So‘nggi yillarda malakali himoyachilar va darvozabonlarga bo‘lgan talab tobora kuchayib bormoqda. Kundan kunga murakkablashib borayotgan zamonaviy futbolda jamoalar ko‘p hollarda aynan mudofaa va darvoza chizig‘i vakillarining sustkashligi tufayli mag‘lubiyatga uchramoqda.

Kollaj: “Daryo” / Muhammadqodir Sobirov

Shu bois sifatli ijrochilarning transfer qiymati o‘sishda davom etmoqda va kelajakda ham ushbu tendensiyaning kuzatilishi tabiiy jarayon bo‘lib xizmat qiladi. Quyida dunyoning ayni paytdagi eng qimmat darvozabonlari haqida fikr yuritiladi.

Eduard Mendi

Yoshi: 29 da

Klubi: “Chelsi”

Transfer narxi: 25 million yevro

Foto: Twitter

So‘nggi paytlarda “Chelsi” darvozabonlar uchun mablag‘ ayagani yo‘q. 2018-yilning avgust oyida “ko‘klar” Kepa Arrisabalaga transferi uchun “Atletik B”ga 80 million yevro sarflagandi, ammo ushbu xarid yakunda o‘zini umuman oqlamadi. Kepa yo‘q deganda, har ikki o‘yinning birida “qovun tushirish”ni o‘ziga odat qilgandi. 2020-yil yozgi transferlar vaqtida London klubi rahbariyati ispaniyalik darvozabonning o‘rnini Eduard Mendi bilan to‘ldirishga qaror qildi. Mendining “aristokratlar” safiga ko‘chib o‘tishi 24 million yevroga tushdi. Mendi kutilganidek, darhol jamoaning asosiy darvozaboniga aylandi va Kepani zaxira o‘rindig‘iga mixlab qo‘ydi. U Premyer Ligadagi dastlabki 7 uchrashuvida atigi 2 ta gol o‘tkazib yuborgan bo‘lsa, Chempionlar Ligasidagi 8 o‘yinning 7 tasida darvozasi daxlsizligini saqlab qola oldi. Shu tariqa “ko‘klar”ning darvozabon borasidagi ikkinchi (va arzonroq) tanlovi muvaffaqiyatli bo‘lib chiqdi.

Andre Onana

Yoshi: 25 da

Klubi: “Ayaks”

Transfer narxi: 30 million yevro

Foto: Getty Images

Bir yil muqaddam Onanani “Barselona” va “Chelsi” o‘z safiga qo‘shib olish haqida bosh qotirayotgandi. Ammo hozirda futbolchi antidoping qoidalarini buzgani tufayli 12 oylik diskvalifikatsiya muddatini o‘tamoqda. Darvozabon 2022-yilning 5-fevraligacha UEFA bayrog‘i ostida o‘tadigan rasmiy o‘yinlarda ishtirok eta huquqidan mahrum etilgan. Tabiiyki, bu voqealar fonida Onana atrofidagi transfer mish-mishlari ham to‘xtadi. Ammo “Ayaks” diskvalifikatsiyaga qaramay, darvozabon bilan shartnomani uzaytirishga tayyorligini bildirgan. So‘nggi xabarlarga ko‘ra, tomonlar 2025-yilning iyunigacha mo‘ljallangan yangi shartnoma tuzishga yaqin turibdi. Niderland klubi o‘z tarbiyalanuvchisiga ishonmoqda, bunga uning ko‘rsatkichlari ham sabab bo‘la oladi. Taqiqqa qadar kamerunlik posbon barcha musobaqalarda 20 ta o‘yinda maydonga tushib, shundan 9 tasini (deyarli yarmini) “quruq” o‘tkazgandi.

Unai Simon

Yoshi: 23 da

Klubi: “Atletik”

Transfer narxi: 30 million yevro

Foto: Twitter

“Atletik” Kepaning transferidan yaxshigina summa ishlab oldi va uning o‘rnini darhol klub tarbiyalanuvchisi bilan to‘ldirdi. Bilbao klubining birinchi raqamli darvozaboni rolini Unai Simon egalladi. U o‘tgan 2019/20-yilgi mavsumda har bir o‘yinda o‘rtacha o‘tkazib yuborilgan gollar soni bo‘yicha La Ligada eng yaxshi uch darvozabonning biri bo‘ldi. Ushbu ko‘rsatkich bo‘yicha Unai Yan Oblak va Tibo Kurtuadan ortda qoldi, xolos. La Liganing 2020/21-yilgi birinchiligida ham Simonni yaxshi harakat qilmoqda deyish mumkin. To‘g‘ri, u o‘tgan yilga nisbatan ko‘proq gol o‘tkazib yuborib bo‘ldi, ammo uning holati Kepanikidan yaxshiroq ekaniga shubha yo‘q.

Voytsex Shchensni

Yoshi: 30 da

Klubi: “Yuventus”

Transfer summasi: 35 million yevro

Foto: Twitter

Faoliyati davomida “Arsenal” hamda “Roma”da o‘ynagan Shchensni hozirda “Yuventus”ning asosiy darvozaboni hisoblanadi. “Keksa sinyora” uchun polshalik posbon birinchi raqamli nomiga ideal nomzoddir, shuning uchun ham tomonlar 2020-yilda shartnomani yangilagan. Shchensni Turinda har tomonlama qo‘llab-quvvatlanadi, o‘z navbatida uning o‘zi ham bildirilgan ishonchni oqlashga harakat qilmoqda. 2020/21-yilgi mavsumda Voytsex barcha turnirlardagi 34 uchrashuvdan atigi 8 tasida darvozasi daxlsizligini saqlab qoldi, ammo hozirgi birinchilikda butun “Yuventus” qoniqarsiz natija qayd etmoqda. Shu sababli beqarorlikda butun jamoani ayblash mumkin. Polshalik posbon esa top-klubda o‘ynash bilan birga o‘z holatidan juda mamnun.

Ederson

Yoshi: 27 da

Klubi: “Manchester Siti”

Transfer summasi: 56 million yevro

Foto: Twitter

“Manchester Siti” mavsumni juda yaxshi o‘tkazmoqda. Bu butun jamoa, shu jumladan darvozabonning ham xizmatidir. Ederson Premyer Ligada 18 ta “quruq” o‘yin o‘tkazdi va “Oltin qo‘lqop” sohibiga aylandi. Bundan tashqari, joriy mavsum davomida braziliyalik hatto bitta golli uzatmani ham amalga oshirishga muvaffaq (bu uning faoliyatidagi uchinchi assist) bo‘ldi. “Manchester Siti” posboniga faqat havas qilish mumkin: barqaror va asosiy darvozabon, shuningdek, yana 4 yil amalda bo‘ladigan shartnoma. Xosep Gvardiola kamdan kam holatlarda ma’lum o‘yinchilarga bog‘lanib qoladi. Ammo Ederson o‘zining nimalarga qodir ekanligini isbotlab, ispaniyalik mutaxassis mexanizmidagi muhim element bo‘lib qolishda davom etmoqda.

Janluiji Donnarumma

Yoshi: 22 da

Klubi: “Milan”

Transfer narxi: 60 million yevro

Foto: Twitter

Donnarumma yosh bo‘lishiga qaramay, allaqachon tajribali darvozabonlar qatoriga kiradi. Donnaruma 22 yoshida “Milan” tarkibida 200 dan ortiq o‘yin o‘tkazgan va jamoaning vitse-sardori hisoblanadi. Ammo yana bir necha oy ichida Jiji “rossoneri” muxlislari uchun qahramondan asosiy dushmanga aylanishi mumkin. Gap shundaki, italiyalik “qizil-qoralar” taklif qilishi mumkin bo‘lganidan ancha ko‘proq narsani (pul nazarda tutilmoqda) talab qilib, muddati tugayotgan shartnomani uzaytirishdan bosh tortmoqda. Agar Donnarumma jamoani tark etadigan bo‘lsa, ko‘p yillar davomida “Milan” muxlislarining birinchi raqamli dushmaniga aylanishi hech gap emas. Biroq hozircha u ko‘hna klubning uzoq yillardan so‘ng ilk marta Chempionlar Ligasiga qaytishi uchun javlon urib kurashmoqda. Uning A Seriya doirasidagi 9 o‘yindan iborat bo‘lgan “quruq” seriyasi jamoa muvaffaqiyat qozonmagan taqdirda ham, o‘zi uchun ijobiy natija bo‘lib qolaveradi.

Alisson

Yoshi: 28 da

Klubi: “Liverpul”

Transfer summasi: 65 million yevro

Foto: AP

Alisson so‘nggi yillarda Virjil van Deyk bilan birga “Liverpul”ning asosiy figuralaridan biriga aylandi. Ushbu futbolchilar kelishi bilan “qizillar” mudofaa chizig‘ini kuchaytirib oldi va sezilarli darajada kam gol o‘tkazib yuborishni boshladi. Bu o‘z navbatida, mersisaydliklarga Chempionlar Ligasi va Angliya Premyer Ligasida g‘olib bo‘lishga imkon yaratdi. Ammo joriy mavsumda “Liverpul”ning ishlarini yaxshi deb bo‘lmaydi. Van Deyk va bir qator boshqa himoyachilar jarohat tufayli mavsumning katta qismini o‘tkazib yubordi, ehtimol, aynan shu omillar tufayli Alisson ham barqaror o‘yin ko‘rsata olmayotgandir. Biroq “qizillar” van Deyk bilan bir qatorda Alissonga ishonishdan to‘xtagani yo‘q. Bundan tashqari, braziliyalik posbon hamon transfer bozorida katta obro‘ga ega. Hech shubha yo‘qki, Alisson kamida yana bir necha yil davomida “Liverpul”ning asosiy darvozaboni bo‘lib qoladi.

Mark-Andre ter Shtegen

Yoshi: 28 da

Klubi: “Barselona”

Transfer summasi: 75 million yevro

Foto: Eurosport

“Barselona” Ter Shtegenning faoliyatidagi ikkinchi klub hisoblanadi. 2014-yilning iyul oyida kataloniyaliklar germaniyalik futbolchini “Borussiya M”dan 12 million yevro evaziga sotib olgan. Hozir esa u dunyoning eng qimmat darvozabonlaridan biridir. Orada bir qancha grand klublar taniqli darvozabonni o‘z safiga jalb qilib ko‘rdi, ammo kataloniyaliklar uni qo‘yib yuborish haqida o‘ylab ham ko‘rmadi. Avvalroq tomonlar shartnomani 2025-yilning yoziga qadar uzaytirdi. Ter Shtegen “ko‘k-anorranglilar”ning uzoq muddatda umid bog‘lagan futbolchilari sirasiga kiradi. Nemis 2020/21-yilgi mavsumda avvalgilariga nisbatan ko‘proq gol o‘tkazib yuborayotganiga qaramay, baribir o‘z pozitsiyasida eng yaxshilardan biri bo‘lishda davom etmoqda.

Tibo Kurtua

Yoshi: 28 da

Klubi: “Real”

Transfer summasi: 75 million yevro

Foto: Twitter

Kurtua o‘zini eng yaxshi darvozabonlar qatoriga qo‘shib kelgani uchun ko‘p hollarda tanqidlarga uchraydi. Ammo tan olish kerak, belgiyalik vaziyatni real baholamoqda. Ha, u 2020/21-yilgi mavsumda ko‘p gol o‘tkazib yubormoqda, ammo “Qirollik klubi”ning asosiy darvozaboni shu bilan birga jamoani muhim uchrashuvlarda ham qutqarib kelmoqda, ba’zida esa aql bovar qilmas seyvlarni ham amalga oshirdi. Aynan Kurtuaning yordami bilan madridliklar La Liga chempionlik poygasida qatnashmoqda va Chempionlar Ligasida yarim finalga qadar yetib bordi. Bundan 3 yil oldin “Real” darvozabon uchun “Chelsi”ga 35 million yevro to‘lagandi. Tibo bu pullarni to‘laligicha oqladi deb bemalol aytish mumkin, buni uning hozirgi transfer narxi ham tasdiqlab turibdi.

Yan Oblak

Yoshi: 28 da

Klubi: “Atletiko”

Transfer summasi: 90 million yevro

Foto: Marca

Oblak ayni paytda dunyoning eng qimmat darvozaboni hisoblanadi. Sloveniyalik ko‘p yillar davomida o‘z pozitsiyasining eng yaxshi va eng qimmat vakili bo‘lib kelmoqda. Bundan 7 yil oldin “Atletiko”ga o‘tgan Oblak hali bir mavsum davomida o‘rtacha har bir o‘yinda 0,70 dan ortiq gol o‘tkazib yuborgani yo‘q. Bu shunchaki aql bovar qilmas natijadir. Joriy mavsumda u La Ligada 30 dan ortiq o‘yin o‘tkazib, shundan 15 tasida darvozasi daxlsizligini saqlab qoldi. Oblak “Atletiko”ning La Liga jadvalida birinchi o‘rinni ushlab qolishi uchun qo‘lidan kelganicha harakat qilmoqda. Mavsumning katta qismi davomida peshqadamlik qilib kelgan “matraschilar” agar muvaffaqiyatsizlikka uchrasa, bu futbolchilar uchun kuchli zarba bo‘lishi aniq. Tabiiyki, klub bilan shartnomasi yana 2 yil amalda bo‘ladigan Yan kelajagi haqida jiddiyroq o‘ylashga majbur bo‘ladi. Boisi bunday darajadagi darvozabon sovrinsiz qolib ketishi shunchaki adolatsizlik bo‘lardi.

Yanada ko‘proq futbol va sport yangiliklaridan boxabar bo‘lishni istasangiz, “Daryo”ning Telegram’dagi rasmiy sport kanali — @Daryo_Sport24’ga obuna bo‘ling!