15-iyun kuni soati 18:20 larda Jizzax shahri hududidan o‘tgan avtomobil yo‘lida sodir bo‘lgan yo‘l-transport hodisasi oqibatida ikki kishi halok bo‘ldi. Bu haqda IIV YHXBB axborot xizmati xabar berdi.

Foto: IIV YHXBB axborot xizmati

Ma’lum qilinishicha, Jizzax shahri hududidan o‘tgan 4R-36 avtomobil yo‘lining 40-kilometrida 26 yoshli E.Q. boshqaruvidagi Nexia avtomobili hamda 1974-yilda tug‘ilgan D.E. boshqaruvida bo‘lgan Shacman rusumli yuk mashinasi ishtirokida to‘qnashuv sodir bo‘lgan.

Avariya oqibatida Nexia haydovchisi E.Q. va ushbu avtomobilda bo‘lgan D.N. ismli 34 yoshli yo‘lovchi turli tan jarohatlari bilan voqea joyida vafot etgan. Shuningdek, ushbu avtomobil ichida bo‘lgan 11 va 27 yoshli yo‘lovchilar tan jarohatlari bilan shifoxonaga yotqizilgan.

Foto: IIV YHXBB axborot xizmati

Jizzax viloyati IIB YHXB boshlig‘i polkovnik Husan Xolqo‘ziyevning so‘zlariga ko‘ra, yo‘l-transport hodisasi yo‘lning xavfli burilish qismida, Nexia haydovchisi boshqaruvni yo‘qotib, qarama-qarshi yo‘nalishga chiqib ketishi oqibatida yuzaga kelgan.

Mazkur YTH yuzasidan Jizzax shahar IIO FMB huzuridagi Tergov bo‘limi tomonidan dastlabki tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.

Avvalroq Qoraqalpog‘iston Nexia zovurga tushib ketishi oqibatida haydovchi vafot etgani, Surxondaryoda bir yil davomida 15 marotaba qoida buzgan haydovchi 17 yoshli o‘smirning hayotiga zomin bo‘lgani, Samarqandda Lacetti bilan to‘qnashgan “Jiguli” haydovchisi vafot etgani to‘g‘risida xabar berilgandi.