Sog‘liqni saqlash vaziri o‘rinbosari – Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati boshlig‘i, bosh davlat sanitariya vrachi Bahodir Yusupaliyev 3-may kuni koronavirus infeksiyasiga qarshi ZF-UZ-VAC2001 vaksinasi bilan emlandi. Bu haqda vazirlik matbuot xizmati xabar qildi.

Foto: Sog‘liqni saqlash vazirligi

“Aholini ommaviy emlash jarayonlari bosqichma-bosqich amalga oshirilmoqda. Mana, men ham koronavirusga qarshi vaksina bilan emlandim. Bu bilan o‘zim, oila a’zolarimning salomatligini himoya qilishim mumkin”, – dedi Bahodir Yusupaliyev.

Ayni paytgacha O‘zbekistonda virusga qarshi emlangan fuqarolar soni 856 016 nafarga yetdi.

Eslatib o‘tamiz, 1-maydan O‘zbekistonda vaksinatsiyaning ikkinchi oyi boshlandi. Vaksinatsiyaning birinchi bosqichi 1-apreldan boshlangandi. Dastlabki bosqichda 65 yoshdan kattalar, surunkali kasalligi borlar, tibbiyot va ta’lim muassasalari (maktab va bog‘cha) xodimlari, shuningdek, huquq-tartibot organlari vakillari emlangandi.

Ikkinchi bosqichda emlanadiganlar:

  • jurnalistlar, blogerlar va OAV vakillari;
  • jamoat transporti xodimlari (metropoliten, temiryo‘l, aeroport xodimlari);
  • xorijda o‘qiydigan talabalar,
  • mehnat muhojirlari.

Emlash tadbirlari 1-apreldan viloyatlar markazlari va katta shaharlardan boshlangandi. May oyida emlash tadbirlari tuman markazlari va kichik shaharlarda amalga oshiriladi. Iyun oyida esa boshqa aholi qatlami emlanadi.