AQSh davlat kotibi Entoni Blinken Vashingtonning Afg‘onistonga 266 million dollar miqdorida yordam berganini ma’lum qildi. Uning ta’kidlashicha, shu bilan birga AQShning 2002-yildan buyon Afg‘onistonga ko‘rsatgan yordami 3,9 milliard dollarga yetdi. Bu haqda “Interfaks” xabar berdi.
Blinkenning hisob-kitoblariga ko‘ra, Afg‘onistonning 18 million aholisi yordamga muhtoj. AQShning yordami esa ularning bir qismini boshpana, tibbiy yordam, suv va oziq-ovqat, shuningdek, sanitar va epidemiyaga qarshi choralar ko‘rishni ta’minlab beradi, deb ta’kidladi u. Davlat kotibining aniqlik kiritishicha, mablag‘lar ayniqsa zo‘ravonlikdan jabrlangan ayollar va qizlarga yordam berish uchun yo‘naltiriladi.
Shuningdek, Blinken boshqa mamlakatlarni ham Afg‘onistonga gumanitar yordamlar berishga chaqirdi va qochqinlarni qabul qilgan davlatlarga minnatdorchilik bildirdi. Bundan tashqari, davlat kotibi nizolarni tinch yo‘l bilan hal qilish jarayonini tezlashtirishni so‘rab Afg‘onistonning “Tolibon” harakati rahbarlari va yetakchilariga murojaat qildi.
AQSh harbiylari va NATO ittifoqi may oyidan boshlab Afg‘onistonni tark eta boshladi. Jarayon 2021-yilning 11-sentabr kuni yakunlanishi rejalashtirilgan.
2021-yilning 1-iyun kuni AQSh harbiy kuchlarining Markaziy qo‘mondonligi mamlakat harbiylarining uchdan bir qismi Afg‘onistondan olib chiqilganini e’lon qildi.
Eslatib o‘tamiz, aprel oyida AQSh prezidenti Jo Bayden Afg‘onistondan Amerika qo‘shinlarini olib chiqib ketish boshlanganini e’lon qilgan edi. Uning so‘zlariga ko‘ra, harbiylar mintaqada ularning oldiga qo‘yilgan barcha maqsadlarga erishgan. Qurolli Kuchlar 11-sentabrgacha to‘liq chiqarib ketilishi rejalashtirilgan. Amerika va NATO mamlakatlari qo‘shinlari 29-apreldan chiqib ketishni boshlagan.
Mavzuga doir: