30-may kuni Farg‘ona viloyati Qo‘qon shahri Turon ko‘chasida piyoda ishtirokida yo‘l-transport hodisasi sodir bo‘ldi. Bu haqda “Sevimli” telekanalining “Zamon” informatsion dasturida ma’lum qilindi.

Ma’lum qilinishicha, Cobalt avtomobili yo‘lni belgilanmagan qismidan kesib o‘tishga uringan voyaga yetmagan piyodani urib yuborgan. Jabrlanuvchi turli tan jarohatlari bilan shifoxonaga yetkazilgan. Hozirda bemorning ahvoli og‘ir bo‘lib, u jonlantirish bo‘limida.

Viloyat IIB YHXB axborot xizmatining ma’lum qilishicha, shu kuni tunda O‘zbekiston tumanida “Qumbosdi” qishlog‘i hududida ham yo‘l-transport hodisasi sodir etilgan.

4R-154 Qo‘qon—Yaypan—Isfara davlat ahamiyatiga ega avtomobil yo‘lining 6-kilometrida Damas haydovchisi yo‘lning o‘ziga nisbatan chap qismidan o‘ng tomoniga o‘tayotgan skuterni urib yuborgan. Skuter haydovchisi shifoxonaga yuborilgan, biroq ko‘rsatilgan tez tibbiy yordamga qaramay, jabrlanuvchi vafot etgan.

Bundan tashqari, shu kuni Dang‘ara tumani “Saram” MFY hududidan kesib o‘tgan 4R-150 avtomobil yo‘lida Spark bir yo‘nalishda harakatlanib kelayotgan velosipedchini urib yuborgan. Velosiped haydovchisi olingan tan jarohatlari oqibatida voqea joyida vafot etgan.

Avvalroq Qashqadaryoda Damas va Lacetti ishtirokida sodir bo‘lgan YTH oqibatida ota-bola halok bo‘lgani, Toshkentda 3 mashina ishtirokida yuz bergan YTHda 5 kishi jarohat olgani to‘g‘risida xabar berilgandi.