Gonkong aeroportida 8 metrli malla mushuk paydo bo‘ldi — u quloqlarini qimirlatib, xurillaydi
Ushbu art-obyekt uzoq parvozlardan so‘ng sayohatchilardagi stressni yengillashtirish maqsadida 1-terminalning uchib kelish zaliga o‘rnatildi. Installyatsiya u yerda 2-maygacha turadi.
1 daqiqa o‘qish102 699 ko‘rishlar0 izoh96
Gonkong xalqaro aeroportida g‘ayrioddiy Pasxa installyatsiyasi — ulkan malla mushuk paydo bo‘ldi. “Miyovlash vaqti” (A Moment to Purr) deb nomlangan ushbu art-obyekt uzoq parvozlardan so‘ng sayohatchilardagi stressni yengillashtirish maqsadida 1-terminalning uchib kelish zaliga o‘rnatildi. Installyatsiya u yerda 2-maygacha turadi.
Mushukning uzunligi sakkiz metr, bo‘yi esa uch yarim metrga yetadi. Bu shunchaki qotib turgan haykal emas: u quloqlari, panjalari va dumini qimirlatadi, yashirin karnaylardan esa mayin xurillash eshitilib turadi.
Mushukning yoniga raqamli ekran o‘rnatilgan bo‘lib, tashrif buyuruvchilar u orqali jonivorni virtual tarzda boqishi yoki erkalashi mumkin. Odamlarning harakatlariga javoban installyatsiya ham harakat bilan javob qaytaradi.
Bayram ramzining bunday g‘ayrioddiy tanlanishi hukumatning “mushuk iqtisodiyoti”ni rivojlantirishdan manfaatdorligi bilan izohlanadi. Bu yil Gonkong odatiy Pasxa quyonchasi o‘rniga odamlarni birlashtiruvchi universal vosita sifatida mushuklarga e’tibor qaratdi.
Foto: Videodan kadr
Loyiha faqat aeroport bilangina cheklanib qolmadi: mushuklar tasvirlangan ulkan sharlar va devoriy suratlar shaharning boshqa tumanlarini ham bezadi.
Toshkent viloyati Yangiyo‘l tumanida tug‘ilganman. Hozirda Alisher Navoiy nomidagi davlat Adabiyot muzeyida tayanch doktorantura (PhD)da o‘qiyman. “Daryo”da 2018-yildan beri musahhih va muxbir lavozimida ishlayman.
Sevib o‘qiydigan kitoblarim juda ham ko‘p: Nodar Dumbadze “Abadiyat qonuni”, Harper Li “Mazaxchining o‘ldirilishi”, Gabriel Garsia Markes “Yolg‘izlikning yuz yili”, Chingiz Aytmatov “Kassandra tamg‘asi”, Mixail Bulgakov “Usta va Margarita”, O‘tkir Hoshimov “Ikki eshik orasi”, Ulug‘bek Hamdam “Sabo va Samandar”...
Sevimli filmlarim ham turli janrda: DiKaprio ishtirokidagi “Ibtido” va “La’natlanganlar oroli”, “Shoushenkdan qochish”, “Yo‘-yo‘l pijamali bolakay”, “Ameli”, “Qotillikni xotirlab”. Bundan tashqari, Hayao Miyazakining animelari jon-u dilim.