Samarqand viloyati Jomboy tumanida ko‘ngilxushlik qilish uchun chaqirilgan 2 nafar qiz mezbon o‘smirning uxlab qolganidan foydalanib o‘g‘rilik sodir etgan. Bu haqda Zo‘r TV telekanalining “Bu kun” dasturida ma’lum qilindi.
Ma’lum qilinishicha, ota-onasi yo‘qligidan foydalangan o‘g‘il 2020-yil 16-oktabr kuni kechasi 2 nafar qiz bilan “romantik oqshom” o‘tkazish maqsadida ularni yashash uyiga olib kelgan.
O‘smir uxlab qolganidan foydalangan qizlar uydagi 15 million so‘mlik tilla taqinchoqlar, 1300 dollar miqdoridagi pullarni o‘g‘rilab ketgan.
Hodisadan bexabar ona tuman IIBga o‘g‘rilik sodir bo‘lgani haqida murojaat qilgan.
“ ‘Sayoq yursang, tayoq yeysan’, degani rost ekan. Men bir romantik oqshom qilmoqchi edim. Burnimdan chiqdi. Tengqurlarimga tinchgina yurishlarini maslahat beraman. Oqshomni yaxshi o‘tkazaman deb, el-yurt oldida sharmanda bo‘ldim”, — deydi o‘smir.
Qizlarga nisbatan Jinoyat kodeksining 169-moddasi (o‘g‘rilik) 2-qismi “v” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Avvalroq Shayxontohurdagi masjidga kelgan fuqaroning 5 400 dollarini o‘g‘irlab ketgan shaxs qo‘lga olingani, Oloy bozoridagi do‘kondan 50 mln so‘mlik zargarlik buyumlarini o‘g‘irlagan yigitlar Denovda ushlangani to‘g‘risida xabar berilgandi.