Tokio—2020 Olimpiadasining ochilish marosimi 23-iyul, juma kuni bo‘lib o‘tadi.

Foto: Getty Images

Marosim Olimpiada uchun 2019-yilda qurib bitkazilgan Tokiodagi “Milliy” stadionda o‘tkaziladi. Ochilish marosimi tomoshabinlarsiz stadionda bo‘lib o‘tadi va unda 950 nafarga yaqin rasmiylar qatnashadi. 15 mamlakat rahbarlari va xalqaro tashkilot prezidentlari marosimga tashrif buyurgan.

Marosim Toshkent vaqti bilan 16:00 da boshlanadi. Ochilish marosimini “Sport” telekanali jonli efirda namoyish qiladi.

Bokschi Bahodir Jalolov va taekvondochi Nigora Tursunqulova O‘zbekiston delegatsiyasining bayroqdorlari bo‘ladi. Avvalroq MOQ Tokiodagi Olimpiya o‘yinlarida O‘zbekistonning bayroqdorlari badiiy gimnastikachi Oksana Chusovitina va bokschi Bobousmon Boturov bo‘lishi haqida ma’lum qilgandi. Biroq ochilish marosimiga bir kun qolganda bayroqdorlar o‘zgargan.

Delegatsiyalar paradida ijtimoiy masofa saqlash qoidalariga rioya qilinadi va niqob taqish majburiy bo‘ladi.

Eslatib o‘tamiz, Olimpiya o‘yinlari 8-avgustga qadar davom etadi. O‘zbekiston delegatsiyasi 17 ta sport turi bo‘yicha 65 ta yo‘llanmaga ega bo‘lgan. O‘zbekistonlik sportchilar 24-iyuldan o‘z ishtirokini boshlaydi.