Shavkat Mirziyoyev 8-aprel kuni videoselektor yig‘ilishi o‘tkazib, kichik va o‘rta biznesni qo‘llab-quvvatlash hamda aholi bandligini ta’minlash dasturini amalga oshirish choralarini tanqidiy ko‘rib chiqishi kutilmoqda. Bu haqda “Daryo” manbasi ma’lum qildi.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Ta’kidlanishicha, 2020-yilda kichik biznes subyektlariga davlat tomonidan kreditlar va moliyaviy yordam ko‘rinishida qariyb 120 trillion so‘m ajratilgan. Buning natijasida pandemiyadan zarar ko‘rgan 104 mingta korxona faoliyatini qayta tiklash hamda xususiy korxonalarning aylanma mablag‘larini 33 foizga oshirishga erishildi.

Lekin, ayrim viloyatlarda bu borada olib borilayotgan ishlar biznes va hukumatning talablariga javob bermayapti. Shu sababli, manbaning qayd etishicha, Prezident qator turli darajadagi rahbarlarni ishdan olishi kutilmoqda. Bundan tashqari, davlat rahbari tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash va fuqarolarni ish bilan ta’minlash bo‘yicha yangi chora-tadbirlarni belgilab beradi.

Eslatib o‘tamiz, Shavkat Mirziyoyev 1-aprel kuni bo‘lib o‘tgan videoselektor yig‘ilishida sog‘liqni saqlash sohasidagi korrupsiya holatlariga to‘xtalib o‘tib, ushbu sohada 30 milliard so‘mdan ortiq mablag‘ talon-toroj qilinganini aytgandi. Prezident fevral oyida “Yoshlarni qo‘llab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yili” davlat dasturi ijrosini samarali tashkil etish masalalari yuzasidan o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida dasturdan asosiy maqsad qog‘oz yoki hisobot emas, balki odamlar hayotida ijobiy o‘zgarishlar qilish ekanligini ta’kidlagan.