovli “noqonuniy qurilgan bo‘lishi mumkin”.

Foto: “Daryo”

Qo‘shimcha qilishlaricha, Vobkent tumani Davlat soliq inspeksiyasi boshlig‘i Otabek Muqimov (Qoryog‘di qishlog‘i aynan u rahbarlik qilayotgan sektorga kiradi) tok urishi oqibatida sigiri o‘lgan fuqaro D.H.ning oilasiga bir bosh qoramol olib kelib bergan. Bundan tashqari, Vobkent tumani hokimi Farhod Umarov ham qoryog‘diliklar bilan uchrashgan, tabiiy ofat oqibatida haqiqatan ham ziyon ko‘rgan xonadonlarga ko‘mak berilishini bildirgan.

Vobkent tumani hokimi Farhod Umarov (markazda) Qoryog‘di qishlog‘ida.

Vobkent tumani hokimi Farhod Umarov (markazda) Qoryog‘di qishlog‘ida.
Foto: “Daryo”

“Xalqimiz bahamjihat bo‘lib, bunday sinovlarni ko‘p yengib o‘tgan. Bu safar ham zarur chora-tadbirlar ko‘rilib, talofat oqibatlari tezda bartaraf etiladi”, — deya ma’lum qilgan tuman hokimi. Qayd etish joiz, 2020-yili Buxoro viloyatining Olot va Qorako‘l tumanlari kuchli shamoldan jiddiy zarar ko‘rgan, aholi tinchligi buzilgan edi.

Izoh
Asosiy yangiliklar
Mahalliy
Nukus voqealarida ayblanayotganlar sudi davom etmoqda: asosiy gumonlanuvchilardan biri ikkinchisini firibgar deb atadi
Mahalliy
Qashqadaryoda 3 kunlik firma 2,6 mlrd so‘mlik issiqxona o‘rnatish tenderini yutib oldi
Dunyo
Lukashenko Belarus tashqi ishlar vaziri Makey bilan vidolashuv marosimida ishtirok etdi (foto)