Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy rossiyalik hamkasbi Vladimir Putinning muzokaralar uchun Moskvaga kelish taklifini qabul qilmaydi. Bu haqda Ukraina bosh vazirining o‘rinbosari, vaqtincha bosib olingan hududlar masalalari vaziri Aleksey Reznikov ma’lum qildi, deb yozmoqda “RBK”.

Aleksey Reznikov.

Foto: “RIA Novosti”

Siyosatchining so‘zlariga ko‘ra, Zelenskiy Rossiya bilan birinchi navbatda Donbassdagi harbiy harakatlarni to‘xtatish va Rossiya harbiylarini u yerdan olib chiqish, faqat shundan keyingina o‘zaro munosabatlarning tiklanishi haqida gaplashadi. Ammo Reznikov bu uchrashuv Moskvada bo‘lib o‘tmasligini ma’lum qildi.

“Urush paytida prezident poytaxtga borib, tajovuzkor mamlakat vakili bo‘lgan odam bilan uchrasha olmaydi. Menimcha, bu biroz g‘alati taklif”, — dedi vazir o‘rinbosari. Reznikovning fikriga ko‘ra, bunday uchrashuv to‘rt mamlakat yetakchilari ishtirokidagi (Ukraina, Rossiya, Fransiya, Germaniya) “normandcha format” doirasida o‘tkazilishi kerak.

20-aprel kuni Zelenskiy Putinga Ukrainaning Donbassidagi urush ketayotgan istalgan joyida uchrashishni taklif qildi. Putin bunga javoban, agar Ukraina prezidenti Donbass muammosini muhokama qilmoqchi bo‘lsa, avval u Donetsk va Lugansk Xalq Respublikalarining rahbarlari bilan uchrashishi kerakligini va shundan keyingina uchinchi tomon sifatida Rossiya rahbariyati bilan uchrashishi mumkinligini aytdi. Shuningdek, u Rossiya tomonining Ukraina bilan ikki mamlakat o‘rtasidagi munosabatlar haqida gaplashishga tayyorligini aytdi va Zelenskiyni “o‘ziga qulay bo‘lgan istalgan vaqtda” Moskvaga kelishga taklif qildi.

Zelenskiyning idorasi Ukraina prezidentining ushbu taklifga javob qaytarishiga va’da berdi. “Muxolifatchi platforma — Hayot uchun” partiyasining Oliy radadagi deputati, Ukraina bosh prokurorining o‘rinbosari va Ukraina Milliy xavfsizlik va mudofaa kengashi kotibi Renat Kuzmin Vladimir Zelenskiyga taklifni qabul qilishni maslahat berdi va shundagina davlat rahbari Donbassda tinchlik o‘rnatish, iqtisodiyotni tiklash va “mamlakatga qonun va tartibni qaytarish” imkoniyatiga ega bo‘lishini aytdi.

22-aprel kuni Donetsk Xalq Respublikasi (DXR) rahbari Denis Pushilin va Lugansk Xalq Respublikasi (LXR) rahbari Leonid Pasechnik Donbassning istalgan nuqtasida Zelenskiy bilan “samimiy va ochiq suhbat uchun” uchrashishga tayyorligini e’lon qildi. Lekin Ukraina prezidenti idorasi rahbarining maslahatchisi Aleksey Arestovich “DXR va LXR bilan hech qanday muzokaralar bo‘lmaydi va bo‘lishi ham mumkin emas” deb aytdi.

Ma’lumot uchun, Bayden va Angela Merkel Rossiyani Ukraina bilan chegaradagi qo‘shinlarini olib ketishga chaqirdi. Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy Rossiyani “jilovlash”da Baydendan yordam so‘radi. Kreml esa Rossiya va Ukraina o‘rtasidagi urush ehtimolini istisno qildi.