Raqamlar aldamaydi: 16 gol bilan mundiallar tarixidagi eng yaxshi to‘purar. 137 o‘yinda 71 ta gol bilan Germaniya terma jamoasi tarixidagi eng yaxshi to‘purar. Hujumchining erishgan yutuqlari hayratlanarli darajada: 2014-yil mundial g‘olibi, JCh—2002 vitse-chempioni, JCh—2006, JCh—2010 bronza medali sohibi, Yevro—2008 vitse-chempioni, “Bavariya” bilan oltin dublga erishgan (2008, 2010), “Latsio” bilan Italiya Kubogini qo‘lga kiritgan (2013). Bu raqamlar “egasi” — afsonaviy hujumchi Miroslav Kloze. U 9-iyun sanasida 43 yoshni qarshi oldi.  Quyida uning faoliyatidagi yorqin lahzalar haqida hikoya qilinadi.

Jahon Chempionatida 16 gol bilan eng yaxshi to‘purarga aylangan. 2002-yilgi mundialda kumush butsi, 2006-yilda esa oltin butsini qo‘lga kiritgan

Foto: Getty Images

2006-yilgi Jahon Chempionatida to‘purar

Kloze 20 yoshigacha “Blaubax-Didelkopf” futbolchisi sifatida havaskorlar ligasida o‘ynagan. 1998-yilda esa “Homburg” safiga o‘tgan. Oradan bir yil o‘tib, “Kayzerslautern” yosh futbolchini xarid qiladi. 2000-yilda esa Bundesligadagi debyutini o‘tkazadi. Klozening dastlabki katta jamoasi “Verder” bo‘lib, bremenliklar safida hujumchi 132 o‘yinda 63 ta gol uradi. 2006-yilda esa u Bundesliga va Jahon Chempionatining eng yaxshi to‘purariga aylanadi. Uning ortidan Germaniyada “yil futbolchisi”ga aylandi.

Doim xursand bo‘lishga sabab bor: Miro mashg‘ulotlar paytida jamoadoshlari bilan hazillashishni yaxshi ko‘rgan

Foto: Getty Images

Kloze “Bavariya” safida

Bu voqealarning barchasini “Bavariya” kuzatib turardi. 2007-yilning yozida jamoa qayta qurishni amalga oshirishi lozim edi. Uzoq davom etgan muzokaralardan so‘ng hujumchi Myunxenda paydo bo‘ldi. “Jamoamizga kelib qo‘shilgan yana bir futbolchini tanishtirmoqchiman. Toni bilan Kloze bizning orzudagi hujum chizig‘imizni tashkil etadi” – dedi o‘sha vaqtdagi “Bavariya” boshqaruvchisi Uli Hyoness. Miroslav Kloze va Luka Toni hujum chizig‘izda juftlik hosil qiladi. Ularni to‘p bilan ta’minlash vazifasi yaqindagina jamoaga kelib qo‘shilgan Frenk Riberiga topshiriladi.

Miroslav Kloze bosh murabbiy Ottmar Hitsfeld bilan. 2007-yilgi tanishtiruv marosimidan so‘ng.

Foto: Getty Images

Klozening maqsadi: sovrinlarni qo‘lga kiritish

“Kutayotgan narsalarimning darajasi yuqori ekanligini bilaman. Lekin bu menga ham bog‘liq jarayon” – deb javob berdi Kloze o‘zining taqdimot marosimida. “Shu kungacha boshqalarning sovrin yutishlarini tomosha qilib keldim. Endi bu lahzalarni o‘zim ham boshdan o‘tkazmoqchiman! “Bavariya”dan boshqa qayerda buning imkoniyati bo‘lishi mumkin? Men “Bavariya”ga o‘tish qarorini o‘ylab ham o‘tirmadim”.

Ajoyib tandem: Luka Toni va Miroslav Kloze

Foto: Getty Images

Dastlabki 9 o‘yinda 10 ta gol

Kloze mavsumni ajoyib boshladi. O‘zining ikkinchi rasmiy o‘yinidayoq (Germaniya Kubogida) “Bavariya”ning “Shalke-04” ustidan g‘alaba qozonishiga yordam berdi. Miroslav uchrashuvdagi yagona gol muallifiga aylandi. Hujumchi dastlabki 9 o‘yinda 10 ta gol urdi.

Miro Kloze va Luka Toni to‘pga egalik qilsa, raqib jarima maydoni shunchaki “yonadi”.

Ottmar Hitsfeld

Myunxendagi birinchi haftadagi natijalariga qarab Hyoness Klozeni jamoaning yetakchilaridan biri deb atadi.

Kloze “Bavariya”dagi dastlabki mavsumida Bundesliga va Germaniya Kubogini qo‘lga kiritdi.

Foto: Getty Images

Topurar, assistent, oltin dubl egasi

Yuqoriga chiqish ortidan pastga qulashlar ham bo‘lgan. Kloze UEFA Kubogi va Germaniya Kubogida umumiy hisobda 9 ta gol urgan, lekin chempionatning qolgan qismida atigi 2 ta gol uradi. Gol urishdan tashqari sheriklarining gollariga hammualliflik qilardi. Uning hisobida 11 ta golli uzatma mavjud edi. “Men xudbinroq bo‘lish zarurligini bilaman. Lekin jamoadoshlarimga zarba berish uchun to‘p uzatish mening uslubimga xos. Jamoa birinchi o‘rinda turadi. Albatta, ko‘roq gol urishni istasam ham”, — degan edi Kloze.

“Bavariya”dagi birinchi mavsumida nemis hujumchisi oltin dublni — Bundesliga va Germaniya Kubogini rasmiylashtirdi.

Kloze ikkinchi mavsumda ham sermahsullik namoyish etdi, ammo…

2008-yilda Yurgen Klinsmann “Bavariya”ning bosh murabbiyiga aylandi. Germaniya terma jamoasining sobiq ustozi ham Miroslavga ishonch bildirdi. Hujumchi 38 o‘yinning 35 tasida maydonga tushib 20 ta gol va 10 ta golli uzatmani o‘z hisobiga yozdirib qo‘ydi. Jarohati sabab Miroslav “Bavariya”ning muhim pallalardagi 8 o‘yinini o‘tkazib yubordi va jamoasiga yordam bera olmadi. “Bavariya” mavsum yakunida birorta sovrinni qo’lga kirita olmadi.

Yangi murabbiy, yangi tizim, yangi raqobat

Klozening olgan jarohati 2009/10-yilgi mavsumning birinchi qismida ham o‘zini namoyish etishga xalaqit berdi. Undan tashqari jamoaga yangi murabbiy — Lui van Gal kelgandi. U o‘zi bilan yangicha tizimni ham jamoaga olib kirdi. Mario Gomes, Ivitsa Olich va Aryen Robben kabi yangi futbolchilar xarid qilindi. Mavsumning ikkinchi qismida ishlar ozgina yurishdi. 18 ta o‘yinda maydonga tushgan Miroslav 6 ta gol muallifiga aylandi. Yuqori darajadagi hujumchi uchun bu yomon natija edi. Ikkinchi dubl va Chempionlar Ligasi finalidagi (“Inter”ga qarshi 0:2) ishtirok sal ko‘ngilni xotirjam qildi.

2011-yil 14-may. Miroslav Kloze “Bavariya” safidagi so‘nggi uchrashuvini “Shtutgart”ga qarshi o‘yinda o‘tkazdi.

Foro: Getty Images

O‘z kuchiga ishonch bilan qaytish

Kloze 2010-yilgi Jahon Chempionatida 4 ta gol urdi va bronza medaliga ega chiqdi.  Miroslav Afrikadan o‘ziga ishonch bilan qaytdi. Hujumchi o‘z oldiga avvalgi formasini tiklash maqsadini qo‘ydi. Ammo yana jarohat sabab birinchi davraning juda katta qismini o‘tkazib yubordi. Ikkinchi davrada esa unga joker roli topshirildi. O‘sha mavsumda hujumchi 6 ta gol urdi. Mavsum so‘ngida esa “Bavariya” bilan yangi shartnoma borasida kelisha olmadi.

Murabbiy Kloze

“Bavariya” bilan ajoyib mavsumlarni o‘tkazdik. Ikki marta oltin dublga erishdik. Ammo asosiy tarkibda maydonga tushmaslik tajribasini egalladim. Bu vaqt davomida ko‘p narsani o‘rgandim. Mana oradan 4 yil o‘tib, yangi yo‘lga chiqish qaroriga keldim.

Klozening “Bavariya” bilan xayrlashayotgan vaqtda aytgan gaplari

Miroslav “Bavariya” safida 151 o‘yinda 53 ta gol urdi. Germaniyadan so‘ng Italiya uning keyingi manziliga aylandi. “Latsio” bilan shartnoma imzolagan futbolchi 2016-yilda faoliyatini tugatdi. Oradan 2 yil o‘tib “Bavariya”ning U-17 jamoasini boshqarish uchun Myunxenga qaytdi. Birinchi mavsumidayoq Kloze jamoasini Janubiy Germaniya chempioniga aylantirdi.

Myunxenga qaytish: Kloze faoliyatini tugatganidan ikki yil o‘tib “Bavariya”ning U-17 jamoasini boshqarish uchun Myunxenga tashrif buyurdi.

Foto: Getty Images

2020/21-yilgi mavsumda sobiq futbolchi Hans Flikning yordamchisi lavozimida ishladi. Flik “Bavariya”ni tark etdi va Germaniya terma jamoasini qabul qilib olish arafasida. Miroslav Kloze ham myunxenliklarni tark etdi. Hozirda u ishsiz va kelgan takliflarni o‘rganib chiqyapti. Yangi mavsumdan Miroslav Klozeni bosh murabbiy vazifasida ko‘rish ehtimoli ham mavjud.

Yanada ko‘proq futbol va sport yangiliklaridan boxabar bo‘lishni istasangiz, “Daryo”ning Telegram’dagi rasmiy sport kanali — @Daryo_Sport24’ga obuna bo‘ling!