Elektromobillar ishlab chiqaruvchi Tesla kompaniyasi 2020-yilning to‘rtinchi choragida 270 million, yil davomida esa jami 721 million dollar sof foyda ko‘rganini ma’lum qildi, deb yozmoqda Meduza.

Foto: The Verge

Tesla o‘z tarixida birinchi marta yil davomida zarar ko‘rmadi. Taqqoslash uchun, kompaniya 2019-yilda 862 million dollar miqdorida sof zararni qayd etgan.

2019-yilning to‘rtinchi choragida kompaniyaning daromadi 10,74 milliard dollarni tashkil etgan. Butun yil davomidagi jami tushumi 31,5 milliard dollar bo‘lgan.

Biroq xabarga ko‘ra, 2020-yilning to‘rtinchi choragidagi natijalar investorlarning umidini oqlamadi, bundan tashqari, kompaniya 2021-yil uchun avtomobillarni yetkazib berish bo‘yicha aniq maqsadni taqdim etmadi.

Oqibatda Tesla aksiyalari 5 foizga tushdi va Tesla asoschisi Ilon Maskning boyligi — Forbes ma’lumotlariga ko‘ra — 3,7 milliard dollarga kamayib, 186,6 milliard dollarni tashkil qildi, Bloomberg reytingiga ko‘ra — 4,3 milliard dollarga kamayib, 206 milliard dollarga teng bo‘ldi.

So‘nggi 12 oy ichida Tesla aksiyalari deyarli 700 foizga o‘sdi va Ilon Mask bir muncha vaqt sayyoramizning eng boy odamiga aylandi.

Mask dunyodagi eng boy odamlar ro‘yxatida Bezosni ortda qoldirgandan so‘ng u o‘zining Twitter’dagi sahifasida mahkamlangan postni o‘zgartirib, 2018-yilda o‘z boyligining yarmini Marsda shahar qurishga yo‘naltirishga va’da bergan postini qayta joylagan. Maskning o‘zi Marsni mustamlaka qilish uchun barcha mol-mulkini sotishga qaror qilganini aytgan. “Aslida, menda kompaniyaning aksiyalaridan tashqari pul qiymatidagi mulkim deyarli qolmaydi”, — degan u. Avvalroq Mask 2050-yilga qadar Marsda 1 million aholisi bo‘lgan shahar qurishni rejalashtirganini aytgandi.