Milliarder Ilon Mask koronavirusga qarshi vaksinalarni qo‘llab-quvvatlashini aytdi. Lekin u avvalroq virusga qarshi emlanmasligini ma’lum qilgan edi, deb yozmoqda “RIA Novosti”.

Foto: AFP

2020-yilning sentabr oyida The New York Times gazetasining Sway podkastida Ilon Mask vaksinalar chiqarilgach, o‘zi va oilasining koronavirusga qarshi emlanmasligini aytgan edi. Mask koronavirusning unga va farzandlariga xavf solmayotganini ta’kidlagan, lekin 2020-yil u koronavirus infeksiyasi bilan kasallangan.

“Aniqlik kiritmoqchiman, men vaksinalarni to‘liq, koronavirus vaksinalarini esa qisman qo‘llab-quvvatlayman. Ilm-fanning asosi aniq. Faqat ba’zi hollarda allergik ta’sirlar paydo bo‘ladi, lekin buni EpiPen (inyeksiya) yordamida oson hal etish mumkin”, — deb yozgan Mask o‘zining Twitter sahifasida.

Avvalroq Mask AQShda COVID-19 pandemiyasi sababli qo‘yilgan cheklov choralarini muddatidan oldin bekor qilishga chaqiruvchi bir qator bayonotlar berdi va koronavirusga nisbatan vahima qilishni ahmoqlik deb atagandi.

Ilon Mask Endeavor Group holding direktorlar kengashiga nomzod qilib ko‘rsatilgani va Tesla mahsulotlari uchun bitkoinlar bilan to‘lash imkoniyatini qo‘shgani haqida xabar berilgan edi.