Misr xaritasida yangi, shu bilan birga, shunchaki besh yulduzli bo‘lmagan mehmonxona Rixos Premium Magawish Suites & Villas paydo bo‘ldi. Xurgadada joylashgan mazkur maskanning oynalaridan go‘zal dengiz manzarasini ko‘rish mumkin.

Shahar o‘rtasida barpo etilgan hashamatli mehmonxona eng didi nozik mijozning ham talabiga javob bera oladi. Uning suratlariga nazar tashlab, mehmonxona nomer fondining naqadar xilma-xil ekanini bilish mumkin.


Tashrif buyurgan mehmon xohishiga ko‘ra syut (bir nechta xonani o‘z ichiga oladigan, qulaylikka ega nomer) yoki villalarni tanlashi mumkin. To‘g‘ridan to‘g‘ri hovuzga chiqish mumkin bo‘lgan va qirollik uslubida bezatilgan xonalar shular jumlasidan.



Lyuks toifasidagi Lagoon Swim-up Suites o‘z bog‘i, hovuzi borligi va dengiz manzarasining ko‘rinib turishi bilan o‘ziga xos. Sayyoh va mehmonlarning har biri bu yerda o‘z xohishiga ko‘ra ko‘ngil yozishi mumkin. 30 ta hovuz va uzunligi 1 kilometrni tashkil etadigan plyaj dam oluvchilar ixtiyorida bo‘ladi. Bundan tashqari, spa-muolajalari, otda sayr qilish mumkinligi ham mehmonxonaning afzalliklari sirasiga kiradi.


Bolalar bilan dam olib bo‘lmaydi deb o‘ylovchilar fikri u yerga borgandan keyin o‘zgarishi aniq. Bolalar uchun mo‘ljallangan Rixy Club’da kichkintoylar kun bo‘yi turli mashg‘ulotlar bilan shug‘ullanishi, zavq olishi mumkin. Jismoniy faol bo‘lishni yoqtiruvchilar uchun ham o‘ziga yarasha qulayliklar bor. Hududda yoga va boshqa sport turlari bilan shug‘ullanish, yugurish uchun alohida maydon mavjud.










