Samarqand viloyatining Kattaqo‘rg‘on tumanida 10-iyunga o‘tar kechasi hududiy Davlat soliq inspeksiyasi boshlig‘i o‘rinbosari, 41 yoshli Azizbek Ahmedov yo‘l harakati xavfsizligi xizmati xodimlarining mashinasida vafot etgani haqida xabar berilgan edi. Ichki ishlar vazirligi (IIV)ning 11-iyundagi bayonotida Ahmedov YPX xodimlari tomonidan ushlanib, “o‘ta mast holatda bo‘lgani gumon qilinib, tibbiy ko‘rikdan o‘tish uchun taklif qilinganida, fuqaro ichki ishlar organlari xodimlarining qonuniy talablarini bajarmasdan faol qarshilik ko‘rsata boshlagani, shu vaqt oralig‘ida tibbiy ko‘rikka olib borish uchun transport vositasiga o‘tqazilgan fuqaroning sog‘lig‘i yomonlashib, voqea joyiga tez tibbiy yordam xizmati chaqirtirilgani, biroq ko‘rsatilgan muolajalarga qaramay, fuqaro A.A. vafot etgani” ta’kidlanadi.

Marhum Azizbek Ahmedov.

Foto: “Daryo”

Mazkur holat yuzasidan Kattaqo‘rg‘on tuman prokuraturasi tomonidan Jinoyat kodeksining 206-moddasi (hokimiyat yoki mansab vakolati doirasidan chetga chiqish) alomatlari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan, tergov ustidan Bosh prokuratura tomonidan nazorat o‘rnatilgan. O‘z navbatida, O‘zbekiston Senatining Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasi mazkur holat bo‘yicha o‘rganish natijalari ma’lumotlarini keng ommaga e’lon qilishini bildirgan. “Holat yuzasidan yakuniy xulosa, tergov jarayonlari o‘z nihoyasiga yetgandan so‘ng ma’lum bo‘ladi”, — deyiladi Senat qo‘mitasi raisi Qutbiddin Burhonovning bayonotida. Shunga qaramay, IIV ushbu voqea bo‘yicha yolg‘on, noxolis axborot tarqatganlar javobgarlikka tortilishi mumkinligi haqida ogohlantirayotgan bo‘lsa-da, mash’um voqea atrofidagi gap-so‘zlar tinmayapti.

“Daryo” muxbiri holatga bir qadar aniqlik kiritish, voqea tafsilotlarini guvohlar ishtirokida o‘rganish maqsadida surishtiruv olib bordi.

Voqea guvohlari

IIV rasmiy bayonotida ta’kidlanishicha, 10-iyunga o‘tar kechasi soat taxminan 00:50 da Kattaqo‘rg‘on tumani IIB yo‘l harakati xavfsizligi xizmati xodimlari tumanning “Kadan” mahallasi hududidan o‘tuvchi 4R-243 yo‘lining Navoiy va Mustaqillik ko‘chalari kesishmasida jamoat tartibini saqlash bo‘yicha tungi xizmat vazifasini bajarayotgan vaqtida, Azizbek Ahmedov boshqaruvidagi Cobalt svetoforning qizil chirog‘idan to‘xtamay, YPX xodimlarining to‘xtash ishorasiga bo‘ysunmay, mashinada yuqori tezlikda harakatlanib, yashirinmoqchi bo‘lgan. “Hududdagi 4R-243 yo‘lining 7-kilometriga yetganida, Cobalt yo‘l o‘rtasida to‘xtab, haydovchi avtotransportni tashlab, piyoda qochishga uringan”, — deyiladi IIV bayonotida.

IIV matbuot xizmati kattaqo‘rg‘onlik YPX xodimlarining bodikamerasidan olingan videoyozuvlarni ham e’lon qilgan, biroq unda Azizbek Ahmedovning piyoda qochishga uringani ko‘rinmagan. Videoda vaziyat Cobalt siqib to‘xtatilganidan so‘ng, birdan Ahmedovning qo‘llari ortga qayirib turilgan joyidan boshlangan. Aniqlanishicha, mazkur holat Kadan shaharchasidagi 1-sonli kasb-hunar maktabi (sobiq kollej) ro‘parasida sodir bo‘lgan (bu joy bir vaqtning o‘zida tumanni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha 2-sektor shtabi ham hisoblanadi).

Voqeaning ismi sir qolishini so‘ragan guvohlaridan biri “Daryo” muxbiri bilan suhbatda YPX xodimlarining Azizbek Ahmedovni Spark’ga o‘tkazishga kuchi yetmagani, jismonan baquvvat bo‘lgan marhum soliqchi uch nafar YPX xodimini kollej tomonga sudrab kirgazganini aytadi (IIV bayonotida ta’kidlanishicha, bu vaziyatda “o‘ta mast” deb gumon qilingan Ahmedovni YPX xodimlari “tibbiy ko‘rikdan o‘tish uchun taklif qilayotgan” bo‘lgan, biroq fuqaro yo‘l nazoratchilarining Spark’iga o‘tirishga faol qarshilik ko‘rsatgan).

“Cobalt va Spark yonma-yon keldi. Spark’dan uch nafar YPX xodimi tushib, Cobalt egasini mashinadan tushirib oldi. Ular haydovchini Spark’ga tiqaman deganda, u ichkariga kirmay, ularni chetroqqa surib bordi. Keyin amallab Spark’ka tiqishdi. Men bo‘ldi endi, olib ketadi deb, beparvo bo‘ldim. Ozgina vaqt o‘tgach qarasam, Cobalt’ning egasi yerda yotgan ekan”, — deydi hodisa guvohi. Uning qo‘shimcha qilishicha, “marhum mast bo‘lgandir, ammo o‘zini yo‘qotib qo‘ygani yo‘q; qo‘yvoringlar, qancha ‘oklad’ bo‘lsa ham jarimani to‘layman, deya baqirardi”.

Kollej qorovuli Sharofiddin Ergashev “Daryo” muxbiri bilan suhbatda YPX xodimlari marhum Azizbek Ahmedovni Spark’da taxminan 10—15 minut ushlab turganini bildirdi.

Sharofiddin Ergashev.

Foto: “Daryo”

“O‘sha kuni soat 00:10 da atrofni aylangani chiqdim. Orqada ham qorovul bor. U bilan 15 minutcha gaplashib kelsam, bu yerda g‘ala-g‘ovur bo‘layotgan ekan. Shovqinni eshitib, tezroq kelishga harakat qildim. Kelsam, YPX xodimlari o‘sha odamning qo‘lini qayirib, Spark’ga majburlab tiqayotgan ekan. Men ichkaridan kuzatib turgandim. Mashinaga tiqqanidan so‘ng, 10—15 minut o‘tib, olib chiqishdi. Keyin tez yordamga qo‘ng‘iroq qilishdi”, — deydi.

Sharofiddin Ergashevning qayd etishicha, mashina ichida nima bo‘lgani unga eshitilmagan, biroq fuqaro undan hushsiz holda olib chiqilgan (bu YPX xodimlarining bodikamerasidan olingan videoyozuvlarda ham aks etgan). Voqea joyiga chaqirilgan tez yordam brigadasi esa fuqaroning joni uzilib bo‘lganini bildirib, murdani olib ketgan.

Tuman tez tibbiy yordam bo‘limi navbatchi shifokori Abbos Ibrohimovning so‘zlariga ko‘ra, Kadandagi kollej oldidan chaqiruv soat 00:39 da tushgan. “Borganimizda bemor yerda yotgan edi. Bemorning qon bosimini, nafas olishini tekshirdik. Ko‘z qorachig‘ini ko‘rganimda u kengaygan ekan. Arterial qon bosimi nolda edi, puls yo‘q ekan. Nafas olmayotgandi. Shunda bemorning o‘lganiga amin bo‘lib, ichki ishlarga aytdik, ular yordam ko‘rsatinglar dedi. Biz yordam bergan bo‘lsak-da, bemor o‘lib bo‘lgan edi”, — dedi u.

Abbos Ibrohimov.

Foto: “Daryo”

Ibrohimovning qo‘shimcha qilishicha, u bemorning kimligi va qayerdan kelganini so‘raganida, unga marhumning 5—7 daqiqa avval shu yerga kelganini aytishgan. “Boshqa gapni bilmayman. Mastlik holatiga kelsak, mast bo‘lgan bo‘lishi mumkin, ammo men o‘sha vaqtda spirtli ichimlik hidini sezmadim”, — deya ta’kidladi tez yordam shifokori.

Soat 1:09 da Azizbek Ahmedovning murdasi tuman tez tibbiy yordam bo‘limiga olib kelingan. Murdani ko‘rikdan o‘tkazgan vrach-terapevt Abdujalol Abdurahimovning so‘zlariga ko‘ra, “ko‘rik paytida tana nisbatan sovigan, o‘lim belgilari bor, hayotiy organlarning birortasi ishlamayotgan edi”.

Abdujalol Abdurahimov.

Foto: “Daryo”

“Ko‘rik davomida o‘ng ko‘z atrofida kichkinagina shilingan joyi (“sarapina”) bor edi. Biz bemorning kiyimlarini yechib to‘liq tekshirib ko‘rganimizda, tanasidan hech qanday jarohatlarni ko‘rmadik”, — deya ta’kidladi u (marhumning qarindoshlari “Kun.uz” muxbiri bilan suhbatda uning jasadida kuch ishlatilganlik izlari borligini ta’kidlagan, xususan, mayyitni yuvgan qarindoshlar uning ikkita qo‘lida barmoq izlari, bo‘ynida va yuzida shilingan jarohatlar borligini aytgan).

Marhumning qarindoshlari

Samarqand viloyat prokurori Ravshan Masharipov marhum Azizbek Ahmedovning amakisi Isomiddin Jamolovdan “hammaga intervyu bermang deb iltimos qilgan” bo‘lsa-da, unga ota o‘rnida ota bo‘lgan qarindoshi jurnalistlarga o‘z fikrini ochiq bayon qilmoqda. “Agar jiyanimning o‘limi bilan bog‘liq holat adolatli ko‘rilmasa, men jamiyatga ishonmayman. Viloyat prokurori ishni shaxsan o‘zi nazoratga olganini aytdi. Men prokurorning lafziga ishondim... Agar jiyanimning o‘limi bilan bog‘liq holatda adolat qaror topmasa, men bu jamiyatdan noroziman”, — dedi amaki.

Foto: “Daryo”

Isomiddin akaning ta’kidlashicha, “jiyani biror marotaba kasal bo‘lmagan, hatto tabletka ham ichmagan, biror marta shifoxonaga ham yotmagan edi” (Kattaqo‘rg‘on tuman davlat soliq inspeksiyasi boshlig‘i Akbarali Qulmirzayev ham jurnalistlar bilan suhbatda vafot etgan o‘rinbosari namunali xodim bo‘lgani, hech qachon sog‘lig‘idan shikoyat qilmagani, hatto koronavirusga ham chalinmaganini aytib o‘tgan).

“YPX xodimlari jiyanim o‘lib bo‘lgach tez yordamga qo‘ng‘iroq qilgan, mashinadan tushirib tashlagan. Agar mard bo‘lganida mashinaga solganidan so‘ng, tezroq shifoxonaga olib borardi (ma’lumotlarga ko‘ra, voqea yuz bergan joy bilan tuman tibbiyot birlashmasi oralig‘idagi masofa taxminan 750 metr bo‘lgan — “Daryo”). Ichgan bo‘lsa jazosini bersin, jarimasini qo‘llasin edi!”, — deya qo‘shimcha qildi amaki.

Muhabbat Ahmedova.

Foto: “Daryo”

Marhumning onasi Muhabbat Ahmedovaning aytishicha, o‘g‘li juda mehribon, birov bilan xusumatda bo‘lmagan, “hech kimga yomonlik qilmagan” edi. U o‘z farzandlaridan tashqari 2011-yilda vafot etgan singlisining ikki bolasini o‘z qaramog‘iga olgan, voqedan bir kun avval farzandlarini Qorako‘ldagi maxsus maktabga o‘qishga olib borishini aytgan edi.

“Mening bolam tilla bola edi... Nima uchun mening shunday bolamni azoblab o‘ldirishdi? Nega azob berdi? Gunohi bo‘lsa aytsin edi... Nima uchun azob bergan? YPX xodimlari nega bolamga azob berib o‘ldiradi? Qonuniy ish ko‘rmasa, rozi emasman”, — deydi marhum Azizbek Ahmedovning onasi Muhabbat opa.

Foto: “Daryo”

Muallif:Farhod Norbo‘tayev