Germaniya poytaxti Berlin sayyohlar uchun yangi dasturni ishga tushirmoqda. Ushbu dastur orqali bepul chiptalar, chegirmalar va hatto tansiq taomlarni qo‘lga kiritish mumkin, biroq buning uchun ekologik tashabbuslarga qo‘shilish talab etiladi, deb yozadi The Sun nashri.
Shaharda sayyohlarni dam olish vaqtida mas’uliyatli bo‘lishga undovchi BerlinPay sxemasini joriy etish rejalashtirilmoqda. Xususan, sayyohlar ijtimoiy loyihalarda qatnashgani, hatto axlat tergani uchun bonuslar olishi mumkin bo‘ladi.
Dastur ishtirokchilariga turli mukofotlar — muzey va restoranlardagi imtiyozlardan tortib, maxsus ekskursiyalar va shahardagi betakror taassurotlargacha va’da qilinmoqda. Tashabbus 2026-yilning yozida boshlanadi.

Bu yil suv turizmiga alohida e’tibor qaratiladi. Loyiha suv resurslarini asrash va atrof-muhit musaffoligini saqlashga e’tiborni jalb qilish maqsadida shahar tuzilmalari bilan hamkorlikda amalga oshiriladi.
Qayd etilishicha, shunga o‘xshash tashabbus Kopengagenda ham muvaffaqiyatli yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, u yerda sayyohlarga ekologik faollik evaziga velosipedlarni bepul ijaraga olish va qayiqlarda sayr qilish imkoniyati taqdim etilgan.
Bundan avval sayyohlarga ma’lum shartlar asosida Gretsiyada 1 oy bepul yashash taklif qilingandi.








