Toshkentning Sergeli tumanidagi Sa’diy ko‘chasida joylashgan polietilen mahsulotlarini ishlab chiqaruvchi sexda yong‘in sodir bo‘ldi, deb xabar beradi FVV matbuot xizmati. Yong‘in to‘g‘risidagi xabar FVV navbatchi qismiga 15-aprel soat 23:08 da kelib tushgan.

Foto: FVV matbuot xizmati

Ma’lumotlarga ko‘ra, voqea joyida 12 ta o‘t o‘chirish va qutqaruv brigadalari zudlik bilan yetib borgan. Dastlabki hisob-kitoblar bo‘yicha korxonaning 1000 kvadrat metrga yaqin maydoni olov ichida qolgan.

16-aprel kuni soat taxminan 00:10 larda olov qurshab olingan va 02:05 da to‘liq o‘chirilgan.

Jabrlanganlar yoki halok bo‘lganlar haqida hozircha ma’lumot yo‘q. “Vaziyat FVV mutaxassislari nazorati ostida”, — deyiladi xabarda.

Avvalroq Toshkent va Zangiotadagi ishlab chiqarish sexlarida yong‘in sodir bo‘lgani, Sirdaryodagi o‘rmon xo‘jaligining salkam 150 gektar maydoni yonib ketgani, Kattaqo‘rg‘ondagi restoranlarning birida yong‘in sodir bo‘lgani haqida xabar berilgan edi.