Daryo

O‘zbekiston—Turkmaniston chegarasida transchegaraviy savdo zonalarini yaratish rejalashtirilmoqda

Yaqin kelajakda ikki mamlakat o‘rtasida savdo aylanmasi hajmi 1 milliard dollarga yetkazilishi bashorat qilinmoqda

1 daqiqa o‘qish48 784 ko‘rishlar0 izoh0
Foto: Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi

O‘zbekiston bosh vaziri o‘rinbosari — investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Sardor Umrzoqov Turkmanboshi shahrida Turkmaniston Vazirlar Mahkamasi raisining o‘rinbosari Serdar Berdimuhamedov bilan muzokaralar o‘tkazdi. Bu haqda O‘zbekiston investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.

Foto: Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi

Ma’lum qilinishicha, uchrashuv chog‘ida savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy, transport va logistika, madaniy-gumanitar sohalardagi ikki tomonlama hamkorlikni chuqurlashtirishning bugungi holati va istiqbollari muhokama qilingan.

“Tomonlar ko‘p qirrali iqtisodiy hamkorlikni kengaytirish uchun ustuvor vazifalarni belgilab, o‘zaro savdoni rivojlantirish uchun shart-sharoitlar yaxshilash, shu jumladan, mavjud tarif va notarif to‘siqlarni izchil bekor qilish hamda ikki mamlakat bozorlariga O‘zbekiston va Turkmanistonda ishlab chiqilgan tovarlarning kirishini soddalashtirishga qaratilgan sa’y-harakatlarni birga boshlashga kelishib oldilar”, — deyiladi xabarda.

Mazkur chora-tadbirlar yaqin kelajakda O‘zbekiston—Turkmaniston savdo aylanmasi hajmini 1 milliard dollarga yetkazish imkonini berishi bashorat qilinmoqda.

Shuningdek, xabarga ko‘ra uchrashuv doirasida O‘zbekiston—Turkmaniston chegarasida transchegaraviy savdo zonalarini yaratish masalalari ko‘rib chiqilgan.

“Bu ikki tomonlama savdo rivojiga qo‘shimcha turtki beradi, jumladan, qishloq xo‘jaligi va maishiy texnika, oziq-ovqat mahsulotlari, qurilish materiallari, shuningdek, neft-kimyo mahsulotlarini o‘zaro yetkazib berishni oshiradi”, — deya ta’kidlanadi vazirlik xabarida.

Tashrif chog‘ida Turkmanistonda 5−6-avgust kunlari bo‘lib o‘tadigan Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining 3-maslahat uchrashuvi va Markaziy Osiyo mamlakatlari Iqtisodiy forumiga tayyorgarlik ko‘rish masalalari muhokama qilingan. O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev ham ushbu tadbirda ishtirok etadi. Mavzuga doir:
Telegram kanal@daryoObuna bo‘lish

Siz qanday fikrdasiz?

Avval fikringizni yozing. Yuborishda hisobingizni tasdiqlaysiz.

O‘xshash yangiliklar