Shahzoda Charlz va malika Diananing to‘y marosimidagi tort bo‘lagi Angliyadagi Glostershir auksioni orqali sotiladi, deb xabar beradi “Korrespondent.net”.

Foto: Getty Images

Ta’kidlanishicha, 1981-yilning iyulida aynan ushbu tort bo‘lagi qirollik oilasi a’zosi hisoblanuvchi Moyra Smitga nasib etgan. Shirinlikda tillarang, qizil, ko‘k va kumush rangga bo‘yalgan qirollik gerbi tasvirlangan.

Smit torni tunuka idish yordamida saqlab qolishga muvaffaq bo‘lgan. Unga “Ehtiyot bo‘lib tegining — shahzoda Charlz va malika Diananing to‘y torti” degan yozuv hamda 1981-yil 27-iyul sanasi tushirilgan.

Foto: Twitter / BBCGlos

Foto: Twitter / BBCGlos

Shuningdek, ayol yegulikni oziq-ovqat uchun mo‘ljallangan plyonka bilan o‘rab qo‘ygani sabab tort yaxshi holatda saqlangan. Biroq 2008-yilda Smitning oilasi tortni xususiy kolleksionerlardan biriga sotib yuborgan.

Tortning tashqi ko‘rinishi odamning ishtahasini ochishiga qaramay, auksion tashkilotchilari uni yemaslikni maslahat beradi. Auksion 11-avgust kunlari bo‘lib o‘tadi. Qandolatchilik mahsuloti 300—500 funt sterlingga sotilishi kutilmoqda.

Avvalroq Malika Diananing avtomobili auksion orqali kutilganidan ham qimmatroq narxga sotilgani, Malika Diananing o‘g‘illari London g‘arbida onasiga atab haykal o‘rnattirgani to‘g‘risida xabar berilgandi.