Sho‘rolar hukumatiga qarshi ayovsiz kurashgan lashkarboshi Ibrohimbek Laqay va uning safdoshlari, ularning istiqlolchilik harakatlari haqida “Daryo” kolumnisti, tarixchi olim Bahrom Irzayev hikoya qiladi.

Ibrohim Laqay

Foto: Wikipedia

To‘qson yil avval (1931-yillar) ayrim hukumatga yaqin insonlar orasida Afg‘onistondan Ibrohimbek hujumga o‘tdi degan mish-mishlar avj olib, butun Turkiston ahlini bir zum qo‘rquv va ozgina umid chulg‘agan edi. Sho‘ro hukumatiga qarshi ko‘p yillar muvaffaqiyatli kurash olib borgan, Buxoro amirligida devonbegi, to‘pchiboshi va lashkarboshi lavozimlariga ko‘tarilgan laqay bahodiri Ibrohimbek aslida kim bo‘lgan?

Mulla Muhammad Ibrohimbek Chaqaboy to‘qsabo o‘g‘li 1889-yil Dushanbe shahridan 12 kilometr uzoqlikda Kappon daryo bo‘yidagi so‘lim Ko‘ktosh qishlog‘ida tug‘ilgan. Otasi 80 uylik Ko‘ktosh qishlog‘idagi laqay urug‘i oqsoqoli bo‘lib, amir tomonidan to‘qsabo (polkovnik) unvoni berilgandi. Chaqaboy to‘qsaboning to‘rt ayolidan 6 o‘g‘il, 6 qizi bo‘lib, Muhammad Ibrohimbek ulardan eng kichigi edi. U avvaliga maktab, so‘ng bir yarim yil davomida mahalliy madrasada saboq olgan.

Ibrohimbek amaldor otasi davrida qishloq to‘ylarida uloq chopib, kurash tushib, el orasida nomdor polvon degan nom chiqaradi. 1911-yil otasi vafot etgach Hisor begi xizmatiga kiradi va 1919-yilda Hisor begi huzurida qilgan xizmatlari evaziga qorovulbegi unvonini oladi.

1920-yil sentabrida Qizil armiyaning Buxoro amirligiga shiddatli hujumi oqibatida Amir Olimxon mag‘lubiyatga uchrab, Sharqiy Buxoroga chekinishga majbur bo‘ldi. Davlatmandbek laqay urug‘lari oqsoqollari bilan qurultoy o‘tkazib, ularni sovet hukumatiga qarshi yalpi kurashga da’vat etadi. Qurultoyda Eshon Sulton rahbarligidagi Hisor laqaylari ham, Ko‘r Ortiq dodho Ashirov boshliq Baljuvon laqaylari ham umumiy rahbarlikni bir ovozdan Ibrohimbek Chaqaboy to‘qsabo o‘g‘liga topshiradi. Bunda Ibrohimbekning el orasidagi taniqli pahlavon, bir so‘zli mard inson sifatidagi yuksak obro‘si, o‘zining o‘ta jasur tabiati ham asosiy omil bo‘ldi. Uning maslahatchisi va tayanchi, laqay urug‘i dohiysi, qaynatasi Abduqayum parvonachi Ulayev edi.

Amir Olimxon Sharqiy Buxoroda uzoq tura olmasligini anglab, Afg‘oniston hududiga chekinishga majbur bo‘ladi. Boisi Dushanbe va uning atroflarida amir va uning saroy ahli uchun turar joylar ham, ot-ulovlar uchun ozuqa zaxiralari ham mavjud emasdi. Qolaversa, qizil armiya kun sayin Afg‘oniston bilan chegaralarni nazoratiga olib, Buxoro amirining tashqi aloqalarini qiyinlashtirayotgan edi. 1921-yil boshlari Amir Olimxon rahbarligida Buxoro qo‘rboshilarining qurultoyini o‘tkazildi. Unda Abduqayum Parvonachining maslahati bilan Ibrohimbekka “Islom lashkarboshisi” unvoni berilib, butun qo‘shin qo‘mondoni etib tayinlandi. Ibrohimbek Chaqaboy to‘qsabo o‘g‘li qisqa muddatda 10 mingdan ortiq askar to‘plab, Ko‘lob, Baljuvon, Qorategin, Darvoz, Hisor viloyatlarining katta qismini qizil qo‘shindan tozalashga erishdi.

1922-yil Dushanbe shahrini bosqinchilardan ozod etishga kirishdi. 1923-yil bahorda Ibrohimbek qo‘l ostida faqat Sharqiy Buxoroda 47 ta qo‘rboshi dastalari harakat qilar, ayrim ma’lumotlarga ko‘ra askarlarining soni Hisorning o‘zida 20 ming kishi atrofida bo‘lgan. 1923-yil yozida Hisor vodiysi va Panj daryosi atrofida qizil armiyaga qarshi qator muvaffaqiyatli harbiy harakatlarni o‘tkazdi. 1925-yil yanvarda Ibrohimbek Surxon vohasida, Sherobod – Boysun atroflarida sho‘ro qo‘shinlariga qarshi kurash olib bordi.

Farg‘ona vodiysida tinchlikka erishgan sovet hukumati asosiy kuchlarini Tojikiston va O‘zbekistonning tog‘li viloyatlariga yo‘naltirib, Ibrohimbekka qarshi kurashni avj oldiradi. 1926-yil 21-iyunda keskin janglardan so‘ng Ibrohimbek Afg‘oniston hududiga o‘tib ketishga majbur bo‘ladi. 1926–1929-yillari Kobul yaqinidagi Qal’ai Fotuda – sobiq amir Said Olimxon qarorgohida yashaydi. Biroq Ibrohimbek boshchiligidagi muhojirlar Afg‘onistondagi siyosiy kurash, harbiy mojarolarda ishtirok etishga majbur bo‘ladi. Sababi sovet ayg‘oqchilari qay yo‘l bilan bo‘lmasin Amir Olimxonni yo‘q qilishga urinardi. Shu bois afg‘on hukumati bilan aloqasini buzish niyatida xilma-xil hiyla-nayranglarni ishga solardi. O‘z amirining bu qadar ojiz ahvolga tushishi, ayniqsa, Shimoliy Afg‘onistonga sho‘rolar zulmidan qochib kelayotgan yuz minglab muhojirlarga sovet josuslari qutqusi bilan afg‘on harbiylari tomonidan zulm o‘tkazilayotganiga Ibrohimbek chiday olmaydi. Yigitlarini to‘g‘ri afg‘on armiyasiga qarshi jangga boshlaydi. Avvaliga uning bu harakati azaldan Afg‘oniston hududida yashayotgan o‘zbek va turkman qavmlari oqsoqollari tomonidan ham qo‘llab-quvvatlanadi. Ibrohimbek askarlari afg‘on qo‘shini ustidan bir necha marta g‘alaba qozonib, Xonobodda 700 nafar afg‘on askarini yo‘q qiladi. Mullo Ahmadbiy Aylobod atrofida 280 afg‘on harbiyini mahv etgach, ular janubga chekinadilar.

Ibrohimbek 1928-yil oxirlarida Shimoliy Afg‘onistonda mavqeyini mustahkamlab, qo‘lga kiritilgan yerlarga yigitlarini bek etib tayinlaydi. Jumladan, Rustakda Ko‘gan Sheraliyev, Chayabga Eshon Isoxon, Tolixonga Ali Mardon dodho va ukasi Qoraqullar, Imom Soibga Ko‘r Ortiq dodho va Alyat polvonlar bosh bo‘ladi. Shunday bir sharoitda tashvishga tushib qolgan afg‘on hukumatining sovet davlati bilan aloqasi mustahkamlanadi. Mahalliy turkman va o‘zbek oqsoqollariga nisbatan ba’zi imtiyozlar joriy etilib, ularni bu tarafga og‘dirishga erishiladi. Go‘yo bek bo‘lib olgan o‘zbek qo‘rboshilarning mahalliy aholini talayotgani haqidagi mish-mishlar avj oldiriladi. Gap-so‘zlardan keyin Ibrohimbek yigitlari mahalliy turkman va o‘zbeklarning yordam-qo‘llovidan ayriladi. Qiziloyoq Eshon Obid xalifa ham Shibirg‘ondan yordamini to‘xtatadi. Afg‘on hukumati Amir Olimxondan Ibrohimbek uning qo‘shinini zudlik bilan o‘z hududidan chiqib ketishini talab qila boshlaydi. Bu esa ular uchun fojiali oqibatlarni keltirib chiqaradi.

1930-yil 24–25-may kunlari qo‘rboshilar qurultoyi chaqirilib, bo‘lg‘usi jang harakatlari va chegaraning turli nuqtalaridan Tojikiston hududiga o‘tish masalalari kelishib olinadi. Ibrohimbek SSSRga qarshi yalpi hujum muddati qilib 3-iyul kunini belgilaydi. Biroq josuslar orqali bu rejadan voqif bo‘lgan sovet rejimi rahbarlari zudlik bilan qarshi zarba uyushtiradi. Ular 1930-yil 20-iyunda ikkinchi marta Afg‘onistonga bostirib kiradi. Bir hafta davom etgan janglarda Ibrohimbekning 839 jangchisi, shuningdek, ko‘plab tinch aholi vakillari o‘ldiriladi. Kuchlar teng bo‘lmagan jangda Ibrohimbek mag‘lubiyatga uchrab, yaqin safdoshi O‘tanbek qo‘rboshi va harbiy kuchlari bilan Qora Botir tog‘lariga chekinadi.

1931-yil boshlariga kelganda Ibrohimbek harakatini faollashtirib, muhojirlarning tarqoq kuchlarini yana birlashtiradi. Choltovda bo‘lgan qo‘rboshilar qurultoyida aholini sovet hukumatiga qarshi yalpi qo‘zg‘olonga da’vat etuvchi murojaatnomalar, shuningdek, avvalgi xatolaridan xulosa chiqarib, endi kichik-kichik guruhlarda bir necha hududdan hujumga o‘tishga qaror qilinadi. Ibrohimbek 1500 kishilik saralangan qo‘shini va sakkiz qo‘rboshisi bilan 1931-yil 30-martda Tojikiston Respublikasi hududiga kirib keladi va ma’lum g‘alabalarni ham qo‘lga kiritadi. Ayniqsa, sovetlar hududiga kiritilganlar aholiga Ibrohimbek tayyorlagan murojaatnomalarni ham tarqatishga erishadi. Shunday murojaatnomalardan misol keltirsak.

Murojaatnoma!

O birodarlar! Bolshevik hokimiyati zulmi ostida qolgan qizil askarlar, ishchi va xalq. Sizga ma’lum bo‘lsinki, musulmon, rus yo boshqa millat va qavmlar, ular hokimiyatni olgandan beri yillar davomida siz Vatan, din, millat-u oilangizdan, mulkingizdan ajraldingizlar. Balki, yaqinda qalbingizni taningizdan ham ajratib olishar. Shukrki, Allohning inoyati bilan Afg‘oniston, Angliya va boshqa xorij davlatlari xotirjamligimizga keldilar. Sizni tahqir va zulmdan ozod etishga, hokimiyat zo‘ravonliklariga qarshi kurashga bosh qo‘shing, diningizni qutqaring! Xotirjamlikni qutqaring, rizqingiz kengayadi. Sovetlardan sizga yaxshilik yo‘q! Ular faqat zulm va yo‘q qilarlar. Bu sizga eng yaxshi ma’lumdir. Shartsiz Siz kurash boshlang, hokimiyatini yo‘q qilarg‘a, o‘zingizni ozod eting va din ravnaqi uchun ularg‘a qarshi kurashga kirishing. Salom sizlarga!

Ibrohimbekning ikki muhri bilan tasdiqlangan.

Murojaatnoma!

Barcha do‘stlar – tatarlar, qozoqlar, armanlar, ruslar, o‘zbeklar, tojiklar va boshqa millatlar bolsheviklar zulmi ostidalar. Ma’lumingiz Allohning yordami ila men Amudaryodan o‘z armiyam ila Buxoro hududiga qadam bosdim! Qadrli birodarlar! Yillar davomida Siz bolsheviklar hukumati zulmi ostidasiz. Bugun biz o‘z vatanimizni, xalqimizni, dinimizni ozod etishga kirishdik va sovetlarni yo‘q qilishni istadik. Keling birlashaylik!

Muhr. Ibrohim. 1349-yil 20 zulqa’da (08.04.31.)

Sovet hududida aholini yalpi qo‘zg‘olonga chaqirish rejasi minglarcha chekistlarning xizmati tufayli chippakka chiqadi. Biroq Ibrohimbek qo‘shini bilan sho‘ro askarlari o‘rtasida aprel–iyun oylarida shiddatli janglar bo‘lib o‘tadi. Ularga qarshi bolsheviklar tomonidan tanklar, aviatsiya, havo hujumi kuchlari va zaharli gazlar ishlatiladi. 12-iyunda Oqbosh tog‘idagi so‘nggi jangda Ibrohimbek qo‘shini mag‘lubiyatga uchrab, o‘zi ham yaralanadi. 1931-yil 23-iyunda chekistlar tomonidan qo‘lga olinib, Toshkentga olib kelinadi.

O‘rta Osiyo PPOGPUning rahbar xodimi Matson va Tojikiston GPU raisi Dorofeyev birgalikda qo‘lga olgan istiqlolchilar rahbari Ibrohimbek bilan. 1931-yil. Dushanbe.

Foto: Bahrom Irzayev

1931-yil 28-iyun kuni OGPU mas’ul mulozimi Durov tomonidan o‘tkazilgan so‘roqda Ibrohimbek “Biz jangga kirishdan oldin Yusuf Muqumboyev orqali Millatlar Ligasiga chiqib, xalqaro yordam bo‘lishidan umid qilgan edik. Men sovetlar zulmi ostiga tashlangan yurtimni, ularning qo‘li ostidan ozod qilish orzusida hayot-mamot jangiga kirganman. Qizil askarlarga qarshi kurash hayotim mazmuni bo‘ldi” deydi. Shuningdek, o‘zining Usmonxo‘ja rahbarligidagi jadidlar hamda ruslarga qarshi qo‘liga qurol tutganini aytadi. 1921-yil kuzida Anvar poshsho kelganida Amirning farmoni asosida uni 90 nafar askari bilan qurolsizlantirganini, so‘ng muzokaralar natijasida Anvar poshshoning rahbarligini tan olganini aytadi. Shu o‘rinda Ibrohimbekning safdoshlari bo‘lgan ayrim laqay bahodirlari haqida ma’lumotlarni keltirsak.

Ibrohimbekning eng ta’sirli maslahatgo‘ylaridan biri uning qaynatasi laqay urug‘ining dohiysi, dang‘aralik Abduqayum parvonachi Ulayev edi. Beshbuloq qishlog‘idan Alimardon dodho Muhammedov laqaylarning “Berdaqli” qabilasi boshlig‘i bo‘lib, 1920-yildan Ibrohimbekning maslahatchisiga aylangandi. 1926-yil Afg‘onga o‘tgach, Ibrohimbek bilan Bachai Saqo tarafida Nodirxonga qarshi urush olib borgan. Alimardon dodho 1931-yil aprelda 200 odami bilan aholi oralab ommani jangga chaqiradi. 10-aprel kuni 18 soat davomida 81-kavpolk bilan shiddatli jang olib boradi. Kechga yaqin Jetimtovga chekinib, 13-aprel kuni Yabuga odam yuborib, aholidan ozuqa, ot-ulov va qurollar yig‘ishga odamlarini yuboradi.

Chapdan o‘ngga: GPU divizion komandiri Vasilyev Aleksandr Grigoryevich, ko‘ngillilar otryadi komandiri Sultonov Muqum, GPU tezkor guruhi boshlig‘i Valishev Abdulla Nugmanovich. Shu uch kishi Ibrohimbek Laqayni ushlash va hibsga olishda shaxsan ishtirok etgan.

Foto: Bahrom Irzayev

Ko‘kan to‘qsabo Kenjayev Hisor laqaylarining “Kurdek” qabilasi Jaqqa urug‘idan bo‘lgan va u Tutkovul qishlog‘ida tug‘ilgan. U 1926-yil Ibrohimbek bilan Afg‘onistonga o‘tadi. Ibrohimbek unga to‘qsabo unvonini berib, Chayab va Rustakga bek etib tayinlagandi. 1931-yil martida Tojikistonga kirib, 16-aprelgacha Nayzabuloq Mundaklar hududlarida Qizil armiya bilan urush olib borgan. Uning talonchi, bosqinchilar qo‘li ostida qolgan vatanda tirik yashagandan ko‘ra, janglarda o‘lganimiz yaxshi degan gapi mashhur edi.

Ko‘r Ortiq dodho Ashirov Baljuvon laqaylarining “To‘rto‘g‘il” urug‘idan. 1920-yilgacha 25 000 qo‘y, yuzlab ot, tuya va qora mollarga egalik qilgan Ortiq dodho Ashirov butun boyligini ozodlik kurashiga sarf etadi. 1931-yil 300 odami bilan Tojikiston hududiga kirib, Sassiqbuloq qishlog‘ida GPUning 3 odamini o‘ldirib, taslimchilikdan voz kechadi. So‘roqda “Ha, biz sovetlarning qudratini juda yaxshi bilar edik. Ammo hayot-mamot jangiga kirganimiz uchun ham eng so‘nggi kuchimiz qolgunicha kurash olib bordik”, degan edi.

Alyat polvon Elmirzayev laqaylarning “Dovud” urug‘idan bo‘lib, 1923–1926-yillari akasi Ismat bilan birga jang olib boradi. 1926-yil akasi vafot etgach, Ibrohimbek bilan Afg‘onistonga chekinadi. 1929-yil 5-oktabr kuni yigitlari bilan razvedka maqsadida sovetlar hududiga kiradi. Bir necha muvaffaqiyatli janglardan so‘ng 1930-yil Afg‘onistonga qaytadi. 1931-yil mart oyida 200 yigiti bilan Qizil armiyaga qarshi shiddatli janglar o‘tkazadi.

Yana bir laqay botiri Ko‘gan Sheraliyev edi. Sho‘rchi qishlog‘idan 34 yoshli Ko‘gan 1926-yil Afg‘onistonga chiqib ketib, yuz nafar yigiti bilan Ibrohimbekning shaxsiy qo‘riqlash xizmatida bo‘lgan. 1931-yil janglarda deyarli barcha yigiti shahid bo‘lgunicha jang olib borgan. Azim Marqa Ostonaqulov Ko‘ktosh laqaylarining “Marqa” urug‘i oqsoqoli, Ibrohimbekning yaqin odami edi. Shuningdek, Ibrohimbek qo‘shini tarkibida laqaylardan boshqa Buxoro Shayxul islomining o‘g‘li, taniqli eshonlardan Sulaymon Salohiddinov (Eshon sudur) ham bo‘lgan. U 1931-yil aprelda Amirdan ruxsat olib Ibrohimbekka maslahatchi sifatida Tojikiston hududiga kirgan. Tergovchining yoshingiz katta ekan. Qanday bu jangga rozi bo‘ldingiz, degan savoliga “Ha, sovetlar juda kuchli ekan. Balki, buyuk va qudratli sovet davlati, bir qari insonning xatosini kechirar?” deb javob beradi. Eshon Is’hoqxon Mansurxonov 1920-yil Buxoroni tark etib, 500 odami bilan Xurrambek yigitlari bilan birga harakatlangan. 1928-yil Afg‘onistonga o‘tib, Ibrohimbek uni shimoliy Bobotog‘ va Chayab viloyatlarining hokimi etib tayinlagan. 1931-yil aprelda 200 odami bilan kurasharkan, Hisorda sovetlarning samolyotdan qilgan hujumiga dosh beradi. Shohasan Imomqulov 1931-yil 17-aprelda 200 odami bilan 12 soatlik jangda uchuvchi Osyannikov, Makunina, texnik Sadkovlarni qo‘lga olib, shu jangda jami 17 nafar qizil askarni o‘ldirgan.

1932-yil 16-mart kuni Ibrohimbek Laqay boshliq 16 nafar safdoshiga nisbatan “1921–1926-yillar Sharqiy Buxoroda sovet hokimiyatiga qarshi kurash olib borgan, 1929-yil inglizlar topshirig‘i asosida shimolga yurish qilib, 1931-yil aprel oyida mingga yaqin yigitlari bilan TojSSR hududiga bostirib kirgan” deb, O‘zSSR JKning 58-, 60-moddalarini qo‘llab ayblov e’lon qilinadi. 1932-yil 13-aprel OGPU qoshidagi maxsus hay’at tomonidan Ibrohimbek Cho‘qaboyev, Sulaymon Salohiddinov (Eshon sudur), Abduqayum Parvonachi Udayev, Eshon Isoxon Mansurxonov, Alimardon dodho Muhammedov, Ko‘r Ortiq dodho Ashirov, Ko‘gan Kenjayev, Toshmat Xo‘jaberdiyev, Mullaniyoz Parvonachi Hakimov, Alyat polvon Elmirzayev, Shohasan Imomqulov, Ko‘ganbek Sheraliyev, Mulla Ahmadbiy Saidov, Mirza Qayumcherov, Azim Marqa Ostonaqulov, Eshonpolvon Bahodirzoda – jami 16 nafar kishiga oliy jazo (o‘lim) berildi. Mullaniyoz Parvonachi Hakimov tergov jarayonida halok bo‘ldi.

Shu zayl o‘n yil davomida Qizil armiyaga qarshi ayovsiz kurash olib borgan Ibrohimbek va uning safdoshlari 1932-yil 31-avgust kuni Toshkentda qatl qilinadi. Uning jasoratini nafaqat do‘stlari, balki Ibrohimbek bilan jang olib borgan dushmanlari ham tan olgan. O‘tgan yillar mobaynida “Laqaydan chiqqan Bonapart” – Ibrohimbekning xotirasiga ko‘plab maqolalar, asarlar yozildi. Yaqin kunlarda uning ham oqlangani haqidagi xabarni eshitib qolsak ajab emas.